Logo

Qirg‘izistonda kriptovalyuta bozori aylanmasi yarim yilda 25 mlrd dollardan oshdi

Bugun 20:202 daqiqa

2025-yilning dastlabki 6 oyida bu 9,4 milliard dollar, to‘liq 12 oyi yakunida esa 31,28 milliard dollar bo‘lgandi.

Qirg‘izistonda kriptovalyuta bozori aylanmasi yarim yilda 25 mlrd dollardan oshdi © Ijtimoiy tarmoqlar

Qirg‘izistonda virtual aktivlar bilan ishlovchi xizmat ko‘rsatuvchi provayderlarning jami aylanmasi 2 trillion 244 milliard somni (25,6 milliard dollar) tashkil etdi. Bu haqda Davlat moliyaviy nazorat xizmati ma’lumot berdi.

Bu 2026-yilning dastlabki olti oyi bo‘yicha yangilangan ma’lumotlardir. Taqqoslash uchun, 2025-yilning olti oyida kriptovalyuta ayirboshlash shoxobchalari va kriptobirjalarning umumiy aylanmasi 820 milliard 690 million som (taxminan 9,4 milliard dollar) bo‘lgan. 2025-yilning to‘liq 12 oyi yakunida esa bu ko‘rsatkich 2 trillion 735 milliard 62,6 million somni (31,28 milliard dollar) tashkil etgan.

2026-yilning dastlabki olti oyida jami 3 million 865 ming 252 ta tranzaksiya amalga oshirilgan. Kriptovalyuta ayirboshlash operatorlari — eng katta ulushga ega bo‘lib, ularning aylanmasi 2,2 trillion somni(taxminan 25,3 milliard dollar) tashkil etgan. Operatsiyalar soni — 3,84 millionta. Kriptobirjalar — aylanmasi 34,7 milliard som (396,8 million dollar) bo‘lgan. Ularda 25 mingdan ortiq bitim amalga oshirilgan.

Davlat moliyaviy nazorat xizmati raisi Qayrat Mamatovning aytishicha, hozirda virtual aktivlar sohasini litsenziyalash va tartibga solish vakolati Qirg‘iziston Prezidenti huzuridagi Virtual aktivlar va blokcheyn texnologiyalari milliy agentligiga berilgan. Shu bilan birga, bozor ustidan nazorat qilish vakolati hanuz Davlat moliyaviy nazorat xizmatida qolmoqda. Shu sababli idora kompaniyalarni tekshiradi va belgilangan talablarga javob bermaydigan tashkilotlarning litsenziyasini bekor qiladi.

Mamatovning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda kriptobirjalardan birining litsenziyasi bekor qilingan. Bunga kompaniya litsenziya olganidan keyin bir yil davomida faoliyatini boshlamagani sabab bo‘lgan. Shuningdek, kompaniya belgilangan ustav kapitali yoki kapital talablariga javob bermasa, uning litsenziyasi ham bekor qilinishi mumkin.

Raisning ta’kidlashicha, 2026-yil 1-iyuldan boshlab kriptobirjalar kapitali kamida 300 million dollar bo‘lishi kerak. Agar kompaniyalar ushbu talabga javob bermasa, ularning litsenziyalari bekor qilina boshlaydi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Qirg‘izistonda virtual aktivlar bozori juda tez rivojlanmoqda. Hozirda mamlakat kriptovalyutalarni qabul qilish darajasi bo‘yicha dunyo reytingida 19-o‘rinda turibdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Milliy banki aktivlari salkam 9,5 milliard dollarga yetgandi. Shuningdek, mamlakat Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari orasida sanoat o‘sishi bo‘yicha yana yetakchiga aylangandi.

Teglar

Mavzuga oid

Qirg‘izistonda kriptovalyuta bozori aylanmasi yarim yilda 25 mlrd dollardan oshdi | Vaqt.uz