Logo

Quyosh panellari uchun subsidiya: to‘lovlar nega to‘xtab qoldi?

Bugun 15:465 daqiqa

O‘zbekistonda so‘nggi 2-3 oy davomida“Quyoshli xonadon” dasturi doirasida aholi tomonidan elektr energiyasi uchun subsidiya to‘lovlari kechiktirilmoqda. Bu holat, ayniqsa, quyosh panellarini kredit evaziga o‘rnatgan xonadonlar uchun qiyinchilik tug‘diradi. Vaqt.uz mavjud holatni rasmiy ma’lumotlar va ekspertlar bilan birgalikda o‘rgandi.

Quyosh panellari uchun subsidiya: to‘lovlar nega to‘xtab qoldi?

So‘nggi hafta davomida ijtimoiy tarmoqlarda quyosh panellari o‘rnatgan va hukumatga elektr energiyasi sotgan fuqarolarga subsidiya pullari berilmayotgani, jarayon 2-3 oydan buyon davom etayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Murojaatlarda aytilishicha, “Soliq” ilovasida o‘tgan oylar uchun qancha mablag‘ yig‘ilgani aniq ko‘rsatilgan, ya’ni tizim elektr energiyasi qabul qilinganini hisobga olgan. Biroq bu pullarni vatandoshlarning kartalariga o‘tkazish (to‘lov buyurtmasini bajarish) qismi to‘xtatilgan.

Dastur to‘xtatildimi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 yil avval aholini uylarining tomiga quyosh panellarini o‘rnatish va ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini davlat tarmog‘iga sotishga chaqirgan edi.

“Tarmoqqa sotgan har bir kilovat energiya ming so‘mdan sotib olinadi. Hozir 295 so‘m. Uch karra ko‘p bo‘lsa ham davlat sotib oladi. Bu ham bizga manfaat keltiradi”, – degan davlat rahbari.

Buning ortidan 2023 yil 1-apreldan boshlab quyosh panellari o‘rnatishni nazarda tutuvchi “Quyoshli xonadon” dasturi va bu orqali subsidiya olish tartibi qabul qilingan. Unga ko‘ra, fuqarolar tomonidan davlatga sotilgan 1KWh elektr energiyasi uchun 1000 so‘mdan subsidiya to‘lanadi. Bu mablag‘lar “Soliq” mobil ilovasi orqali keyingi oyning har 25-sanasigacha fuqarolarning bank kartalariga o‘tkazib berilishi belgilangan.

Vaqt.uz o‘rgangan ma’lumotlarda keltirilishicha, o‘tgan yil O‘zbekistonda ushbu dasturga qiziqish keskin oshgan. Masalan, 2025 yilda tizimda 12 ming 700 kishi foydalangan bo‘lsa, 2026 yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich 45 ming 200 kishiga yetgan.

Joriy yilning birinchi 3 oyida davlat budjetidan “Quyoshli xonadon” dasturida doirasida jismoniy shaxslarga subsidiya to‘lash uchun 100 mlrd so‘m ajratilgan. Ammo yilning birinchi choragida uning 73,9 mlrd so‘mi subsidiya sifatida to‘lab berilgan. Ya’ni bir yil uchun ajratilgan mablag‘ning 70 foizdan ortig‘i to‘rt oy ichida sarflab yuborilgan. Subsidiya pullarining kechikishi ham masalaning ayni shu jihati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Energetika vazirligi bergan ma’lumotda ushbu subsidiyalar davlat budjetidan moliyalashtirilishi, mablag‘larni ajratish va to‘lash bilan bog‘liq masalalar esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakolatiga kirishini ma’lum qildi.

O‘z navbatida, Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati ushbu masala yuzasidan tegishli ishlar olib borilayotgani hamda yaqin muddatda rasmiy ma’lumot taqdim etilishini bildirgan.

Oradan biroz vaqt o‘tib, O‘zbekiston Energetika vazirligining Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘limi rahbari Azimjon Zaydulloyev bu masala bo‘yicha yaqin vaqt ichida aholiga ma’lumot berilishini ta’kidlagan.

“Shu haqda tushuntirish tayyorlanyapti, kechikkan pullar albatta beriladi”, – dedi Zaydulloyev.

Biroq hozirgacha subsidiya to‘lovlari qachon to‘liq tiklanishi bo‘yicha aniq muddat e’lon qilinmagan. Shuningdek, elektr energiyasini davlatga sotish tarifi 1kWh uchun belgilangan 800 so‘mlik narx 250 so‘mga tushurilishi haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Biroq Azimjon Zaydulloyev bu ma’lumotlarni rad etib, bunday qaror qabul qilinmaganini bildirdi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov Vaqt.uzning “Avval iqtisod” ko‘rsatuvida  “Bugungi muammoning ildizi subsidiya to‘lovlarining kechikishida emas, balki mexanizmning boshidanoq noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganida”, — deya holatni izohlagan.

Uning ta’kidlashicha, ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun mablag‘ davlat budjetidan subsidiya ko‘rinishida emas, balki ushbu energiyani xarid qilib, keyinchalik iste’molchilarga sotadigan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan bozor tamoyillari asosida to‘lanishi kerak edi. Bunday tizimda quyosh paneli egasi boshqa tadbirkorlar singari o‘z mahsulotini bevosita sotib, hisob-kitoblar esa har oy to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridor va ishlab chiqaruvchi o‘rtasida amalga oshiriladi. Mutaxassisning fikricha, bu budjetga ortiqcha yukni kamaytirib, to‘lovlarning kechikishi kabi muammolarning oldini olishga xizmat qiladi.

Ishonch susaymoqda

"Quyoshli xonadon" dasturi aholini qayta tiklanuvchi energiyaga jalb qilishdagi eng muhim rag‘batlardan biri hisoblanadi. Biroq rag‘bat o‘z vaqtida ishlamasa, fuqarolarning ishonchi ham susayib, dasturga qo‘shilish istagi ham yo‘qolib boraveradi.

Vaqt.uz bog‘langan ijtimoiy tarmoq faoli Farruh To‘ramurodov ham o‘z xonadoniga quyosh panellari o‘rnatishni rejalashtirgan. Biroq quyosh panellarini o‘rnatuvchi mutaxassislar uni ortiqcha elektr energiyasi uchun ajratiladigan subsidiya mablag‘lari bir necha oydan buyon to‘lanmayotganidan ogohlantirib, hozircha quyosh panellarini xarid qilmaslikni tavsiya etgan.

"Ortib qolgan elektr energiyasini sotish maqsadida 20 KWh quvvatli quyosh paneli o‘rnatishni rejalashtirgandim. Ammo subsidiya to‘lovlari bir necha oydan buyon kechikayotgani sababli loyihani hozircha to‘xtatishga majbur bo‘ldim", — dedi To‘ramurodov.

U, shuningdek, subsidiya pullarining kechikishi yon atrofdagi boshqa tadbirkorlarda ham kuzatilayotganini qo‘shimcha qildi.

“Elektr ta’minoti korxonalari tomonidan qarzdor abonentlar ustidan nazoratning keskin kuchaygani ham subsidiya mablag‘lari bilan bog‘liq muammolarni ko‘rsatishi mumkin. Menimcha, subsidiya mablag‘lari kechikayotgani sababli elektr ta’minoti korxonalari qarzdor abonentlardan to‘lovlarni yig‘ishni yanada kuchaytirgan bo‘lishi mumkin. Albatta, bu mening shaxsiy kuzatuvim va taxminim, ammo so‘nggi paytlarda elektr inspektorlarining faollashgani shunday xulosaga kelishimga sabab bo‘ldi”, — deydi Farruh To‘ramurodov.

“Darvoqe, turli vallomatlarning “quyoshli xonadon” doirasida to‘lashga budjetda pul yo‘q degan vaj va bahonalari qip-qizil yolg‘on. 2026-yil iyun oyi davlat budjeti daromadlari xarajatlaridan 1,8 trln so‘mga ortig‘i bilan ijro qilingan”, – deydi u.

Aslida, muammo hukumat mavjud muammo yuzasidan vaqtida tushuntirish bermagani, aholini noaniqlikda qoldirgani bilan bog‘liq. Modomiki, mamlakatda qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan ekan, hukumat ushbu yo‘nalishga sarmoya kiritgan vatandoshlar oldidagi moliyaviy majburiyatlarning o‘z vaqtida bajarishi lozim.

To‘ldirish: Maqola e’lon qilinishidan biroz avval Soliq qo‘mitasi tarmoqlarda bildirilayotgan e’tirozlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, shu yilning aprel–may oylarida "Quyoshli xonadon" dasturidan foydalangan 60 ming 193 nafar jismoniy shaxsga elektr tarmoqlariga uzatilgan ortiqcha quyosh energiyasi uchun davlat budjetidan jami 156 mlrd 125 mln so‘m subsidiya to‘lab berilishini ma’lum qildi. Shu tariqa, so‘nggi oylarda kechikkan to‘lovlar bosqichma-bosqich qoplanishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid