Logo

O‘zbekistonda yana 4 ta bankka islomiy bank litsenziyasi berildi

Kecha 12:422 daqiqa

Ushbu banklar qo‘lga kiritgan litsenziyalar endi ularga islomiy moliya operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beradi.

O‘zbekistonda yana 4 ta bankka islomiy bank litsenziyasi berildi © Foto: asia24.media

Markaziy bank boshqaruvining 2026-yil 18-noyabrdagi tegishli qarorlariga muvofiq, yana 4 ta bank islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya oldi.

Bular AITB «Ipak yo‘li bank», «Asia Alliance Bank» ATB, «Orient Finans bank» XATB, «Hayot Bank» AJ.
Regulyatorning eslatishicha, banklar qo‘lga kiritgan mazkur litsenziyalar ularga «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 5¹-moddasida nazarda tutilgan islomiy moliya operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beradi.

Markaziy bank rahbariga ko‘ra, islomiy moliyani rivojlantirishning uchinchi bosqichi islomiy qimmatli qog‘ozlar, xususan sukuk instrumenti uchun zarur huquqiy asosni yaratishdan iborat. U Samarqanddagi islomiy moliyaga bag‘ishlangan forumda ana shu maqsadda hukumat tomonidan O‘zbekistonda kapital bozori to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasi tayyorlanganini aytib o‘tgandi. Qolaversa, Markaziy Osiyoda islom moliyasi bo‘yicha raqamli platforma ishga tushishi mumkin. «Islomiy darcha»larni ochayotgan yoki rivojlantirayotgan tijorat banklari uchun mo‘ljallangan ushbu platforma mahsulotlarni noldan ishlab chiqmasdan va uzoq muddatli joriy etishsiz bozorga tez olib chiqish imkonini beradi.

Samarqanddagi forumda Vaqt.uz muxbiri ushbu mintaqada islom moliyasi nega hali ham sekin rivojlanayotgani borasida ekspertlardan javob olgandi. Suhbatda Markaziy bank vakili O‘zbekistonda islomiy moliya xizmatlarini yo‘lga qo‘yish uchun 10 ga yaqin bank qiziqish bildirgani, qonunchilik talablariga javob beradigan banklarga qo‘shimcha litsenziyalar berilishi mumkinligini ma’lum qilgandi.

Markaziy Osiyoda islomiy moliyaning istiqboli, O‘zbekistonda bank xizmatlariga talab va sohani rivojlantirish uchun zarur qonunchilik masalalari yuzasidan xalqaro ekspertlar o‘z fikrlarini aytib o‘tgandi. Bundan tashqari, Xalqaro islom moliyasi forumida Vaqt.uz bilan suhbatlashgan islom moliyasi eksperti Iskandar Tursunov O‘zbekiston va Markaziy Osiyo xalqaro investorlar uchun islom moliyasining yangi istiqbolli bozorlaridan biri sifatida ko‘rilayotgani, bunga mintaqadagi iqtisodiy o‘sish, islohotlar va xorijiy investorlar uchun ochilayotgan imkoniyatlar sabab bo‘layotganini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda «Open bank» islomiy bank faoliyati uchun ilk litsenziyani qo‘lga kiritgandi.

Teglar

Mavzuga oid