Logo

O‘zbekistonda to‘qqiz oyda 77 mingdan ortiq kishi ma’muriy qamoqqa olindi

Bugun 09:372 daqiqa

Mamlakatda ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha eng ko‘p ishlar Toshkent shahri, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida ko‘rilgan.

O‘zbekistonda to‘qqiz oyda 77 mingdan ortiq kishi ma’muriy qamoqqa olindi © Ijtimoiy tarmoqlar

2026-yilning yanvar—sentabr oylarida O‘zbekistonda 420 245 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llandi. Ularning 77 mingdan ortig‘i ma’muriy qamoqqa olingan. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, to‘qqiz oy davomida tuman va shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning tergov sudyalari 662 237 nafar shaxsga nisbatan 549 231 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqqan.

Jazolanganlarning 340 986 nafariga jarima, 77 309 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Shuningdek, yarashilgani munosabati bilan 71 450 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikdan ozod etilgan.

Ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarning eng ko‘pi Toshkent shahri, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida ko‘rilgan.


Qaysi huquqbuzarliklar eng ko‘p?

Oliy sud ma’lumotlariga ko‘ra, sudlarda ko‘rilgan ma’muriy huquqbuzarliklar orasida mayda bezorilik, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik va haqorat qilish holatlari salmoqli o‘rin tutgan.

Shuningdek, avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish bilan litsenziyasiz shug‘ullanish, sovuq qurol yoki undan foydalanish mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish holatlari ham ko‘p uchragan.

Bundan tashqari, elektr, issiqlik energiyasi va gazdan foydalanish qoidalarini buzish, savdo va xizmat ko‘rsatish talablariga rioya qilmaslik holatlari qayd etilgan.

Yo‘l harakati qoidalarini buzib, jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazish, jamoat joylarida alkogol iste’mol qilish hamda transport vositasini mast holda boshqarish ham eng ko‘p uchragan huquqbuzarliklar qatoriga kirgan.

Aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish maqsadida tegishli tashkilotlarga 11 006 ta taqdimnoma yuborilgan.

Ma’muriy huquqbuzarliklarga oid ishlar yuqori instansiya sudlarida ham ko‘rib chiqilgan. Apellyatsiya tartibida 7 656 nafar shaxsga nisbatan 6 804 ta ish ko‘rilib, 1 496 nafar shaxs bo‘yicha qarorlar bekor qilingan, 2 495 nafariga nisbatan esa o‘zgartirilgan.

Kassatsiya tartibida 10 152 ta ish ko‘rib chiqilgan. Natijada 4 379 nafar shaxsga nisbatan qarorlar bekor qilinib, 2 347 nafar shaxsga oid qarorlar o‘zgartirilgan. Taftish tartibida esa 918 ta ish ko‘rilib, 187 nafar shaxs bo‘yicha qarorlar bekor qilingan.

Ma’lumot uchun, 2025-yilda 690 879 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rilib, 509 146 nafar shaxsga ma’muriy jazo qo‘llanilgan.

Teglar

Mavzuga oid