O‘zbekistonda «10 ming qadam piyoda» aksiyasi qayta tiklanadi
Respublika bo‘yicha eng ko‘p qadam yurib 1–3-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Lekin ayrim holatlarda qadamlar hisobga o‘tmaydi. Aksiyani rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
© Ijtimoiy tarmoqlar«O‘n ming qadam piyoda» aksiyasini amalga oshirish va rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. U 13-noyabrgacha davom etadi.
Ushbu nizom «Ekofaol fuqaro» platformasi orqali aksiyani amalga oshirish va rag‘batlantirish tartibini belgilaydi. Hujjatning amal qilishi davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat muassasalari, davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, nodavlat tashkilotlari vakillari hamda fuqarolarning ixtiyoriy ishtirokiga nisbatan, shuningdek, faqat O‘zbekistonning 18 yosh va undan yuqori yoshdagi fuqarosiga nisbatan tatbiq etiladi.
Maqsad aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, piyoda yurish madaniyatini rivojlantirish, fuqarolarning kundalik jismoniy faolligini oshirish, yashil hududlar va jamoat maskanlaridan samarali foydalanishni rag‘batlantirish, raqamli texnologiyalar orqali sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Bunda mobil ilova orqali platformada ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarning qadamlari to‘g‘risidagi ma’lumot veb-portalga integratsiya qilingan holda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan ko‘rib boriladi.
Ishtirokchilarni rag‘batlantirish hamda reyting baholash qonuniylik, ixtiyoriylik, oshkoralik, xolislik, adolatlilik, tenglik, shaffoflik va shaxsga doir ma’lumotlarning himoya qilinishi prinsiplari asosida amalga oshiriladi. Respublika bo‘yicha eng ko‘p qadam yurib 1–3-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Bunda O‘zbekiston hududida bir yil mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar bo‘yicha yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar alohida, respublika bo‘yicha 1–3-o‘rinlar alohida aniqlanadi.
Muvofiqlashtirish natijalariga ko‘ra, aksiyada g‘olib va sovrindor bo‘lgan fuqarolar har yilning dekabr oyining uchinchi dekadasida bir yilda bir marta Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Belgilangan tartibni buzgan (buzishda gumon qilingan) fuqarolarning akkauntiga cheklovlar (vaqtincha cheklovlar) o‘rnatiladi va platformada aldov yo‘li bilan g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar diskvalifikatsiya qilinadi.
Quyidagilar nizom talablarini platforma orqali buzish hisoblanadi:
boshqa shaxsning akkauntidan foydalanish;
elektron yugurish yo‘lagi, avtulov, samokat, velosiped, skuterlar va boshqa texnika vositalaridan foydalanish;
texnik vositalar yordamida sun’iy ravishda qadamlarni ko‘paytirish;
platforma faoliyatiga noqonuniy aralashish.
Operator quyidagi hollarda ishtirokchi natijalarini tekshirish huquqiga ega:
g‘ayritabiiy yuqori ko‘rsatkichlar aniqlanganda;
sun’iy intellekt yoki avtomatlashtirilgan dasturlardan foydalanish alomatlari mavjud bo‘lganda;
boshqa ishtirokchilarning murojaatlari kelib tushganda;
texnik nosozliklar kuzatilganda.
O‘zi bu aksiya qachon paydo bo‘lgan?
Ilk marta 2021-yil 1-iyunda «Sog‘lom turmush tarzi» — «1hls.uz» platformasi ishga tushirilib, 10 ming qadam yurganlarga 3000 so‘mdan pul to‘lash yo‘lga qo‘yilgandi. Maqsad aholi orasida kunlik yurish va yugurishni ommalashtirish edi. Ammo loyiha oradan 1 yil o‘tib, prezidentning 2022-yil 6-apreldagi farmoni bilan bekor qilindi. Prezidentning 2026-yil 25-martdagi «Eko-madaniyat» umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorida 10 ming qadam piyoda yurish tajribasini qayta tiklash belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «10 ming qadam piyoda» tashabbusi qayta tiklanishi rejalashtirilayotgani haqida yozgan edik.





