O‘zbekistonning eng qulay to‘lov ilovalari aniqlandi
CX Lab tomonidan o‘tkazilgan tadqiqoda O‘zbekistondagi 34 ta bank va 5 ta fintex ilovasi mijozlar uchun qanchalik qulay ishlashi o‘rganilgan.

O‘zbekistondagi bank va fintex xizmatlarining mobil ilovalari qulayligini baholovchi CX Banking Index 2026 mustaqil tadqiqoti natijalari e’lon qilindi. 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan taqdimot marosimida beshta asosiy nominatsiya bo‘yicha eng yaxshi mijozlar tajribasini (Customer Experience) taqdim etgan ilovalar nomi ma’lum qilindi.
Customer Experience Laboratory (CX Lab) tomonidan o‘tkazilgan mazkur tadqiqotda jami 39 ta raqamli mahsulot — 34 ta bank va 5 ta fintex ilovasi qamrab olingan. Tahlilchilar xizmatlarning soddaligi, shaffofligi va moslashuvchanligini amaliy sinovdan o‘tkazib, yagona iCX indeksini shakllantirgan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, nominatsiyalar bo‘yicha kuchli uchlik quyidagicha ko‘rinish oldi:
Daily banking — kundalik bank xizmatlari
Ushbu nominatsiyada mijozlarning bank ilovalaridan kundalik foydalanish qulayligi baholangan. Bunda karta balansini ko‘rish, kartalarni boshqarish, pul o‘tkazish va turli xizmatlar uchun to‘lov qilish kabi amallar inobatga olingan.
— 1-o‘rin — payme
— 2-o‘rin — OFB
— 3-o‘rin — Beepul
CX Progress Leaders — mijozlar tajribasini yaxshilashdagi o‘sish
Mazkur nominatsiyada bank ilovalarining mijozlar uchun qulaylik darajasi o‘tgan yilgi natijalar bilan taqqoslangan. Sodda qilib aytganda, ilovalarning bir yil davomida foydalanuvchilar uchun qanchalik takomillashgani baholangan.
— 1-o‘rin — OFB
— 2-o‘rin — TBC UZ
— 3-o‘rin — KAPITALBANK.Online
First impression — birinchi taassurot
Nominatsiyada foydalanuvchining ilovadan ilk bor foydalanish jarayoni o‘rganilgan. Jumladan, ro‘yxatdan o‘tish, shaxsni tasdiqlash va kartani ilovaga ulash bosqichlari baholangan.
— 1-o‘rin — MONIX
— 2-o‘rin — Click SuperApp
— 3-o‘rin — Beepul
P2P transfers — kartadan kartaga pul o‘tkazmalari
Ushbu nominatsiyada bir foydalanuvchidan boshqasiga pul o‘tkazish jarayonining qulayligi baholangan. Bunda qabul qiluvchini topish, karta yoki hisobni tanlash hamda pul o‘tkazmasini amalga oshirish jarayoni qanchalik tushunarli ekaniga e’tibor qaratilgan.
— 1-o‘rin — payme
— 2-o‘rin — Beepul
— 3-o‘rin — OFB
Payments — to‘lovlar
Bu nominatsiyada mobil aloqa, elektr energiyasi va boshqa xizmatlar uchun ilova orqali to‘lov qilish jarayoni o‘rganilgan. Xususan, kerakli xizmatni izlab topish va to‘lovni amalga oshirish qanchalik oson ekani baholangan.
— 1-o‘rin — MONIX
— 2-o‘rin — OFB
— 3-o‘rin — Uzum Bank
CX Banking Index 2026 tadqiqoti mobil ilovalarda mijozlar duch keladigan xizmat ko‘rsatish jarayonlarini baholagan. Shu sababli nominatsiyalarda egallangan o‘rinlar bankning moliyaviy jihatdan qanchalik barqaror yoki ishonchli ekanini anglatmaydi. Ular faqat tadqiqotda tekshirilgan xizmatlardan foydalanish qulayligi bo‘yicha natijalarni aks ettiradi.
Shuningdek, tadqiqot Android ilovalari asosida o‘tkazilgan. Shu bois uning natijalarini iOS ilovalari faoliyatiga yoki bankning barcha xizmatlariga to‘liq tatbiq etib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, bugungi kunda O‘zbekistonda 50 dan ortiq to‘lov tashkiloti mavjud. Tadqiqotda esa ularning barchasi qamrab olinmagan.





