Shavkat Mirziyoyev Toshkentdan Parkentga elektropoyezdda bordi
24 km lik Baytqo‘rg‘on-Parkent elektrlashtirilgan bir izli temir yo‘l liniyasi qurilishi uchun 535,4 mlrd so‘m sarflangan.
© Foto: president.uzShavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni Toshkentdan Parkentga elektropoyezdda bordi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha doirasida 24 km lik Baytqo‘rg‘on–Parkent elektrlashtirilgan bir izli temir yo‘l liniyasi qurilishi 535,4 mlrd so‘mga tushgan. Sentyabr oyidan buyon Toshkent–Parkent yo‘nalishida qatnayotgan olti vagonli EP3D elektropoyezdining qiymati esa 124 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Parkentgacha temir yo‘l qurilishi prezident topshirig‘iga ko‘ra 2025-yil yanvarida boshlangan va 14 oydan ortiq davom etgan. Qurilish ishlari shu yilning aprel oyida yakunlangan. Loyiha doirasida bitta yangi bekat, uchta ko‘prik, avtomobil yo‘l o‘tkazgichi, 16 ta kesishma va 77 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etilgan. Liniya ishga tushishi bilan 40 ta ish o‘rni yaratilgan.
Elektropoyezd imkoniyatlari va yo‘l haqi
EP3D elektropoyezdi 586 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, soatiga 120 km gacha tezlikda harakatlanadi. Poyezd umumiy uzunligi 57,6 km bo‘lgan yo‘lni 1 soat 13 daqiqada bosib o‘tadi. U kuniga 2000 nafargacha, yiliga esa 300 ming nafargacha yo‘lovchi tashishi mumkin.
Yo‘nalishda yo‘l haqi 10 ming so‘mni tashkil etadi. Bu ushbu yo‘nalishdagi taksining o‘rtacha narxidan 2,5 baravar arzondir.
Vagonlarda iqlim nazorati, USB quvvatlash nuqtalari va bepul Wi-Fi mavjud. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ko‘targichlar va moslashtirilgan joylar, velosiped tashish moslamalari o‘rnatilgan.
Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida videokuzatuv hamda to‘qnashuvda zarba kuchini kamaytiruvchi tizimlar nazarda tutilgan.
Safar chog‘ida prezident Toshkent viloyatining iqtisodiy salohiyatidan samaraliroq foydalanish, yerdan unumli foydalanish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalariga to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi va mahsulotlarni qayta ishlash tarmoqlari salohiyatini kamida ikki baravar oshirish mumkin.
Mirziyoyev Parkentning yangi vokzal stansiyasi bilan tanishar ekan, temir yo‘l infratuzilmasini yanada takomillashtirish, vokzallarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, yo‘lovchilar uchun qulay sharoitlarni kengaytirish, qatnovlar samaradorligini ta’minlash va temir yo‘lga tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.





