Logo

O‘zbekistonga Rossiyadan pul o‘tkazmalari ulushi qisqarishda davom etmoqda

Bugun 16:252 daqiqa

I chorakda O‘zbekistonga xorijdan kelib tushgan pul o‘tkazmalarida Rossiya ulushi 77,6 foizdan 72,4 foizgacha pasaydi. Rossiyada rasman mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar soni ham kamayib bormoqda.

O‘zbekistonga Rossiyadan pul o‘tkazmalari ulushi qisqarishda davom etmoqda

2026 yilning I choragida O‘zbekistonga xorijdan kirib kelgan pul o‘tkazmalari miqdori 3,8 mlrd dollarni tashkil qildi va o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 13 foizga ko‘paydi. Bu haqda Markaziy bankning Mehnat bozori sharhidan ma’lum bo‘ldi.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshida xorijda ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari soni 11,6 foizga oshib, 1,63 mln nafarga yetdi.

Bundan tashqari, uch oy davomida havo yo‘llari transportida tashilgan yo‘lovchilar soni sezilarli oshib, 2,25 mln nafarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32 foizga yuqori bo‘ldi.

I chorakda Rossiyada patent asosida mehnat faoliyatini amalga oshirgan o‘zbekistonliklar soni 1,34 mln nafar bo‘ldi. Bu o‘tgan chorakka nisbatan 8,8 foizga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 1,8 foizga kam.

Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar kamayishi mavsumiy omillar hamda tashqi mehnat bozori sharoitlaridagi o‘zgarishlar bilan izohlanadi.

1


Shuningdek, mamlakat aholisi mehnat faoliyatini amalga oshirush uchun boshqa xorijiy davlatlarni ham tanlashni ko‘paytirdi.

Masalan, Turkiyaga migratsiya bo‘yicha rasmiy ruxsatnomalar soni oshib bormoqda. Turkiya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, I chorakda bunday ruxsatnomalar soni qariyb 70 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14 foizga oshdi.

Janubiy Koreyada bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar soni ham I chorakda barqaror o‘sishda davom etdi qariyb 100 ming nafarga yetdi.

Uch oy davomida mamlakatga xorijdan 3,8 mlrd dollarlik pul o‘tkazmalari kelib tushgan bo‘lsa, buning hamon katta qismi — 72,4 foizi Rossiya hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Shunga qaramay, Rossiyaning pul o‘tkazmalaridagi ulushi pasayishda davom etmoqda. Avvalgi yillarda 80 foizdan yuqori bo‘lgan bu ko‘rsatkich, 2025 yilning mos davrida 77,6 foiz edi.

Shu bilan birga, umumiy pul o‘tkazmalarda Qozog‘istonning ulushi 1 foiz bandga oshib 4,1 foizni, Yevropa davlatlarining ulushi 1 foiz bandga oshib 3,3 foizni, Janubiy Koreyani ulushi 0,6 foiz bandga oshib 4,1 foizni tashkil etdi. Boshqa davlatlar ulushi esa 2,6 foiz bandga oshib, 16,2 foizga yetdi.

Ma’lumot uchun, 2025 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 18,9 mlrd dollarni tashkil etgan va bu 2024 yilga nisbatan 27,2 foizga yuqori bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid