Logo

Sodda tushuntiramiz. MCHJ qanday ochiladi? Qo‘llanma

O‘zbekistonda kompaniyani mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etish uchun qayerga murojaat qilish kerak va qanday hujjatlar talab etiladi? Vaqt.uz  ushbu maqolada uni onlayn va oflayn ochish tartibini tushuntiradi.

Sodda tushuntiramiz. MCHJ qanday ochiladi? Qo‘llanma

Biznes boshlamoqchi bo‘lganlarning ko‘pchiligi yakka tartibdagi tadbirkorlik yoki aksiyadorlik jamiyatidan ko‘ra mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklini afzal ko‘radi.

MCHJ nima?

Mas’uliyati cheklangan jamiyat bir yoki bir nechta ta’sischi tomonidan tashkil etiladigan alohida yuridik shaxs hisoblanadi. MCHJning o‘z nomi, huquq va majburiyatlari bo‘ladi.

Quyida uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qayerga murojaat qilish mumkinligini ko‘rib chiqamiz:

MCHJ ochish uchun qanday hujjatlar kerak?

MCHJni ro‘yxatdan o‘tkazishdan oldin quyidagi ma’lumotlarni tayyorlab qo‘yish kerak:

●       korxona nomi;

●       ta’sischi yoki ta’sischilar haqidagi ma’lumotlar;

●       rahbar haqidagi ma’lumotlar;

●       yuridik manzil;

●       korxonaning faoliyat turi;

●       ta’sis hujjatlari.

Qayerlarda ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin?

O‘zbekistonda MCHJni ikki usulda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mumkin:

1. Onlayn — Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali: my.gov.uz orqali.

2. Oflayn — Davlat xizmatlari markazi orqali.

Onlayn ro‘yxatdan o‘tishda my.gov.uz’dagi «Yangi tadbirkorlik subyektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish» xizmatidan foydalaniladi.

Davlat xizmatlari markazlarida esa yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish xizmati mavjud.

MCHJ ochish uchun qanday hujjatlar kerak?

Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida quyidagi hujjat va ma’lumotlar talab etiladi:

●       korxona nomi;

●       ta’sischi yoki ta’sischilar haqidagi ma’lumotlar;

●       rahbar haqidagi ma’lumotlar;

●       yuridik manzil;

●       korxonaning faoliyat turi;

●       ta’sis hujjatlari.

IDXP orqali ariza berish tartibi

photo_2026-08-11_11-33-19

                                                          Manba: Vaqt.uz my.gov.uz sayti

 

Onlayn ro‘yxatdan o‘tishning umumiy tartibi quyidagicha:

1. my.gov.uz  saytiga kiring

Avvalo Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz  saytiga kiriladi. Portalga kirish uchun shaxsiy kabinetdan foydalanish kerak. OneID tizimida ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsangiz, avval unda akkaunt oching.

2. Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish xizmatini tanlang

Portalda «Yangi tadbirkorlik subyektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish» xizmatini topib, ariza yuboriladi. Bu xizmat orqali tadbirkorlik faoliyatining turli shakllarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mumkin.

3. MCHJ haqidagi ma’lumotlarni kiriting

Arizada korxonaning asosiy ma’lumotlari ko‘rsatiladi. Jumladan, MCHJ nomi, ta’sischilar, rahbar, yuridik manzil va faoliyatga oid ma’lumotlar kiritiladi.

4. Ta’sis hujjatlarini ilova qiling

MCHJni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat tilidagi ta’sis hujjatlari talab qilinadi.

5. Arizani yuboring

Kiritilgan ma’lumotlar va ilova qilingan hujjatlarni tekshirib, arizani tasdiqlang. Shundan so‘ng belgilangan davlat boji to‘lanadi.

Tizim arizani va unga biriktirilgan hujjatlarni qonunchilik talablariga muvofiqligini tekshiradi. Shundan so‘ng tadbirkorlik subyektiga yagona  identifikator berilib, ma’lumotlar yagona davlat reyestriga kiritiladi.

6. Ro‘yxatdan o‘tganlik haqidagi hujjatni oling

Ro‘yxatdan o‘tkazish yakunlangach, natija Yagona portal orqali yuboriladi.

Internet orqali ariza topshirishni istamaganlar Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilishi mumkin.

 

920__95_2139121128

Davlat xizmatlari markazlarida yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish xizmati ko‘rsatiladi. Bunda tadbirkor MCHJni tashkil etish uchun zarur ma’lumot va hujjatlarni taqdim etadi. Markaz xodimi arizani tizimga kiritishga yordam beradi.

Jarayon qancha vaqt oladi?

Amaldagi davlat xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yangi tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish real vaqt rejimida, lekin 30 daqiqadan oshmagan vaqt ichida amalga oshirilishi belgilangan. Bu MCHJ ochish uchun hujjatlarni tayyorlashga ketadigan vaqtni hisobga olmaydi — ya’ni arizani to‘ldirish va hujjatlarni tayyorlash vaqti alohida.

Davlat boji qancha?

MCHJni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat boji BHMga nisbatan belgilanadi.  Uni davlat xizmatlari markazi orqali ro‘yxatdan o‘tkazganda 1 BHM — 412 ming so‘m davlat boji to‘lanadi. Onlayn orqali murojaat qilinganda 10 foizlik chegirma qo‘llanib, to‘lov summasi 370 800 so‘mni tashkil etadi.

Keyin nima qilish kerak?

 

MCHJ davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgach, biznesni boshlash uchun boshqa tashkiliy masalalarni ham hal qilish kerak bo‘ladi.

Jumladan:

●       bank hisobvarag‘i ochish;

●       soliq hisobini yuritish;

●       buxgalteriya hisobini tashkil etish;

●       zarur bo‘lsa, elektron raqamli imzo olish;

●       xodimlar bo‘lsa, ularni qonunchilikka muvofiq rasmiylashtirish;

●       faoliyat turi litsenziya yoki ruxsatnoma talab qilsa, tegishli hujjatlarni olish.

my.gov.uz  biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish xizmatidan keyin boshqa davlat xizmatlari, jumladan soliq va mehnat xizmatlaridan ham foydalanish imkoniyatlarini taqdim etadi.

Tayyorladi : Diyora Xabibullayeva

 

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Mavzuga oid