add

O‘zboshimchalik bilan qurilgan uylar qonuniylashtirilmoqda

Bugun 11:082303

O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga “amnistiya” e’lon qilingan qonun ijrosi doirasida hujjatsiz uy-joylarni qonuniylashtirish bo‘yicha ishlar davom etyapti. Kadastr agentligiga ko‘ra, bugungacha 4 335 ta mahalla chegaralariga aniqlik kiritilgan. 845 096 ta obekt xatlovdan o‘tkazilib, qonun doirasida o‘rganilishi lozim bo‘lgan 254 865 ta obektlar vakolatli tashkilotlarga ko‘rib chiqish uchun kiritilgan. Shundan 18 mingdan ortiq xonadon huquqiy maqomga ega bo‘lgan.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan uylar qonuniylashtirilmoqda

O‘zbekistonda o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarni qonuniylashtirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Tadbirlar o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga “amnistiya” e’lon qilingan qonun ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

Huquqlar e’tirof etilishining shartlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, barcha hududlarda yer uchastkasining chegarasi 1998-yil 1-iyulga qadar egallab olingani aniqlansa, 24 sotixgacha bo‘lgan hududni etirof etish masalasi ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, yer uchastkasi 1998- yildan 2018-yil 1-mayga qadar egallab olingani tastiqlansa, Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida 6 sotixgacha, qolgan hududlarda 12 sotixgacha yer uchastkasiga egalik huquqi e’tirof etilishi ko‘zda tutilgan. Uy-joy maydoni ushbu belgilangan o‘lchamlardan oshganda, ortiqcha egallangan qismiga nisbatan dehqon xo‘jaligini yoki tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun e’tirof etiladi.

Huquqlar e’tirof etilganlik uchun fuqarolardan hududlarga qarab turli miqdorlarda bir martalik to‘lov undiriladi. Fuqarolar Toshkent, Nukus shahri va viloyat markazlarida BHM 5 baravarida, viloyatga bo‘ysunuvchi boshqa shaharlarda BHMning 2 baravarida va boshqa aholi punktlarida 1 baravari miqdorida to‘lov qiladi

Ortiqcha egallangan yer uchastkasi hamda dehqon xo‘jaligi va tomorqa yerlariga ijara huquqi bozor qiymatida to‘lov amalga oshiriladi. Bozor qiiymati Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan belgilab beriladi. I va II guruh nogironlari, oldingi “aksiya” vaqtida yig‘im to‘lagan shaxslarga bepuldir. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan shaxslarga to‘lovlarda 50%lik chegirma bo‘ladi.

Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi tomonidan Toshkent viloyatiga tashkil etilgan press-turda bu borada amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu jarayonlarga 4,5 ming kadastr muhandislari jalb etilgan. Bugungacha 4 335 ta mahalla chegaralariga aniqlik kiritilgan. Rejaga ko‘ra, 2026 yilda 9 452 ta mahalla chegarasini belgilash to‘liq yakunlanadi.

Agentlik axborot xizmati rahbari Ne’matjon Otamurodovning aytishicha, ayni paytda xatlovdan o‘tkazish ishlari 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan reja-jadval asosida olib borilayotgan bo‘lib, mazkur yillarda rejaga kiritilmagan mahallalar keyingi yillarga mo‘ljallangan reja-jadvalga kiritiladi. Mazkur Qonunning amal qilish muddati 2028-yil 1-yanvarga qadar etib belgilangan.

Xatlovda hujjatsiz obektlar bilan birga hujjati bor obektdagi o‘zgarishlar ham o‘rganilib, umumiy xatlov o‘tkazilyapti (ya’ni har bir xonadon va har bir qarich yer to‘liq o‘rganiladi).

Tadbir ishtirokchilari shakllantirilgan o‘lchov natijalarini “E’tirof” tizimiga yuklash jarayoni amalga oshirilishiga ham guvoh bo‘ldi. Jarayonda mahallada amalga oshirilgan o‘lchov ishlarining natijalarini elektron tarzda tizimga kiritish, ularni tasdiqlash bosqichlari hamda jarayonning shaffofligi bilan tanishtirildi.

Press-tur davomida matbuot anjumani ham o‘tkazilib, unda qilingan ishlar haqida axborot berildi. Kadastr agentligi direktori o‘rinbosari Mirsaid Mirmaqsudovga ko‘ra, hozirgacha 845 096 ta obekt xatlovdan o‘tkazilib, qonun doirasida o‘rganilishi lozim bo‘lgan 254 865 ta obektlar vakolatli tashkilotlarga ko‘rib chiqish uchun kiritilgan. Shundan 18 682 ta obektga xalq deputatlari Kengashlarining qarorlari bilan huquqlar e’tirof etildi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan jami 92 272 ta obekt xatlovdan o‘tkazildi, shundan 33 244 tasi “E’tirof” tizimiga kiritilgan.

Matbuot anjumani so‘nggida Toshkent viloyatida istiqomat qiladigan 4 nafar fuqaroning ko‘chmas mulk obektiga egalik huquqi rasman topshirildi.

Baxtiyor To‘xtayev

Baxtiyor To‘xtayevMaqolalar soni: 1

Barchasi

Mavzuga oid

O‘zboshimchalik bilan qurilgan uylar qonuniylashtirilmoqda | Vaqt.uz