«SSSRga qaytish uchun vaqt mashinasi kerak»: «Telegram» bloklanishiga qarshi rus elitasi isyon ko‘tardi

Kecha 21:558 daqiqa

Internetning uzilishi Vladimir Putin reytingini pasaytirib yubordi. Hukumat cheklovlarni yumshatishga tayyor, ammo buni qanday amalga oshirishni hozircha bilmayapti.

«SSSRga qaytish uchun vaqt mashinasi kerak»: «Telegram» bloklanishiga qarshi rus elitasi isyon ko‘tardi

10-aprel kuni «VSIOM» davlat sotsiologiya markazi prezident Putinni qo‘llab-quvvatlash darajasi 67,8 foizgacha tushib ketganini ma’lum qildi. Bu 2022 yil fevralidan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir. Sotsiologlarning ta’kidlashicha, urush boshlanishidan oldin o‘tkazilgan so‘nggi so‘rovnomada mazkur ko‘rsatkich 64,3 foizni tashkil qilgan edi. Shundan so‘ng, hatto Xerson boy berilganidan va Ukraina harbiylarining Kursk viloyatiga bostirib kirishidan keyin ham prezident reytingi biror marta 70 foizdan pastga tushmagan.

Rossiya prezidenti ma’muriyatiga aloqador bo‘lgan «Jamoatchilik fikri» fondi (FOM) ham Putinning reytingi 74 foizgacha pasayganini qayd etmoqda. Bu prezidentning so‘nggi bir yil ichidagi eng yomon natijasidir. Hukmron «Yagona Rossiya» partiyasining reytingi ham zarar ko‘rdi — yilning dastlabki uch oyi ichida u 36 foizdan 30 foizgacha pasaydi.

Hukumat obro‘si tushib ketishining asosiy sabablaridan biri mobil internetning bloklanishi hamda «Telegram» va «WhatsApp» tarmoqlarining uzib qo‘yilishi bo‘ldi. Mart oyida Moskva aholisi qariyb uch hafta davomida mobil internetsiz yashadi. Rossiya hukumatining topshirig‘iga ko‘ra, provayderlar mamlakatdagi eng ommabop messenjer bo‘lmish «Telegram» tarmog‘ining (90 milliondan ortiq foydalanuvchisi bor) ishlash tezligini shunchalik pasaytirib yubordiki, oqibatda undan foydalanish deyarli imkonsiz bo‘lib qoldi.

Blogerlar norozilik timsoliga aylandi

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskvadagi tarmoq uzilishlarini Kiyev tomonidan uyushtirilayotgan «puxta o‘ylangan hujum usullari»ga qarshi kurashish zarurati bilan izohladi. Amaldorning iddao qilishicha, bu cheklovlar go‘yoki fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun zarur.

«Biroq bunday bahona jamiyatdagi norozilik kayfiyatini pasaytirishga yordam bermadi. Aloqadagi muammolar hatto hukumatga sodiq saylovchilar va ochiqdan-ochiq urushni yoqlovchi mualliflarda ham keskin salbiy munosabat uyg‘otdi», — deb yozadi jurnalist, «Na Zzzzzapadnom fronte bez peremen» Telegram-kanali muallifi Ivan Filippov.

Instagram tarmog‘ida 13 million obunachiga ega bo‘lgan bloger Viktoriya Bonya jamoatchilik noroziligining asosiy jarchisiga aylandi. Monakoda yashovchi inflyuenser 12-aprel kuni Putinga «xalq nomidan» yo‘llangan 18 daqiqalik videomurojaat yozib qoldirdi. U prezidentni «ko‘p narsadan bexabar» siyosatchi deb atab, mamlakatdagi beshta eng dolzarb muammoni, jumladan, internetning bloklanishini sanab o‘tdi.

«Odamlar pullaridan ayrilmoqda. Ular internetda Rossiyadan qanday ko‘chib ketish yo‘llarini izlamoqda. Bu hozirgi kundagi eng ko‘p qidirilayotgan so‘rovlardan biridir. Odamlarning hayoti yaxshi bo‘lganidan bunday qilayotgani yo‘q», — dedi Bonya.

Blogerning ta’kidlashicha, xalqning «dod deyishiga» sabab shuki, ularning «qo‘lidagi bor narsasini tortib olishdi va hamon tortib olishda davom etishmoqda». U prezidentni «xalqning nima haqida o‘ylayotganini ko‘rish» uchun rossiyaliklar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot kanalini yo‘lga qo‘yishga chaqirdi. Ushbu video ilk sutkaning o‘zidayoq 19 million marta ko‘rildi va unga 1 millionga yaqin layk bosildi.

Viktoriya Bonyani uning hamkasbi, 4 million obunachiga ega inflyuenser Ayza ham qo‘llab-quvvatlab, ijtimoiy tarmoqlarda shunday izoh qoldirdi: «Ayni paytda boshpanasiz, och-nahor qolib azob chekayotgan, ya’ni jar yoqasiga kelib qolgan insonlar haqida o‘ylab ko‘ring. Nafs qonishi uchun yana qancha mablag‘ni o‘g‘irlash kerak?»

Biroq, oradan ko‘p o‘tmay, 17-aprel kuni Ayza ushbu postini o‘chirib tashladi.

Cheklovlarga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlovchi Z-hamjamiyat vakillari ham o‘z e’tirozlarini bildirdi. 14-aprel kuni aktyor Ivan Oxlobыstin — Putinning 2024 yilgi prezidentlik saylovlaridagi ishonchli vakili va Ukrainaga qarshi urushning ochiq tarafdori — bu kabi «raqamli cheklovlar»ni «ulkan xato» deb atadi.

«Hozirgi kunda biror narsani to‘liq «cheklab» bo‘lmaydi (axir 21-asrda yashayapmiz). Agar bizni SSSRga qaytarishmoqchi bo‘lishsa, buning uchun avval vaqt mashinasini ixtiro qilish kerak», — deb yozdi aktyor o‘zining Telegram-kanalida. Shuningdek, Oxlobыstin «ilm-fan va madaniyatni axborotdan cheklashga urinishning o‘zi aqlga sig‘maydigan holat» ekanini qo‘shimcha qildi.

Bu ish hatto kulgili vaziyatlargacha borib yetdi. «Vkusno — i tochka» (sobiq McDonald's) fastfud tarmog‘ining sahifasi ham bu muhokamalardan chetda qolmadi. Viktoriya Bonyaning videosi ostiga ushbu fastfud tarmog‘i shunday izoh qoldirildi: «Odamlar Dog‘istondagi suv toshqinidan jabr ko‘rganlar uchun aynan o‘sha «taqiqlangan» tarmoq orqali yarim milliard rubl mablag‘ to‘pladi. Xuddi shu vaqtning o‘zida bu tarmoqni bloklash va bo‘g‘ish uchun 60 milliard sarflanmoqda».

Bu izoh 35 mingta layk to‘pladi. Shuningdek, blogerlar Ida Galich va Katya Gordon ham xuddi shunday tanqidiy fikrlar bilan chiqish qildi.

Kreml ortga chekindimi yoki shunchaki o‘zini shunday ko‘rsatdimi?

Elita vakillarining noroziligi e’tibordan chetda qolmadi. 16-aprel kuni Dmitriy Peskov Viktoriya Bonyaning videosiga munosabat bildirar ekan, millionlab odamlarning kundalik hayotini izdan chiqargan mobil internet uzilishlari «vaqtinchalik ekani va vaqti kelib albatta bekor qilinishini» ta’kidladi.

«Internetga kirishdagi cheklovlar ko‘plab fuqarolar uchun noqulaylik tug‘dirayotgani tushunarli, biroq... bu choralarga zarurat qolmagach, internetga kirish, shubhasiz, to‘liq tiklanadi va odatiy holiga qaytadi», — deya ta’kidladi amaldor.

Shu bilan birga, Peskov cheklovlar, xususan, messenjerlarning bloklanishi va VPN'dan foydalanishning taqiqlanishi jamiyatda norozilik keltirib chiqarayotgani haqidagi fikrlarga qo‘shilmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «odamlarning aksariyati bu choralar qanchalik zarur ekanini yaxshi tushunadi».

Kremlga yaqin manbaning «Reuters» agentligiga xabar berishicha, biznes va bank sohasi vakillari, shuningdek, iqtisodiyot bloki amaldorlari ham prezidentga cheklovlarni bekor qilishni so‘rab murojaat qilgan va aytilishicha, bunga ijobiy javob olgan.

Xuddi shu kuni «Bloomberg» agentligi Kreml «Telegram» faoliyatini bloklash va sun’iy ravishda sekinlashtirishni vaqtincha to‘xtatishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu orqali yil boshidan buyon qo‘shimcha qiymat solig‘ining (QQS) oshirilishi, tovarlarning keskin qimmatlashishi va aloqadagi muammolar fonida kuchayib borayotgan ijtimoiy keskinlikni biroz yumshatish ko‘zda tutilgan. Agentlik manbalarining aniqlik kiritishicha, Kreml sentabr oyiga rejalashtirilgan parlament saylovlari oldidan «Yagona Rossiya» va boshqa partiyalarning tushib ketgan reytingini tiklab olmoqchi.

16-aprel oqshomiga kelib, Rossiya ommaviy axborot vositalari «Telegram» tezligi tiklangani haqida xabar berdi — messenjer butun Rossiya hududi bo‘ylab, jumladan, Moskva shahrida ham hech qanday cheklovlarsiz ishlay boshladi.

Endi nima bo‘ladi?

Siyosatshunos Ivan Preobrajenskiyning fikricha, norozi blogerlar va G‘arb ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlar bilan bog‘liq butun boshli kampaniya Kreml tomonidan avvaldan rejalashtirilgan.

«Hukumat G‘arb mediasi orqali chekinishga tayyorligini bildirayotgan bir paytda, hukumatga sodiq shaxslar Putinning «ko‘zini ochmoqda». Hukumat bloklashlarga qarshi chiqqanlar orasidan potensial muxolifatchilarni aniqladi. Aslida bosimni kuchaytirish davom etadi», — deydi Preobrajenskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, Peskovning bayonoti bilan birga cheklovlarning yumshatilishi Kreml fuqarolarni eshitgani va aholi noroziligining chuqurligini anglab yetganining belgisi sifatida qabul qilinadi.

Hukumat deputatlar va mintaqaviy OAVlarga bu mavzuni keng muhokama qilishga ruxsat bergani ham uning so‘zlarini qisman tasdiqlaydi. Hatto eng sodiq axborot agentliklari ham cheklovlarning yumshatilgani va «Telegram» tarmog‘iga kirish tiklangani haqidagi xabarlarni tarqatdi.

Zamonaviy davlat taraqqiyoti instituti direktori Dmitriy Solonnikovning fikricha, prezident va hukmron partiya reytingining pasayishi vaqtinchalik holatdir. Parlament saylovlarigacha qolgan yarim yil ichida «vaziyat o‘zgaradi».

«Biz boshqacha reallikda yashaymiz, internetdagi uzilishlarga ko‘nikamiz, boshqa messenjerlardan foydalanishni boshlaymiz. Bunda hech qanday falokat yo‘q. O‘ylaymanki, umumiy kayfiyat avvalgi holatiga qaytadi», — deb ta’kidlaydi ekspert.

Hech kim Rossiyani global tarmoqdan butunlay uzib, aloqani to‘sib qo‘ymaydi, deya qo‘shimcha qildi siyosatshunos. «Nimadir tahrirlanadi, nimadir o‘zgaradi va hechqisi yo‘q, ish davom etaveradi. Yana bir bor aytaman, shunchaki internetdagi boshqa mediaresurslarga o‘tish kerak», — deya xulosa qildi Solonnikov.

Biroq voqealar bundan-da keskinroq ssenariy bo‘yicha rivojlanishi ham mumkin. «The Bell» nashrining yozishicha, hozirgi uzilishlar to‘lqini ortida prezident ma’muriyati emas, balki FXXning «konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish va terrorizmdan himoyalash»ga mas’ul bo‘lgan Ikkinchi xizmati turibdi.

Uning xodimlari boshdanoq cheklovlarni aylanib o‘tish uchun VPN'dan har qanday tarzda foydalanganlikka qarshi yoppasiga bloklash va jarimalar joriy etishni taklif qilgan edi. Biznes vakillari va Raqamli rivojlanish vazirligi jamoatchilikning keskin reaksiyasidan cho‘chib, Kremlni qattiqqo‘l choralarni ko‘rmaslikka ko‘ndira oldi. Ammo bunday variant hamon kun tartibidan tushgani yo‘q, deb ta’kidlaydi «The Bell».

Moskvadagi «Levada» sotsiologiya markazi rahbari Denis Volkovning fikricha, rossiyaliklarning aksariyati — va eng muhimi, Putin elektorati — bloklashlarga xotirjam munosabatda bo‘lgan. «Tarmoqlarning cheklanishi avvaldan hukumatdan norozi bo‘lgan, yirik shaharlarda yashovchi nisbatan faol va o‘ziga to‘q aholi uchun ko‘proq sezilmoqda», — deya qayd etdi sotsiolog. «Bu holat televizor ko‘radigan, Putinga sodiq saylovchilarning kayfiyatiga unchalik ta’sir qilmaydi», — dedi Volkov.

Biroq uning bu fikrini so‘rovnomalar inkor etmoqda. «Extreme Scan» mustaqil sotsiologik loyihasining ma’lum qilishicha, rossiyaliklarning qariyb yarmi (47 foizi) internetning uzilishi va messenjerlarning bloklanishini hozirgi vaqtda Rossiyada amal qilayotgan eng og‘riqli cheklovlar deb hisoblaydi.

«The Guardian» nashrining «Amnezia VPN» tahlilchilariga tayanib yozishicha, mart oyidagi mobil internet uzilishlari kelgusidagi keng ko‘lamli uzilishlarga tayyorgarlik sifatida uskunalarni sinovdan o‘tkazishga ko‘proq o‘xshaydi.

«Roskomnadzor yilning istalgan paytida qat’iy cheklovlar sharoitida iqtisodiyot qanday ishlashini tekshirib ko‘rmoqda. Bizning prognozlarimizga ko‘ra, Moskvadagi internet uzilishlari ozmi-ko‘pmi oddiy holga aylanadi», — deb ta’kidlamoqda ekspertlar.

Internet uzilishlarining ko‘rsatkichi bo‘yicha Rossiya o‘tgan yili dunyoda birinchi o‘rinni egalladi: yil davomida mamlakatda qariyb 37 ming soatlik uzilishlar qayd etilgan. Faqatgina 2026 yilning dastlabki uch oyida bunday uzilishlar soati 6 mingdan oshib ketdi.

Ehtimol, Moskvada G‘alaba paradini o‘tkazish rejalashtirilgan 9-may arafasida keng ko‘lamli bloklashlarning yana bir to‘lqinini kutish kerakdir.

«Telegram» tarmog‘i parlament saylovlariga besh oy qolganda blokdan chiqarildi — bu Kreml nega ortga chekingani haqidagi savolga yetarlicha javob bo‘lsa kerak. Ammo keng ko‘lamli uzilishlar uchun mo‘ljallangan uskunalar hech qayerga yo‘qolgani yo‘q — FXX o‘z takliflarini qaytarib olmagan. Cheklovlarning yumshatilishi bloklashlardan voz kechish bo‘yicha strategik qaror emas, balki taktik yon bosishga o‘xshaydi. Bu yerda asosiy masala cheklovlarning qayta tiklanishida emas, balki bu qachon va qanday ko‘lamda yuz berishidadir.

Teglar

Mavzuga oid

«SSSRga qaytish uchun vaqt mashinasi kerak»: «Telegram» bloklanishiga qarshi rus elitasi isyon ko‘tardi | Vaqt.uz