add

Shavkat Mirziyoyev Sirdaryodagi sanoat korxonalari faoliyatini ko‘zdan kechirdi

Kecha 14:552022 daqiqa

Prezident Sirdaryoga tashrifi davomida farmatsevtika va qadoqlash sanoatining yirik korxonalaridagi ishlab chiqarish quvvatlari va yangi loyihalar bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev Sirdaryodagi sanoat korxonalari faoliyatini ko‘zdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-dekabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurib, safarni farmatsevtika sohasidagi yetakchi «River Med Pharm» korxonasidan boshladi. Mazkur korxona mamlakatda ishlab chiqarilayotgan infuzion eritmalarning 20 foizini tayyorlaydi va yuqori sterillik talab qiladigan tibbiy mahsulotlar bo‘yicha muhim ulushga ega. 30 million dollarlik investitsiya hisobiga barpo etilgan korxonada 750 nafar kishi ish bilan ta’minlangan bo‘lib, yiliga 114 million dona, qiymati 135 milliard so‘mlik dori vositalari ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlarning 20 foizi eksport qilinayotgani korxonaning xalqaro raqobatbardoshligini ko‘rsatadi.

Noyabr oyida ishlab chiqarishning ikkinchi bosqichi ishga tushirilib, quvvatlar sezilarli ravishda kengaytirildi. Yangi liniyalar yiliga 30 million dona infuzion eritma, 70 million dona quruq antibiotik va 20 millionga yaqin ko‘z-burun tomchilarini ishlab chiqarish imkonini beradi. Kelgusida mahsulot turlari 200 xilgacha ko‘paytirilishi, tabletka va kapsula ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi hamda ish o‘rinlari mingtaga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Prezident viloyat faollari va nuroniylar bilan muloqotda hududdagi iqtisodiy rivojlanish, sanoat va qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha fikr almashdi. U tashabbuskorlik va faollik islohotlar samaradorligini oshirishda hal qiluvchi omil ekanini ta’kidladi.

Davlat rahbari keyinchalik «Sirdaryo» erkin iqtisodiy zonasida joylashgan «Invest Asia» korxonasida bo‘ldi. Mazkur majmua polipropilen qop, yumshoq konteyner va stretch plyonka ishlab chiqarish bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi sanalib, ichki bozordagi mahsulotlarning katta qismini ta’minlab kelmoqda. 60 gektar maydonda barpo etilgan korxonada 2,5 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, qadoqlash materiallari turli sohalardagi ishlab chiqaruvchilar uchun muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

«Invest Asia» mamlakatda bioaksal yo‘naltirilgan polipropilen plyonka ishlab chiqaradigan yagona korxona hisoblanadi. Joriy yilning 10 oyida 1,9 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 23 million dollarlik eksport amalga oshirilgan. Prezident texnologik jarayonlar bilan tanishib, ishchilar va investorlar bilan muloqot qildi. Korxonada yil oxirigacha spanbond va meltblaun mato ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Loyihalar to‘liq quvvatga chiqqanidan keyin ish o‘rinlari 10 mingtaga yetkazilishi, polimerlarni qayta ishlash hajmi 280 ming tonnagacha oshishi kutilmoqda. Prezident xorijiy investorlar bilan uchrashuvda har bir investitsiya loyihasi hudud rivojiga xizmat qilishini ta’kidlab, ularga davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid