Logo

Putin rossiyaliklarni ogohlantirdi: «Biz hamma narsaga tayyor bo‘lishimiz kerak»

Bugun 20:302 daqiqa

Vladimir Putin Rossiya Ukrainaning neftni qayta ishlash zavodlariga berayotgan zarbalariga yetarlicha tayyor bo‘lmaganini ochiq tan oldi.

Putin rossiyaliklarni ogohlantirdi: «Biz hamma narsaga tayyor bo‘lishimiz kerak»

Rossiya prezidenti Vladimir Putin rossiyaliklar Ukraina hujumlari oqibatida yuzaga kelgan benzin tanqisligiga tayyor turishi kerakligini aytdi. U bu haqda 3-sentabr kuni Sharqiy iqtisodiy forumda gapirdi.

Putinning ta’kidlashicha, Rossiya hukumati neftni qayta ishlash korxonalariga qarshi hujumlar seriyasiga yetarlicha tayyor bo‘lmagan. Bu zarbalar neft mahsulotlari ishlab chiqarishining keskin qisqarishi va mamlakatdagi yoqilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq jiddiy muammolarga olib kelgan.

«Biz bu faqat fuqarolik obyektlari va hatto qurolli mojaro sharoitida ham ular hujum obyekti bo‘la olmaydi, deb hisoblagan edik. Lekin bu ma’noda biz adashdik, afsuski, raqibimiz boshqacha fikrda», — dedi Putin.

«Biz hamma narsaga tayyor bo‘lishimiz kerak»

Forum moderatori rossiyaliklar benzin tanqisligiga ko‘nikishi kerakmi, deb so‘raganda, Putin: «Biz hamma narsaga tayyor bo‘lishimiz kerak», — deb javob berdi.

Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bunday tayyorgarlik mamlakatga zarar yetkazishni rejalashtirayotgan kuchlarga signal bo‘lishi kerak.

«Faqat bizning tayyorligimiz bizga zarar yetkazmoqchi bo‘lgan har bir kishiga buni qilmagani ma’qulligini tushunish imkonini beradi», — dedi u.

Putinning bayonoti Rossiya ichki bozorida benzin ta’minoti bilan bog‘liq bosim kuchaygan bir paytga to‘g‘ri keldi. Neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalar ishlab chiqarish hajmiga ta’sir ko‘rsatib, yoqilg‘i bozoridagi muammolarni chuqurlashtirgan.

Shu bilan birga, Rossiya hukumati bozorni barqarorlashtirish va ichki ta’minotni ta’minlash choralarini ko‘rmoqda. Biroq prezidentning o‘zi tanqislik xavfi saqlanishi mumkinligini ochiq tan oldi.

Energetika obyektlari nishonga aylandi

Ukraina so‘nggi oylarda Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlari va boshqa energetika infratuzilmasiga dron hujumlarini kuchaytirdi. Bu obyektlar Rossiyaning ichki yoqilg‘i ta’minoti uchun strategik ahamiyatga ega.

Prezidentning «hamma narsaga tayyor bo‘lish» haqidagi chaqirig‘i Rossiyada benzin ta’minoti muammosi qisqa muddatli uzilish emas, balki xavfsizlik va energetika infratuzilmasi bilan bog‘liq uzoqroq muammoga aylanishi mumkinligini anglatadi.

Teglar

Mavzuga oid

Putin rossiyaliklarni ogohlantirdi: «Biz hamma narsaga tayyor bo‘lishimiz kerak» | Vaqt.uz