Logo

Ronalduning surati 50 yevrolik banknotga tushirilishi mumkin

Bugun 10:252 daqiqa

Ushbu norasmiy tashabbus futbolchining mamlakat xalqaro nufuzini oshirishdagi xizmatlarini e’tirof etishga qaratilgan, biroq Yevropa Markaziy bankining qat’iy qoidalari bu g‘oyani amalga oshirishni qiyinlashtirishi mumkin.

Ronalduning surati 50 yevrolik banknotga tushirilishi mumkin © Ijtimoiy tarmoqlar

Portugaliyalik bir qator siyosatchilar besh karra «Oltin to‘p» sohibi Krishtianu Ronalduning suratini 50 yevro nominaldagi milliy banknotga joylashtirish tashabbusi bilan chiqdi. Mazkur taklif futbolchining mamlakat xalqaro nufuzini oshirishga qo‘shgan ulkan hissasini e’tirof etish maqsadida ilgari surilgan.

Hozircha ushbu g‘oya norasmiy maqomga ega. Xabarlarda taklifni ilgari surgan mualliflarning ismlari aniq ko‘rsatilmagan, shuningdek, Portugaliya davlat idoralari va Yevropa Markaziy banki («YeSB») xotira kupyurasini chiqarish rejalarini hozircha tasdiqlamagan.

Yevrohududning qat’iy reglamenti mazkur g‘oyani amalga oshirishdagi asosiy to‘siq hisoblanadi. Qoidalarga ko‘ra, alohida davlatlar yevro dizaynini mustaqil ravishda o‘zgartirish huquqiga ega emas, barcha qarorlar «YeSB» tomonidan markazlashtirilgan holda qabul qilinadi. Hozirgi vaqtda regulyator Yevropa madaniyati va tabiatiga oid yangi banknotlar dizayni konsepsiyalarini ko‘rib chiqmoqda. Yangi dizaynlarning yakuniy tasdig‘i 2026 yil oxirida qabul qilinishi kutilmoqda.

Oldingi mish-mishlar va futbolchining rekordlari

Avvalroq, 2025 yilning dekabr oyida Portugaliya banki hujumchi sharafiga gipotetik 7 yevrolik banknot chiqarilishi haqida tarqalgan virusli mish-mishlarni rasman rad etgan edi.
Byurokratik qoidalar sababli banknot chiqarish ehtimoli past bo‘lsa-da, mazkur tashabbus Ronalduning Portugaliya madaniyati va tarixidagi milliy maqomini ko‘rsatadi.

Hujumchi 23 yillik xalqaro faoliyati davomida terma jamoa safida o‘tkazilgan o‘yinlar (234 ta) va urilgan gollar (146 ta) soni bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatgan.

Shuningdek, u terma jamoani «Yevro-2016» musobaqasidagi tarixiy g‘alabaga yetaklagan edi.

Teglar

Mavzuga oid