Logo

O‘zbekiston yarim yilda mayizdan 60 million dollar daromad oldi

Bugun 19:201 daqiqa

O‘zbek mayizi 57 ta xorijiy davlatga, jumladan, Braziliya va Germaniyaga sotilgan.

O‘zbekiston yarim yilda mayizdan 60 million dollar daromad oldi

2026 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston 57 ta xorijiy davlatga qiymati 60 mln AQSH dollariga teng bo‘lgan 47,7 ming tonna mayiz eksport qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 704,5 tonnaga oshgan.

Asosiy bozorlar

O‘zbekiston mayizining eng yirik xaridori Qozog‘iston bo‘lgan. Ushbu mamlakatga 15,2 ming tonna mayiz yetkazib berilgan. Keyingi o‘rinlarda Xitoy — 6 ming tonna, Rossiya — 5,6 ming tonna va Turkiya — 3,9 ming tonna bilan qayd etilgan.

Shuningdek, Eronga 1,7 ming tonna, Ukrainaga 1,6 ming tonna, Ozarboyjonga 1,4 ming tonna mayiz eksport qilingan. Gruziya esa 1,2 ming tonna mahsulot xarid qilgan.

Birlashgan Arab Amirliklariga 1,1 ming tonna, Germaniyaga 1 ming tonna, Braziliyaga esa 994,2 tonna mayiz yetkazib berilgan. Qolgan davlatlar hissasi 8 ming tonnani tashkil qilgan.

Eksport geografiyasi O‘zbekiston mayizi nafaqat Markaziy Osiyo va yaqin bozorlarga, balki Yevropa, Osiyo va Lotin Amerikasi davlatlariga ham chiqarilayotganini ko‘rsatadi.

Dunyoda yettinchi o‘rin


BMTning «Comtrade» ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekiston 53 ming tonna mayiz eksport qilgan va hajm bo‘yicha dunyoda yettinchi o‘rinni egallagan.

2024 yilda mayiz eksporti bo‘yicha yetakchi davlatlar:

Turkiya — 205,9 ming tonna;
JAR — 81,7 ming tonna;
Xitoy — 76,4 ming tonna;
Chili — 59,1 ming tonna;
Hindiston — 55,6 ming tonna;
AQSH — 53,7 ming tonna;
O‘zbekiston — 53,0 ming tonna;
Argentina — 38,5 ming tonna;
Gretsiya — 15,6 ming tonna;
Niderlandiya — 12,7 ming tonna.

Teglar

Mavzuga oid