Logo

O‘zbekistonda yaqin kunlarda Apple Pay ham ishga tushiriladi

Bu boradagi texnik ishlar Markaziy bank, tijorat banklari hamda Humo va Uzcard tomonidan olib borilmoqda.

O‘zbekistonda yaqin kunlarda Apple Pay ham ishga tushiriladi © uzairways.uz

O‘zbekistonda turistlar uchun qulayliklarni oshirish maqsadida yaqin kunlarda Apple Pay tizimi ish boshlashi kutilmoqda. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, Apple Pay xizmatini ishga tushirish bo‘yicha texnik ishlar Markaziy bank, tijorat banklari hamda HUMO va Uzcard to‘lov tizimlari tomonidan olib borilmoqda.

«Asosiy maqsad chet ellik sayyohlarga O‘zbekistonda ham o‘zlari ishongan va xavfsiz deb bilgan to‘lov vositalaridan foydalanish imkonini berishdir», — deyiladi rasmiy xabarda.

Ta’kidlanishicha, bu qadam xorijiy mehmonlarning naqd pul va xalqaro bank kartalariga bog‘liqligini kamaytirishga qaratilgan bo‘lib, dunyoning yetakchi to‘lov tizimlarini milliy infratuzilmaga integratsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning davomi hisoblanadi.

Xitoy va Hindiston bozorlariga alohida e’tibor

Qayd etilishicha, shu bilan birga, sayyohlar oqimi jadal o‘sishi kutilayotgan Xitoy va Hindiston bozorlariga alohida e’tibor qaratilib, Alipay+ hamda NPCI International tizimlari bilan integratsiya ishlari olib borilmoqda:

— Avgust oyida HUMO infratuzilmasida Alipay+ to‘lov shlyuzi ishga tushirildi;
— Endilikda Alipay va unga ulangan elektron hamyonlar foydalanuvchilari, xususan, xitoylik sayyohlar O‘zbekistonda UZQR orqali to‘lovlarni amalga oshirmoqda;
— Yaqinda Mumbayda bo‘lib o‘tgan Global Fintech Fest 2026 doirasida HUMO va NPCI International (Hindiston) rahbariyati transchegaraviy QR-to‘lovlar to‘g‘risidagi kelishuvni amalga oshirishning amaliy masalalarini muhokama qildi;
— UZQR va Hindistonning UPI tizimini birlashtiruvchi loyiha hindistonlik sayyohlarga savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida o‘zlari odatlangan ilovalar orqali QR-kodni skanerlab to‘lov qilish imkonini beradi.

Ma’lumot uchun, 19-oktabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan C5+1 formatidagi tadbirda Google Cloud vakili Marsin Krasuski O‘zbekistonda Google Pay to‘lov xizmati ishga tushirilganini rasman ma’lum qildi. Ushbu imkoniyat joriy yilning mart oyida shaxsga doir ma’lumotlarni faqat O‘zbekiston hududidagi serverlarda saqlash bo‘yicha qat’iy talabning bekor qilinishi ortidan yuzaga keldi. Shu bilan birga, Markaziy bank, tijorat banklari hamda Humo va Uzcard to‘lov tizimlari hamkorligida yaqin oylarda Apple Pay xizmatini ham yo‘lga qo‘yish bo‘yicha texnik integratsiya ishlari olib borilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid