O‘zbekistonda bog‘larga tashriflar 27 millionga yetdi: Odamlar qayerda ko‘proq hordiq chiqarmoqda?
Statistika mamlakatda istirohat bog‘lariga bo‘lgan qiziqish sezilarli darajada oshganini ko‘rsatdi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1-yanvar holatiga O‘zbekistonda 161 ta madaniyat va istirohat bog‘i faoliyat yuritgan.
Ularning soni 2024 yilga nisbatan 25 taga ko‘paygan. Mamlakatdagi madaniyat va istirohat bog‘larining umumiy maydoni 1,8 ming gektarni tashkil etgan.
2025 yil davomida ushbu bog‘larga 27 million tashrif qayd etilgan. Bu 2024 yildagi ko‘rsatkichdan 3,2 milliontaga ko‘p. Tashriflar o‘sishi aholi va sayyohlar uchun ko‘ngilochar hamda jamoat hududlariga talab yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.
Toshkent yetakchi
Hududlar kesimida eng ko‘p tashrif Toshkent shahrida qayd etilgan. Poytaxtdagi 29 ta bog‘ga bir yilda 14,5 million marta tashrif buyurilgan.
Namangan viloyati reytingda ikkinchi o‘rinni egallagan. Hududda atigi 5 ta bog‘ bo‘lishiga qaramay, ularga 9,2 million marta tashrif buyurilgan.
Madaniyat va istirohat bog‘lariga tashriflar hamda bog‘lar soni hududlar kesimida:
Toshkent shahri — 14,5 mln marta (29 ta bog‘);
Namangan viloyati — 9,2 mln marta (5 ta);
Buxoro viloyati — 631 ming marta (11 ta);
Samarqand viloyati — 537,1 ming marta (17 ta);
Farg‘ona viloyati — 384 ming marta (8 ta);
Andijon viloyati — 365,5 ming marta (20 ta);
Jizzax viloyati — 356 ming marta (4 ta);
Navoiy viloyati — 327,5 ming marta (9 ta);
Surxondaryo viloyati — 276,1 ming marta (14 ta);
Qashqadaryo viloyati — 186 ming marta (5 ta);
Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 120,2 ming marta (9 ta);
Xorazm viloyati — 101,1 ming marta (14 ta);
Sirdaryo viloyati — 34 ming marta (13 ta);
Toshkent viloyati — 16,7 ming marta (3 ta).





