Logo

O‘zbekistonda suvdan qarzdorlarning elektr energiyasi uchun to‘lov qilishi cheklanadi

Bugun 10:162 daqiqa

Cheklov qarz paydo bo‘lishi bilan darhol emas, balki o‘z vaqtida to‘lanmagan qarzdorlik miqdoriga qarab notarius yoki sud orqali undiruvga qaratilganidan so‘ng qo‘llanadi.

O‘zbekistonda suvdan qarzdorlarning elektr energiyasi uchun to‘lov qilishi cheklanadi

O‘zbekistonda 2027-yilning 1-yanvaridan boshlab ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlaridan qarzi bor iste’molchilarning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati avtomatik tarzda cheklanadi. Bu haqda 30-oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «O‘zsuvta’minot» kompaniyasi ma’lum qildi.

Yangi tartib yuzasidan kompaniya boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Islom Abdullayev tushuntirish berdi. Uning ta’kidlashicha, qarzdorlik yuzaga kelishi bilan iste’molchi avtomatik ravishda tarmoqdan uzilmaydi, balki unga vaqt beriladi.

«Agar to‘lovlar amalga oshirilmasa, qarzdorlik vujudga kelsa, ogohlantirilib, to‘lov qilishga besh kun muddat beriladi. Shunda ham qarzdorlik bartaraf etilmasa, amaldagi tartibda xizmat ko‘rsatish cheklanadi va qarzdorlikni undirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi», — dedi Islom Abdullayev.

Undiruv jarayoni va bosqichlari

Mazkur cheklov qarz paydo bo‘lishi bilan darhol emas, balki notarius yoki sud orqali undiruv jarayoni to‘liq o‘tkazilganidan keyingina qo‘llanadi. Undiruv jarayoni quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

Dastlab iste’molchiga yozma ogohlantirish yuboriladi.

Ogohlantirish berilgach, besh ish kuni ichida qarz to‘lanmasa, majburiy undiruv boshlanadi.

Bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravarigacha (440 million so‘mgacha) bo‘lgan qarzdorlik notarius orqali ijro xatini rasmiylashtirish yo‘li bilan undiriladi.

Qarz BHMning 1000 baravaridan ortiq bo‘lganda esa sud tartibida ko‘rib chiqiladi.

Notarial yoki sud jarayoni yakunlanganidan so‘ng, ijro hujjati rasmiylashtirilib, Majburiy ijro byurosiga yuboriladi.

Agar iste’molchi belgilangan muddat ichida ijro hujjati talablarini ixtiyoriy ravishda bajarmasa, shundan so‘nggina uning elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirishi avtomatik cheklab qo‘yiladi.

Elektr energiyasi hisobini to‘ldirish imkoniyati paydo bo‘lishi uchun ichimlik suvi va kanalizatsiya bo‘yicha qarzdorlik to‘liq bartaraf etilishi zarur. Bu mexanizm to‘g‘ridan to‘g‘ri chiroqni o‘chirishni emas, to‘lov qilishni cheklashni anglatadi. Biroq oldindan to‘lov asosida ishlovchi hisoblagichlari bor iste’molchilar hisobini to‘ldira olmagani sababli, mavjud balans tugaganidan keyin tarmoqdan avtomatik uzilib qoladi.

rasm



Istisnolar va avvalgi tajriba

Ushbu tartib O‘zbekiston prezidentining 2026-yil 24-iyuldagi ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan 140-sonli farmoni asosida joriy etilmoqda.

Hujjatga muvofiq, Yagona ijtimoiy himoya reyestriga («Ijtimoiy reyestr») kiritilgan oilalar bundan mustasno bo‘lib, ularga nisbatan mazkur cheklov qo‘llanmaydi.

O‘zbekistonda boshqa kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlikni undirishda ham elektr energiyasi uchun to‘lovni cheklash mexanizmi allaqachon ishlamoqda.

Xususan, 2025-yil 1-avgustdan maishiy chiqindilarni olib chiqish bo‘yicha qarzi bor iste’molchilarga, 2026-yil 1-iyuldan esa Toshkent shahrida ko‘p qavatli uylarning umumiy mol-mulkini saqlash bo‘yicha majburiy badallardan qarzdorlik holatlarida ham elektr to‘lovini cheklash tartibi amal qilib kelmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda suvdan qarzdorlarning elektr energiyasi uchun to‘lov qilishi cheklanadi | Vaqt.uz