O‘zbekistonliklar Korzinka, Olma va Havas’da cheklarni ko‘proq ro‘yxatdan o‘tkazmoqda
Yanvardan iyungacha Soliq ilovasida eng ko‘p chek ro‘yxatdan o‘tkazilgan TOP-20 kompaniya bo‘yicha ko‘rsatkich 14,4 foizga oshdi. Lekin o‘sish bozor bo‘ylab bir tekis tarqalmagan: Korzinka, Olma va Havas’da cheklar jami 28,7 foizga ko‘paygan, TOP-20ning qolgan qismida esa 11,1 foizga qisqargan.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvarida TOP-20 kompaniya bo‘yicha Soliq mobil ilovasida 14,56 mln dona xarid cheki ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Iyun oyida bu ko‘rsatkich 16,66 mln donaga yetgan. Mutlaq o‘sish — qariyb 2,1 mln dona.
Iyun yanvardan bir kun qisqa bo‘lganini hisobga olsak, kunlik o‘rtacha ko‘rsatkichdagi o‘sish yanada yuqori — 18,2 foizni tashkil etadi. Ammo bu raqamlar barcha savdo cheklari yoki kompaniyalarning tushumini emas, aynan Soliq ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar faolligini ko‘rsatadi.
Uchlik ajralib qolmoqda
Yanvarda Korzinka, Havas va Olma bo‘yicha jami 9,33 mln chek ro‘yxatdan o‘tkazilgan edi. Iyun oyida uchlikning natijasi 12,01 mln donaga yetdi. O‘sish 2,68 mln dona yoki 28,7 foizni tashkil etdi.

Bu yerda muhim tafovut bor: TOP-20 bo‘yicha umumiy o‘sish 2,1 mln dona bo‘lgan, uchta yetakchi tarmoqning o‘zi esa 2,68 mln dona qo‘shimcha chek bergan. Demak, uchlik nafaqat barcha o‘sishni ta’minlagan, balki ro‘yxatning qolgan qismidagi 580 mingdan ortiq pasayishni ham qoplagan.
Natijada Korzinka, Olma va Havas’ning TOP-20dagi ulushi 64,1 foizdan 72,1 foizga ko‘tarildi. Atigi besh oyda konsentratsiya 8 foiz bandga kuchaygan.
Eng katta sakrash Olma supermarketida kuzatildi. Tarmoq bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar 1,5 mln donadan 2,79 mln donaga yetib, 85,7 foizga oshgan. Olma shu hisobdan Havas’ni ortda qoldirib, uchinchi o‘rindan ikkinchi o‘ringa chiqdi.
Korzinka yetakchilikni saqlab qoldi: cheklar soni 958,4 ming donaga yoki 16,5 foizga ko‘payib, 6,75 mln donaga yetdi. Havas’da esa o‘sish 431,6 ming dona yoki 21,3 foizni tashkil qilgan.
Korzinka’ning natijasi tarmoqning so‘nggi yillardagi kengayishi fonida mantiqiy ko‘rinadi. Vaqt.uz avval yozganidek, kompaniya do‘konlari soni 3,5 yil ichida 2,5 barobar ko‘payib, 250 tadan oshgan. Tarmoq 2025 yilda 12 trln so‘mdan ortiq daromad qilgan, biroq yilni 245 mlrd so‘mdan ziyod zarar bilan yakunlagan.
Fast-fud o‘sdi, yoqilg‘i operatorlari keskin pasaydi
O‘sish faqat supermarketlarda emas. EVOS’da ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar 29,6 foizga, Oqtepa Lavash’da 18,8 foizga, KFC’da 8,6 foizga oshgan. Uchta fast-fud tarmog‘ining umumiy natijasi 814,9 mingdan 963,1 ming donaga yetdi — o‘sish 18,2 foiz.
Eng yuqori nisbiy o‘sish Namangandagi «Afsonalar vodiysi»da qayd etildi: cheklar soni 120,7 mingdan 359,5 ming donaga, qariyb uch barobar oshgan.
Ammo bunday o‘sishga yozgi mavsum ta’sir qilgan. O‘tgan yilning yozida bog‘ orqali oyiga o‘rtacha 470 mingdan ortiq chek ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Yoqilg‘i operatorlarida esa teskari holat kuzatilgan. UNG Petro’da cheklar 38,3 foizga, SANEG’da 62 foizga kamaydi. Ikki kompaniyaning jami ko‘rsatkichi 1,17 mln donadan 589,6 ming donaga tushgan — deyarli 50 foizlik pasayish.
Biroq bundan yoqilg‘i savdosi ham shuncha qisqargan, degan xulosa chiqmaydi. Infografika faqat ilovaga kiritilgan cheklar sonini beradi.
Umumiy keshbek o‘sishining 3,83 mlrd so‘mi yoki 92,3 foizi TOP-20 tarkibidagi almashuv hisobidan shakllangan. Yanvar ro‘yxatidagi Baraka Market, Assorti Market, bi1, OXYmed va Magnum o‘rniga iyunda Big Pharm, Vaksina Med, Intran Servis, ASR & Co. hamda Osiyo Trade Biznes kirgan.
Manba: Soliq qo‘mitasining 2026-yil yanvar va iyun oylariga oid infografikalari. Hisob-kitoblar muallif tomonidan amalga oshirilgan. Marketpleys orqali sotilgan tovarlar bo‘yicha taqdim etilgan cheklar qo‘mita reytingiga kiritilmagan.





