Logo

Profilaktika inspektorlari ortiqcha vazifalardan xalos etilib, maqomi qonun bilan belgilanadi

Bugun 18:363 daqiqa

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi ayrim vakolatlar patrul-post va qo‘riqlash xizmatlariga, jamoat tartibini saqlashdagi ba’zi vakolatlar esa yo‘l-patrul xizmatiga o‘tkaziladi.

Profilaktika inspektorlari ortiqcha vazifalardan xalos etilib, maqomi qonun bilan belgilanadi © Foto: Daryo.uz

O‘zbekistonda profilaktika inspektorlariga xos bo‘lmagan 50 ga yaqin qo‘shimcha vazifa bekor qilinadi va ularning kasbiy faoliyatiga aralashish, taalluqli bo‘lmagan topshiriqlar berish taqiqlanadi. Bu haqda 2026 yil 29-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga profilaktika inspektorlari va jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini takomillashtirish yuzasidan taqdimot qilingan loyihalarda ma’lum qilindi.

Ishlab chiqilgan «Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasiga ko‘ra, inspektorlarning vazifalari, huquqlari, kasbiy kafolatlari va ijtimoiy himoyasi aniq belgilab berilmoqda. Loyihaga asosan, profilaktika inspektorining ustuvor maqsadi aholi ishonchiga erishish va jinoyatchilikni jilovlashdan iborat bo‘ladi. Shuningdek, ularga ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha jazo qo‘llash vakolati kengaytirilib, 18 ta modda bo‘yicha ma’muriy ogohlantirish jazosini qo‘llash imkoniyati yaratiladi.

Kriminogen vaziyatni baholashda faqat statistik ko‘rsatkichlarni taqqoslash amaliyotidan voz kechilib, asosiy mezon sifatida aholi ishonchi, huquqbuzarliklarning qayta sodir etilishi va xavf guruhidagi shaxslar bilan ishlash natijadorligi olinadi. Jamoat xavfsizligi bo‘linmalari faoliyati «aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tizim» tamoyili asosida baholanadi.

Buning uchun profilaktika inspektorlari, yo‘l-patrul, patrul-post va qo‘riqlash xizmatlari vazifalari yagona tizimga birlashtiriladi. Xususan, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashdagi ayrim vakolatlar patrul-post va qo‘riqlash xizmatlariga, jamoat tartibini saqlashdagi ba’zi vakolatlar esa yo‘l-patrul xizmatiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Inspektorlarning ijtimoiy-huquqiy himoyasini kuchaytirish doirasida hokimliklarga ularni xizmat xonasi va uy-joy bilan ta’minlash majburiyati yuklatiladi. Faoliyatga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanib, uzoq yil xizmat qilgan xodimlarga pensiya ta’minoti bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar beriladi. Ma’lumot uchun, bugungi kunda mamlakatdagi 9 mingga yaqin mahallada 10 mingdan ortiq profilaktika inspektori xizmat qilmoqda.

Jamoat xavfsizligi tizimida kadrlar tayyorlash transformatsiya qilinadi

Sohada kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish maqsadida Jamoat xavfsizligi universitetini transformatsiya qilish, kunduzgi ta’lim kvotasini 600 nafargacha, masofaviy ta’limni esa 300 nafargacha oshirish taklif etildi. Universitetda yangi «Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati» yo‘nalishi tashkil qilinib, xavf-xatar tahlili, dron va robototexnika, profayling, konfliktologiya, ochiq manbalardan foydalangan holda raqamli tahlil kabi yangi innovatsion fanlar o‘qitiladi.
Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi «ta’lim – tadqiqot – amaliyot» zanjiri asosida qayta tashkil etiladi. Kursantlar yangi dual ta’lim matritsasi orqali «o‘qish – amaliyot – faoliyat» tamoyili bo‘yicha tayyorlanib, kadrlar tayyorlashning ta’lim klasteri doirasida umumiy o‘rta ta’limdan boshlab akademiyagacha bo‘lgan uzluksiz tizim yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, kasbiy ta’lim doirasida

Namangan va Samarqand texnikumlarida o‘rta-maxsus ma’lumotga ega ofitser va safdorlar tayyorlanadi.
Taqdimot yakunida davlat rahbari ushbu takliflarni ma’qullab, inspektorlarni ortiqcha vazifalardan xalos etish, ularning maqomi va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, tizimni raqamlashtirish hamda kadrlar tayyorlashni zamonaviy talablar asosida tashkil etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Teglar

Mavzuga oid