Logo

Rossiya va Eronga qarshi katta o‘yin: AQSH Markaziy Osiyo gazini Yevropaga burish jarayonini tezlashtirmoqda

Kecha 19:105 daqiqa

Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo gazini Rossiya va Eronni chetlab o‘tgan holda Yevropaga yo‘naltiruvchi Transkaspiy gaz quvuri loyihasini tezlashtirishga kirishdi. Shu maqsadda AQSH Davlat departamentining yuqori martabali vakillari ketma-ket Ashxobodga tashrif buyurmoqda. Garchi Turkmaniston Yevropaga Kaspiy dengizi orqali tabiiy gaz yetkazib berishga roziligini bildirgan bo‘lsa-da, bu yo‘lda jiddiy geosiyosiy va tijoriy to‘siqlar saqlanib qolmoqda.

Rossiya va Eronga qarshi katta o‘yin: AQSH Markaziy Osiyo gazini Yevropaga burish jarayonini tezlashtirmoqda © Ijtimoiy tarmoqlar

Qo‘shma Shtatlar Turkmaniston gazini Yevropa bozorlariga eksport qilish loyihasini ilgari surish maqsadida mintaqaga o‘zining yana bir yuqori martabali vakilini yubordi. Davlat departamenti xabariga ko‘ra, Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Kristofer Landau 16–24-noyabr kunlari Tojikiston, Turkiya va Turkmanistonga safar qilmoqda. Bu safar Vashingtonning mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish siyosati doirasida amalga oshirilmoqda. Unda asosiy e’tibor biznes, transport infratuzilmasi va strategik tarmoqlarni rivojlantirishga qaratiladi.

Amerikalik diplomatning tashrifi Dushanbedan boshlandi. Ma’lum qilinishicha, Landau Tojikistonning yuqori martabali rasmiylari va xususiy sektor vakillari bilan iqtisodiy hamkorlik, terrorizmga qarshi kurash, xavfsizlik va boshqa sohalardagi sheriklik masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgan.

Shundan so‘ng Landau AQSH va Turkiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qilish uchun Istanbulga jo‘nab, turkiyalik yuqori lavozimli amaldorlar hamda biznes yetakchilari bilan uchrashadi. Davlat departamentiga ko‘ra, bu muzokaralar savdo aloqalarini mustahkamlash, Amerika kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda AQSHning energetik xavfsizligi va ta’minot zanjirlari barqarorligini ta’minlashga qaratilgan.

Anqaradagi uchrashuvlar yakunlangach, Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Ashxobodga yo‘l oladi. U yerda Landau hukumat rahbariyati hamda Turkmaniston va Amerika biznes hamjamiyatlari vakillari bilan uchrashishi kutilmoqda. AQSH ma’muriyati bu tashrifni Transkaspiy yo‘lagi orqali energiya eksportini diversifikatsiya qilish hamda «Xalqaro tinchlik va farovonlik uchun Tramp yo‘nalishi» doirasida Turkmaniston bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlarning bir qismi deb hisoblaydi.

«Bu safar AQSHning tranzit, energiya oqimlari va ta’minot zanjirlari barqarorligi uchun o‘ta muhim bo‘lgan ushbu mintaqada diplomatiyani savdo va investitsiya maqsadlari bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan kengroq sa’y-harakatlarini tasdiqlaydi», — deyiladi departament xabarida.

Darvoqe, Landau Transkaspiy gaz quvuri loyihasi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun so‘nggi kunlarda Ashxobodga tashrif buyurgan ikkinchi yuqori martabali Amerika diplomatidir. Avvalroq, 3-noyabr kuni Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur ham turkman gazini Yevropaga yetkazib berish masalasini muhokama qilish uchun Turkmanistonga borgan edi. Diplomat Turkmanistonning milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashib, so‘ngra Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Ta’kidlash o‘rinliki, Kristofer Landauning o‘zi ham Markaziy Osiyo bilan energetika sohasidagi hamkorlikni, xususan, Transkaspiy gaz quvuri orqali tabiiy gaz yetkazib berishni diversifikatsiya qilishni faol qo‘llab-quvvatlab keladi. O‘tgan yilning oktabr oyida u mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va savdo infratuzilmasini yaxshilashga ko‘maklashish maqsadida maxsus vakil Serjio Gor va AQSHning boshqa rasmiylari bilan birgalikda Markaziy Osiyoga, jumladan, Qozog‘iston va Turkmanistonga safar qilgan edi.

1

Joriy yilning may oyida Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov AQSHga tashrifi chog‘ida Landau bilan muzokaralar o‘tkazgandi. Keyinroq, sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkdagi sessiyasi doirasida ham tomonlar o‘rtasida muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Garchi bu uchrashuvlar tafsiloti keng ommaga e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, yuqori darajadagi bunday muzokaralarning barchasida asosiy mavzu aynan Transkaspiy gaz quvuri bo‘lgani haqida ma’lumotlar bor.

Shu paytgacha Turkmanistonning Transkaspiy loyihasiga nisbatan pozitsiyasi unchalik oydin emasdi. Biroq endilikda Ashxobod ushbu loyihani amalga oshirish o‘zining strategik maqsadlaridan biri ekanini ochiq bildirib, bu borada AQSHning qo‘lloviga erishishga urinmoqda. Xususan, 23-oktabr kuni «Turkmangaz» davlat konserni raisi Maksat Babayev Turkmaniston Kaspiy dengizi orqali Ozarboyjonga, u yerdan esa Gruziya va Turkiya orqali Yevropaga gaz yetkazib berishga tayyorligini ma’lum qildi.

Babayevning so‘zlariga ko‘ra, Ashxobod suv osti gaz quvuri qurilishi bo‘yicha Ozarboyjon bilan muzokaralarni davom ettirmoqda. Ammo Turkmaniston gazni faqat o‘z chegarasida sotishni ma’qul ko‘ryapti. Uni keyingi manzillarga tashish masalasi esa loyihaning boshqa ishtirokchilari bilan qo‘shimcha kelishuvlarni talab qiladi. «Biz Transkaspiy yo‘nalishini tabiiy gaz bilan ta’minlashga rozimiz. Buning uchun loyihani xomashyo bilan ta’minlaydigan «Galkinish» konini o‘zlashtirishning navbatdagi bosqichini boshlash zarur», — dedi «Turkmangaz» rahbari.

2

«Galkinish» — Turkmanistonning eng yirik neft koni bo‘lib, uning zaxiralari qo‘shni «Yashlar» va «Garako‘l» konlari bilan birgalikda 27,4 trillion kub metrga yetadi.

Ma’lumki, AQSH va Yevropa Ittifoqi Kaspiy mintaqasining uglevodorodlarga boy davlatlarini (xususan, Ozarboyjon, Qozog‘iston va Turkmanistonni) o‘zlarining hayotiy muhim energetik hamkorlari deb biladi. Shu sababli neft va tabiiy gaz importini diversifikatsiya qilish strategiyasida Boku, Ostona va Ashxobod Yevropa uchun alohida o‘rin tutadi. Ayni shu nuqtai nazardan, Transkaspiy loyihasi so‘nggi yillarda yana dolzarblashdi va G‘arbning yuqori martabali rasmiylari bu loyihani amalga oshirish maqsadida mintaqaga birin-ketin tashrif buyurmoqda. Qolaversa, bu quvur loyihasi AQSHning Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazga nisbatan olib borayotgan strategiyasining markazidan joy olgan.

Biroq Kaspiy tubi bo‘ylab uzunligi qariyb 300 kilometr va o‘tkazish qobiliyati yiliga 30 milliard kub metrgacha bo‘lgan quvur yotqizish tashabbusi 1990-yillarning o‘rtalaridayoq ilgari surilganiga qaramay, uning yo‘lida bir qator jiddiy to‘siqlar yuzaga keldi va ular bugungi kungacha saqlanib qolmoqda. Ulardan biri — Kaspiy dengizining huquqiy maqomi bilan bog‘liq ochiq qolgan masalalardir. Boshqa tomondan, sohilbo‘yi davlatlari o‘rtasida Kaspiy akvatoriyasini taqsimlash bo‘yicha hanuz yagona kelishuv yo‘q. Masalan, Eron dengizni qirg‘oq chizig‘i bo‘ylab taqsimlash tamoyiliga haligacha rozi emas va o‘ziga kattaroq ulush tegishini talab qilmoqda.

Garchi G‘arb tahlilchilari AQSH ma’muriyatining kuchli siyosiy qo‘llovi, Moskvaning mintaqadagi ta’siri susayishi va Eron atrofidagi hozirgi vaziyat bu to‘siqlarni yengib o‘tishga imkon beradi, deb hisoblasa-da, loyiha qurilishiga Rossiya va Eron tomonidan ko‘rsatilayotgan qarshilik yana bir jiddiy muammoligicha qolmoqda.

Nihoyat, uchinchi asosiy to‘siq bevosita tijoriy masalalarga borib taqaladi. Gaz quvuri qurilishiga ko‘p milliardlik sarmoyalarni jalb qilish uchun bu quvur orqali tashiladigan gazni oldi-sotdi qilish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar zarur. Biroq, «Turkmangaz» rahbari ta’kidlaganidek, Turkmaniston gazni faqat o‘z chegarasida sotishga tayyor, ya’ni Ashxobod uning keyinchalik Ozarboyjon va Turkiya orqali tranzit qilinishida ishtirok etishni xohlamaydi. Aftidan, bunday ehtiyotkorona yondashuv loyiha bilan bog‘liq ehtimoliy siyosiy xavf-xatarlarni minimallashtirishga qaratilgan.

 

Teglar

Mavzuga oid