Logo

O‘zbekistonda ayrim yuk mashinalari importi boj va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilindi

Bugun 14:212 daqiqa

2027-yil oxirigacha ayrim yuk avtomobillari va yarim tirkamalarini olib kirishda bojxona boji hamda utilizatsiya yig‘imi undirilmaydi.

O‘zbekistonda ayrim yuk mashinalari importi boj va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilindi © cannonlogistics.com.au

Prezident avtomobil transportida yuk tashuvlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.

Hujjatga muvofiq, respublikadagi yuk avtomobillari parkini yangilash va modernizatsiya qilish maqsadida 2027-yil 31-dekabrgacha ishlab chiqarilganiga besh yildan oshmagan ayrim yuk transport vositalari importida bojxona boji hamda utilizatsiya yig‘imining nol stavkalari qo‘llaniladi.

Imtiyozlar «Yevro-5» va undan yuqori ekologik standartlarga javob beradigan yuk avtomobillari, tortuvchi transport vositalari, shuningdek to‘la vazni 15 tonnadan ortiq yoki yukxonasining ichki hajmi kamida 76 kub metr bo‘lgan yarim tirkamalarga tatbiq etiladi.

Imtiyozlar qaysi holatda bekor qilinadi


Qarorda imtiyozlarni saqlab qolish shartlari ham belgilangan. Agar imtiyoz asosida import qilingan transport vositasi bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tgan kundan e’tiboran uch yil ichida eksport qilinsa, imtiyozlar bekor qilinadi.

Shuningdek, transport vositasi yoqilg‘i turini o‘zgartirishdan tashqari maqsadlarda qayta jihozlanib, uning TIF TN kodi o‘zgarsa ham berilgan yengilliklar amal qilmaydi. Bunday hollarda importchi tegishli bojxona to‘lovlari va utilizatsiya yig‘imini belgilangan tartibda to‘lashi lozim.

Sertifikatlash ham yengillashadi

Qaror Yevropa standartlariga mos yuk avtomobillari va yarim tirkamalar importi uchun yana bir yengillikni ham nazarda tutadi. Unga ko‘ra, mazkur transport vositalarini majburiy sertifikatlashdan vaqtincha ozod etish bo‘yicha alohida hukumat qarori qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq import qilinadigan asosiy sanoat xomashyolari uchun bojxona imtiyozlari 2027 yilgacha uzaytirilganligi haqida ma’lumot berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid