Logo

Pashinyan YOIIni tanqid qildi: «Ishchi kuchi va tovarlarning erkin harakati bo‘lmasa, ittifoq ham yo‘q»

Bugun 08:302 daqiqa

Armaniston bosh vaziri tashkilot tomonidan Yerevan ishtirokisiz qabul qilingan so‘nggi qarorlarni keskin qoralab, ittifoqning mavjudligini so‘roq ostiga oldi.

Pashinyan YOIIni tanqid qildi: «Ishchi kuchi va tovarlarning erkin harakati bo‘lmasa, ittifoq ham yo‘q»

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan may oyi oxirida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) tomonidan Armaniston bo‘yicha qabul qilingan qarorni tanqid qildi.

«Albatta, hamkasblarimga men yo‘qligimda qabul qilgan bayonoti yuzasidan savollarim bor va bu amalda nimani anglatishini tushunib olishimiz kerak. YOIIning biron bir davlati shunchaki uyg‘onib, istalgan mamlakatga nisbatan shunday qarorlar qabul qilishi mumkinmi, shuni anglashimiz lozim? Mening baholashimcha, agar bu savolga javob ijobiy bo‘lsa, unda YOII o‘zini tarqatib yuborayotganini e’lon qilmoqda. Va biz bundan xulosa chiqarishimiz kerak. Juda aniq javob bo‘lishi lozim: YOII mavjudmi yoki yo‘q? Agar mavjud bo‘lsa, biz o‘z pozitsiyamizni belgilaymiz, yo‘q bo‘lsa, maxsus pozitsiyani egallashga hojat qolmaydi», — dedi bosh vazir.

Bundan tashqari, Pashinyan Rossiya tomonidan Armaniston mahsulotlari importiga, shuningdek, arman tovarlarini o‘z hududi orqali YOIIning boshqa davlatlariga eksport qilishga qo‘ygan cheklovlari ittifoqqa a’zo bir qator mamlakatlarda jiddiy xavotir uyg‘otishini ta’kidladi.

«Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bir nechta konseptual qoidalarga asoslanadi: ishchi kuchi, tovarlar, xizmatlar va moliyaning erkin harakatlanishi. Agar shular bo‘lmasa, demak, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi ham yo‘q», — deya qo‘shimcha qildi u.

Yerevandan referendum talab qilinmoqda

Eslatib o‘tamiz, 29-may kuni Pashinyan ishtirok etmagan YOII Oliy kengashi yig‘ilishida tashkilotga a’zo to‘rtta davlat — Rossiya, Qozog‘iston, Belarus va Qirg‘iziston prezidentlari Armanistonni imkon qadar tezroq Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida tanlov qilish uchun referendum o‘tkazishga chaqiruvchi bayonotni qabul qilgan edi. Bundan tashqari, ushbu mamlakatlar yetakchilari Armanistonning YOIIga a’zoligi masalasini tashkilot Oliy kengashining keyingi yig‘ilishida ko‘rib chiqishga qaror qilgan.

So‘nggi haftalarda Rossiya Armanistondan gullar, sabzavotlar, mevalar, uzum, kartoshka, quritilgan mevalar, tirik baliq va baliq mahsulotlari importiga bir qator cheklovlar joriy qildi. Pashinyan bu qarorlarni avval ham siyosiylashtirilgan deb baholagan edi.

Teglar

Mavzuga oid