Logo

Shavkat Mirziyoyev Bishkekda Si Jinping bilan uchrashdi

O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari savdo, investitsiya, energetika hamda transport sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Shavkat Mirziyoyev Bishkekda Si Jinping bilan uchrashdi © Foto: president.uz

Bishkekda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Jinping bilan uchrashdi. Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda kelgusi yil O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 35 yil to‘lishi qayd etildi. Shu munosabat bilan yubiley sanani keng nishonlash bo‘yicha tadbirlar dasturini tayyorlash taklif qilindi.

Tomonlar siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik izchil rivojlanayotganini ta’kidladi. Tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi strategik muloqotni davom ettirish va parlamentlararo aloqalarni chuqurlashtirish muhimligi qayd etildi.

2025 yilda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 18 milliard dollarga yaqinlashdi. Muzokaralarda yaqin yillarda ushbu ko‘rsatkichni 30 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha yangi marrani belgilash taklif qilindi.

Buning uchun sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish, O‘zbekiston korxonalarining Xitoydagi savdo ko‘rgazmalarida faol ishtirokini ta’minlash rejalashtirilmoqda.

Ayni paytda qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli qariyb 60 milliard dollarni tashkil etmoqda. O‘zbekistonda 6 mingdan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.

Energetika, kimyo, metallurgiya, qurilish materiallari, oziq-ovqat, transport, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi va yuqori texnologiyalar sanoat kooperatsiyasining istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Raqamli iqtisodiyot va tog‘-kon sohasidagi yangi «o‘sish nuqtalari»ni kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Texnologiya va transport


Texnologik sheriklikning muhim namunasi sifatida «BYD» kompaniyasi bilan elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qayd etildi. Tomonlar ishlab chiqarish quvvatlari va mahalliylashtirish darajasini oshirish rejalarini qo‘llab-quvvatladi.

Xitoy kompaniyalariga O‘zbekiston hududlaridagi qo‘shma sanoat zonalarida ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishda faol ishtirok etish taklif qilindi. Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirishga ham qiziqish bildirildi.

Energetika sohasida an’anaviy va muqobil energetika bo‘yicha sheriklikni kengaytirish, Xitoy kompaniyalarini tinch atom loyihalariga jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Transport sohasida «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» strategik temir yo‘lini qurish ishlarini davom ettirish muhimligi ta’kidlandi. Ushbu yo‘nalish Yevroosiyo transport tizimining muhim bo‘g‘iniga aylanishi kutilmoqda.

Gumanitar aloqalar kengaymoqda

Turizm va gumanitar almashinuvlarni rivojlantirish, ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida aviaqatnovlar geografiyasi va parvozlar sonini kengaytirish rejalari ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston va Xitoy madaniyat markazlarini ochish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi. Yil yakuniga qadar Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish, 2027–2029 yillarga mo‘ljallangan madaniy tadbirlar dasturini qabul qilish taklif etildi.

Ilm-fan, ta’lim va kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlikni kengaytirish, Xitoy tilini o‘rganish, qo‘shma ta’lim dasturlarini ko‘paytirish hamda o‘zbekistonlik yoshlar uchun Xitoyda tahsil olish kvotalarini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Muzokaralarda «Xitoy – Markaziy Osiyo» formatidagi mintaqaviy sheriklikni chuqurlashtirish va kelgusi yil Xitoyda o‘tkaziladigan uchinchi sammitga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi. Mirziyoyev Si Jinpingni O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.

Teglar

Mavzuga oid