Logo

Shavkat Mirziyoyev Pokiston prezidenti va bosh vaziriga hamdardlik bildirdi

Shifoxonaning uchinchi qavatidagi chaqaloqlar reanimatsiyasi (neonatal) bo‘limida kelib chiqqan yong‘in oqibatida kamida 14 nafar yangi tug‘ilgan chaqaloq halok bo‘lgan.

Shavkat Mirziyoyev Pokiston prezidenti va bosh vaziriga hamdardlik bildirdi © Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston poytaxti Islomobod shahridagi tibbiyot muassasasida sodir bo‘lgan kuchli yong‘in oqibatida ko‘plab go‘daklar halok bo‘lgani va jarohat olgani munosabati bilan Pokiston prezidenti Osif Ali Zardoriy va bosh vaziri Shahboz Sharifga ta’ziya maktubi yo‘lladi.

O‘zbekiston rahbari halok bo‘lgan bolalarning oila a’zolari va yaqinlariga sabr-toqat, jarohat olganlarning tez fursatda sog‘ayib ketishini tilagan.

Islomoboddagi fojia tafsilotlari


Bugun 26-avgust kuni ertalab Islomoboddagi eng yirik davlat shifoxonalaridan biri — Pokiston tibbiyot fanlari institutining (PIMS) Ona va bola salomatligi markazida kuchli yong‘in yuz bergan.

Mahalliy va xalqaro nashrlarning xabar berishicha, kasalxonaning uchinchi qavatidagi chaqaloqlar reanimatsiyasi (neonatal) bo‘limida kelib chiqqan yong‘in oqibatida kamida 14 nafar yangi tug‘ilgan chaqaloq halok bo‘lgan.

Voqea vaqtida palatada 15-16 nafar go‘dak bo‘lgani va ulardan faqat bir nafari qutqarib qolingan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yong‘in mahalliy vaqt bilan soat 06:45 atrofida konditsioner kompressorining portlashi yoki elektr tarmog‘idagi qisqa tutashuv oqibatida boshlangan. Xonadagi kislorod tarmog‘i va ballonlarning mavjudligi olovning tez tarqalishiga sabab bo‘lgan.

Voqea joyiga o‘t o‘chirish ekipajlari va qutqaruvchilar jalb etilib, yong‘in bartaraf qilingan. Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif mazkur fojiani «o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotish», — deya ta’kidlab, holat yuzasidan zudlik bilan tergov o‘tkazishni buyurdi. O‘z o‘rnida, Pokiston Prezidenti Osif Ali Zardoriy aybdorlar aniqlanib, qonun doirasida javobgarlikka tortilishini bildirdi va barcha shifoxonalarda yong‘in xavfsizligi choralarini ko‘rib chiqishni talab qildi. Hozirda voqea sabablarini o‘rganish bo‘yicha maxsus komissiya tuzilgan.

Teglar

Mavzuga oid