Logo

O‘zbekistonda uylarning ijara narxlari bir yilda 13 foizga qimmatladi

Bugun 10:042 daqiqa

Narxlar o‘sishi Toshkent shahriga nisbatan boshqa hududlarda yuqoriroq shakllandi. Hududlardagi nisbatan yuqori o‘sish pastroq narx bazasi, aholi daromadlari, qurilish va investitsion faollikning kengayishi bilan bog‘liq.

O‘zbekistonda uylarning ijara narxlari bir yilda 13 foizga qimmatladi

O‘zbekistonda 2026-yil iyunda birlamchi bozordagi uylar bir yil oldingidan so‘m hisobida 6,2 foizga, dollarda esa 12 foizga oshdi. Bu haqda Markaziy bankning ko‘chmas mulk bozori bo‘yicha tahlilida keltirilgan.

Unda yozilishicha, ikkilamchi bozordagi qiymat bundan biroz tezroq o‘sgan va narxlar so‘mda 6,3 foizga, dollarda 12,2 foizga qimmatlashgan.

Regulyatorga ko‘ra, birlamchi va ikkilamchi bozorlarda narxlar dinamikasining deyarli bir xil shakllanishi uy-joyga bo‘lgan talab umumiy bozor bo‘yicha barqaror shakllanayotganini ko‘rsatadi. Narxlar o‘sishi Toshkent shahriga nisbatan boshqa hududlarda yuqoriroq shakllandi. Hududlardagi nisbatan yuqori o‘sish pastroq narx bazasi, aholi daromadlari, qurilish va investitsion faollikning kengayishi bilan bog‘liq.

Ijara bozorida talab yuqori darajada saqlangani qayd etilgan. Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha ijara narxlarining yillik o‘sish sur’ati joriy yil II choragida tezlashgan. Xususan, iyunda ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar ijara narxlari 2025-yilning mos oyiga nisbatan so‘m hisobida 7,1 foizga, dollar hisobida 13 foizga oshgan.

Toshkent shahrida ijaraning o‘rtacha taklif narxi iyun oyida bir kvadrat metr uchun oyiga 9,5 dollarni yoki 114 ming so‘mni tashkil etdi. Bu so‘m hisobida o‘tgan yilning mos oyiga nisbatan 5,8 foizlik (dollarda – 11,6 foiz) o‘sishni anglatadi.
Joriy yilning iyunida ijara e’lonlari soni ortishi aprel-maydagi taklif qisqarishini qisman qoplagan. Biroq narxlar o‘sishining saqlanib qolishi talab ham yuqori bo‘lganini ko‘rsatgan. Poytaxtda xizmatlar sohasi va ishbilarmonlik faolligining kengayishi, ichki migratsiya jarayonlari, vaqtinchalik yashashga bo‘lgan ehtiyoj ijaraga talabni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Uy-joydan farqli ravishda Toshkent shahrida yer uchastkalari narxlari pasaygan. Jumladan, iyunda 100 kvadrat metr yerning o‘rtacha taklif narxi 292 million so‘m bo‘lib, o‘tgan yilning mos oyiga nisbatan 9 foizga tushgan. Shu bilan birga, may oyidagi keskin pasayishdan so‘ng iyundagi narxlar oylik hisobda 2,6 foizga tiklangan.

Teglar

Mavzuga oid