Logo

Rossiyada yangi safarbarlik vahimasi odamlarni yana mamlakatdan chiqib ketishga undamoqda

Bugun 19:282 daqiqa

Faqatgina avgust oyining o‘zida mamlakatni tark etish bo‘yicha so‘rovlar soni 6 barobarga ko‘paygan. Odamlar Qozog‘iston va Yevropa Ittifoqi davlatlariga qaraganda vizasiz rejimga ega Armaniston hamda Gruziyani ko‘proq tanlamoqda.

Rossiyada yangi safarbarlik vahimasi odamlarni yana mamlakatdan chiqib ketishga undamoqda © Foto: haqqin.az

Rossiyaliklar yangi safarbarlik to‘g‘risidagi mish-mishlar fonida mamlakatni tark etish masalasiga ko‘proq qiziqa boshladi. Emigratsiya qilish istagida bo‘lganlar birinchi navbatda Armaniston yoki Gruziyaga ko‘chib o‘tishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Kovcheg» huquqni muhofaza qilish tashkiloti ma’lumotlariga tayanib xabar berildi.

Tashkilot tomonidan Rossiyadan emigratsiya qilish imkoniyatlari bo‘yicha so‘rovlar sezilarli darajada oshgani qayd etilgan. Xususan, «Meduza» nashriga ma’lum qilinishicha, avgust oyining dastlabki 20 kuni ichida qo‘llab-quvvatlash botiga Rossiyadan chiqib ketish bo‘yicha kelib tushgan savollar 2026 yilning butun may oyiga qaraganda 6,3 barobar ko‘paygan.

Shuningdek, chat moderatorlariga emigratsiya bo‘yicha murojaatlar soni ham may oyiga nisbatan 5,27 barobarga o‘sgan.

Asosiy yo‘nalishlar va qiziqishning pasayishi

Kelib tushayotgan so‘rovlarga ko‘ra, rossiyaliklarni eng ko‘p Armaniston va Gruziyaga, shuningdek, Serbiya, Argentina va umuman Lotin Amerikasi davlatlariga ko‘chib o‘tish imkoniyati qiziqtirmoqda.

«Ushbu mamlakatlarga bo‘lgan qiziqish rossiyaliklar uchun vizasiz rejim mavjudligi va 2022 yildan buyon u yerga ko‘chib o‘tgan Rossiya fuqarolari haqida ko‘plab ma’lumotlar borligi bilan izohlanadi», — deya ta’kidlanadi «Kovcheg» xabarida.

Shu bilan birga, tashkilot Qozog‘iston, Chernogoriya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga ko‘chib o‘tishga bo‘lgan qiziqishning pasayganini qayd etgan. Bunga Qozog‘istonning legallashtirish va kirish qoidalarini qatiylashtirgani hamda siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qibga uchraganlarni ushlab berayotgani, Chernogoriyaning RF fuqarolari uchun viza joriy qilayotgani, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida esa vizani uzoq kutish va uni olish uchun qat’iy moliyaviy talablar o‘rnatilgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Safarbarlik mish-mishlari va rasmiy munosabat

Tashkilot vakillarining ma’lum qilishicha, Rossiyadan emigratsiyaga bo‘lgan qiziqishning o‘sishi sentabr oyidagi saylovlardan so‘ng boshlanishi kutilayotgan yangi safarbarlik to‘lqini hamda Rossiya Federatsiyasidan chiqish vizalarini joriy etish rejalari haqidagi mish-mishlar bilan bog‘liq.

Iyun oyining oxiridan boshlab turli manbalar yangi safarbarlik to‘lqini ehtimoli haqida xabar berib kelmoqda. Eng keng tarqalgan taxminlarga ko‘ra, safarbarlik sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlardan keyin e’lon qilinishi mumkin.

Rossiya hukumati yangi safarbarlik rejalarini rasman inkor etmoqda. Nashrning eslatib o‘tishicha, rasmiylar 2022 yilning sentabrida safarbarlik e’lon qilinishidan oldin ham xuddi shunday bayonotlar bilan chiqqan edi. Bundan tashqari, safarbarlikni yakunlash to‘g‘risidagi rasmiy farmon haligacha mavjud emas.

«Bu esa hukumatga uni istalgan qulay vaqtda o‘tkazish imkonini beradi», — deya xulosa qilinadi xabarda.

Teglar

Mavzuga oid