add

«Rossiya Qozog‘iston uchun Xudo bergan qo‘shni» — To‘qayev

Qozog‘iston prezidenti To‘qayev nutqida qozoqlarning «Qұday qosqan kөrshі» , ya’ni «Xudo bergan qo‘shni»degan maqolini keltirib, Rossiyani Qozog‘iston uchun ana shunday qo‘shni ekanligini aytdi.

«Rossiya Qozog‘iston uchun Xudo bergan qo‘shni» — To‘qayev

Kremldagi davlat qabul marosimida To‘qayev Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikni «beqiyos» deb baholab, ikki davlat o‘rtasida hal etilmas masala yo‘qligini ta’kidladi.

Marosimda so‘zga chiqqan To‘qayev ikki mamlakatni bog‘lab turgan umumiy tarix va jasoratli sinovlarni alohida e’tirof etdi. Uning ta’kidlashicha, Qozog‘iston va asrlar davomida qiyin davrlarni birgalikda boshdan kechirib, bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelgan.

«Ko‘p asrlik donishmandlik qozoqlarning «Qұday qosqan kөrshі», ya’ni «Xudo bergan qo‘shni» degan hikmatini saqlab kelmoqda. Rossiya Qozog‘iston uchun ana shunday qo‘shnidir», — dedi To‘qayev.

Uning ta’kidlashicha, ikki xalq o‘rtasidagi ichki yaqinlik va umumiy tarix bugungi strategik sheriklikning asosiy ustuni hisoblanadi.

Vladimir Putin ham o‘z navbatida Qozog‘istonni Rossiya uchun «mehribon qo‘shni» deb atadi. U ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmat tamoyillari asosida rivojlanayotganini qayd etdi. Putinning aytishicha, Qozog‘iston va Rossiya ko‘p qirrali va teng huquqli hamkorlikni izchil kuchaytirmoqda.

Qozog‘iston prezidenti bugungi kunda Qozog‘iston va Rossiya samarali hamkorlik qilmagan sohalar deyarli qolmaganligini bildirdi. Uning fikricha, ikki mamlakat o‘rtasida hal etilmaydigan masala yo‘q va bu tomonlarning yuksak mas’uliyati hamda samimiy muloqotga tayyorligidan dalolat beradi.

Ma’lumot uchun, To‘qayev 11-noyabr kuni Putinning taklifi bilan Rossiyaga borgan edi. Tashrif doirasida Putin va To‘qayev Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qildi.

Eslatib o‘tamiz, Mirziyoyevning taklifiga To‘qayev 14-16-noyabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi. 16-noyabr kuni esa Markaziy Osiyo mamlakatlari liderlarining navbatdagi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

Teglar

Mavzuga oid

«Rossiya Qozog‘iston uchun Xudo bergan qo‘shni» — To‘qayev | Vaqt.uz