Sulh yoki urush: 22-aprel Yaqin Sharq tinchligi uchun so‘nggi muddat
Neft narxining 10 foizga arzonlashishi Eronning diplomatik yurishi natijasidir. Biroq uran zaxiralaridan voz kechish — Islom inqilobi muhofizlari uchun suverenitetni topshirish bilan barobar. Tehrondagi siyosiy muvozanat kimning foydasiga hal bo‘ladi?

Eron savdo kemalari uchun Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochganini e’lon qildi. AQSH esa Eron portlariga nisbatan qamal o‘z kuchida qolishini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, 22-aprel kuni sulh muddati yakunlangach, urush qayta boshlanmasligiga doir ishoralar paydo bo‘ldi. Xo‘sh, endi vaziyat qanday tus oladi?
Neft bozori Tehronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish haqidagi bayonotiga darhol munosabat bildirdi — neft 10 foizdan ko‘proqqa arzonlab, bir barreli 83 dollarga tushdi. Darvoqe, Eron rasman Vashingtonning bo‘g‘ozni ochish haqidagi talabini bajardi, biroq bunga ba’zi shartlarni ilova qildi: bo‘g‘oz «dushman davlatlar» uchun hamon yopiq qoladi.
Tramp ham urush «juda tez orada tugashi mumkin»ligini aytmoqda.
Ammo qanchalik tez? Axir uning o‘zi, agar Tehron kelishuvga rozi bo‘lmasa, zarbalar qayta boshlanishini ta’kidlamoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, AQSH va Eron o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish tartibi ancha samarali ishlamoqda, biroq uning yakunlanish muddati — 22-aprel ham yaqinlashib qoldi. «Associated Press» manbalariga ko‘ra, vositachilar har ikki tomonning sulhni yana kamida ikki haftaga uzaytirish bo‘yicha «prinsipial roziligi»ga erishgan.
Shu bilan birga, muayyan muzokaralar ham qizg‘in pallaga kirmoqda: «Axios» nashrining yozishicha, Tehron boyitilgan uran zaxiralaridan voz kechishi evaziga Vashington 20 milliard dollarga yaqin muzlatilgan Eron aktivlarini qaytarishini ko‘zda tutuvchi bitim muhokama qilinmoqda. Aynan so‘nggi band eng ko‘p bahslarga sabab bo‘lyapti. Tramp esa uran boyitishdan voz kechish jarayoni allaqachon amalga oshganiga ishontirishga urinmoqda. Yadro dasturidan butunlay voz kechildimi yoki u vaqtincha to‘xtatib turildimi? Eng asosiy masala mana shu. Urush boshlanishidan avval ham Eron dasturni besh yilga to‘xtatib turishga rozi bo‘lgandek edi. Bu vaqt mobaynida u o‘zining tadqiqotlari va tayyorgarlik ishlarini yashirincha davom ettirishi mumkin bo‘lardi. U bu ishlarni avvallari ham rasman AEXA «nazorati ostida» muvaffaqiyatli amalga oshirib kelgan.
Tehron tomonidan bo‘g‘ozning ochilishi G‘arb davlatlari uchun ham muhim signal bo‘ldi: bu bilan Eron energetika xavfsizligi masalalarida konstruktiv hamkor bo‘lishga tayyor va qodir ekanini namoyish etdi. Bundan ham muhimroq — operativ ahamiyatga ega ishoralar ham mavjud. Agar Trampning so‘zlariga ishoniladigan bo‘lsa, Eron hatto AQSHga bo‘g‘ozni minalardan tozalash ishlarida ko‘maklashmoqda. Bu o‘ta muhim jihat: keskinlikni yumshatish yo‘lidagi bunday hamkorlik — ayni vaziyatda o‘zaro ishonchning eng yuqori nuqtasidir. Agar tomonlar tinchlik jarayonini davom ettirishdan manfaatdor bo‘lmaganida, hech biri minalangan maydonlar haqidagi tezkor ma’lumotlarni bir-biri bilan almashmagan bo‘lardi.
Tramp Isroilga Livan bo‘ylab zarba berishni ochiqchasiga taqiqladi. Bu Tehron uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega, chunki Eron rahbariyati Isroilni beqarorlik va mojarolarni keskinlashtiruvchi asosiy manba deb biladi. Agar AQSH Isroilni jilovlay olsa, muzokaralar mazmunli bo‘ladi— Eron o‘zining ortidan «ikkinchi front» ochilmasligiga kafolat oladi. Qolaversa, Isroilning Livandagi «Hizbulloh»ga qarshi harbiy harakatlarini to‘xtatishi boshidanoq Tehronning asosiy talablaridan biri bo‘lgan.
Nihoyat, Eronga qaytarilishi va’da qilinayotgan 20 milliard dollarlik muzlatilgan aktivlar — sanksiyalar girdobida qolgan mamlakat iqtisodiyoti uchun juda katta rag‘batdir. Mabodo ushbu taklif o‘z tasdig‘ini topsa, Eron rahbariyatida «buning evaziga biz nima olamiz?» degan savolga aniq javob paydo bo‘ladi.
Mazkur holatdan kelib chiqib, Vashingtonda uchta mantiqiy ssenariy shakllangan.
Birinchisi — «Tramp bitimi»ning maksimal ko‘rinishi: bu keng qamrovli kelishuv bo‘lib, unga ko‘ra Eron boyitilgan urandan voz kechadi, yadro infratuzilmasining asosiy qismlarini demontaj qiladi, buning evaziga 20 milliard dollar oladi va sanksiyalar bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Bu orqali Tramp Obama erisha olmagan natijani qo‘lga kiritadi: ya’ni «eng maqbul bitim»ga erishadi, yadro tahdidini bartaraf etadi va neft bozori barqarorlashuvi fonida o‘z reytingini oshirib oladi. Ushbu ssenariy shunchaki xomxayol emas — olinayotgan signallar ham aynan shunga ishora qilmoqda. Biroq, ayni paytda buni eng real ssenariy sifatida qabul qilishga shoshilmaslik kerak.
Ikkinchi ssenariy (eng real ko‘rinishdagisi) — taktik tanaffus: Sulh muddati qayta-qayta uzaytiriladi, muzokaralar esa hech qanday yakuniy qarorsiz cho‘zilib ketaveradi. Har ikki tomon urushdan qochadi, biroq real yechim topilmaydi. AQSH qamal orqali o‘z bosimini saqlab qoladi, Eron esa neft bozoridagi mavqeyining bir qismini asta-sekin tiklab oladi. Bu eng kam yo‘qotishga ega, ammo eng beqaror variantdir.
Uchinchi ssenariy esa eng yomoni — zarbalarning qayta boshlanishi: Tramp buni allaqachon ochiq-oydin ma’lum qildi: agar tinchlik bitimi imzolanmasa, AQSH hujumlarni qayta boshlaydi. Butun masala buning qachon yuz berishida — 22-apreldami yoki yana ikki hafta yoxud bir oydan keyinmi? Katta ehtimol bilan birinchisi emas, ikkinchisi yuz berishi mumkin. «The Washington Post» nashrining xabar berishicha, Pentagon allaqachon mintaqaga minglab qo‘shimcha harbiy xizmatchilarni yo‘llamoqda. Bunda «qo‘shimcha zarbalar berish yoki quruqlikdagi operatsiyalar» o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu ssenariy — muzokaralarni siljitishga qaratilgan ehtiyot chorasi hisoblanadi, ammo uni mutlaqo imkonsiz deb ham bo‘lmaydi.
Eron rahbariyati ham murakkab vaziyatda qolgan. Bir tomondan, yadro dasturi — muzokaralardagi asosiy «kozir» va «hech kim yadroviy salohiyatga ega mamlakatga hujum qilmaydi» degan mantiqqa ko‘ra tuzum xavfsizligining kafolatidir. Ikkinchi tomondan esa — AQSH bilan urushni davom ettirish Islom respublikasining bugungi ko‘rinishda mavjud bo‘lib qolishiga jiddiy xavf tug‘diradi.
Eron rahbariyatining pragmatik qanoti bir narsani yaxshi tushunadiki, 20 milliard dollarlik taklif sanksiyalar bosimidan qutulish uchun noyob imkoniyatdir. Agar Eron boyitilgan uran zaxiralaridan voz kechsa (infratuzilmani butunlay yo‘q qilishi shart emas — bu muhim jihat), u iqtisodiyotni barqarorlashtirish uchun zarur moliyaviy resursga ega bo‘ladi. Qolaversa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining ochilishi amalda o‘z tasdig‘ini topib ulgurdi, bitim yakuniga yetgach esa qamal bekor qilinadi.
Keskin kayfiyatdagi siyosatchilar esa, aksincha, yadro masalasidagi har qanday yon bosishni taslim bo‘lish deb qabul qiladi. Islom inqilobi muhofizlari korpusi uchun uran dasturi — shunchaki harbiy vosita emas, balki suverenitet ramzi hisoblanadi. Endigi eng asosiy savol shuki: hozirgi Eron ichki siyosiy maydonida kimning so‘zi ustun kelmoqda? So‘nggi kunlardagi harakatlarga (bo‘g‘ozni ochish, minalardan tozalash, muzokaralarga tayyorlikka) asoslanib aytadigan bo‘lsak, pragmatik qanot vakillarining qo‘li baland kelmoqda. Ammo bu muvozanat juda qaltis.
Mana shunday vaziyatda Isroil Vashington uchun eng noqulay ishtirokchi bo‘lib qolmoqda. Netanyaxu Livanga zarbalarni to‘xtatish bo‘yicha Trampdan allaqachon to‘g‘ridan-to‘g‘ri «buyruq» olib ulgurdi. Isroil bosh vaziri Amerika siyosatini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatladi yoki Trampning «Eronning yadroviy salohiyatini yo‘q qilish» haqidagi so‘zlaridan iqtibos keltirib, hech bo‘lmaganda shunday taassurot uyg‘otdi. Biroq Isroil yuz berayotgan voqealarni yashirib o‘tirmay, katta xavotir bilan kuzatmoqda: AQSH va Eron o‘rtasidagi yadro infratuzilmasini qisman bo‘lsa-da saqlab qoluvchi har qanday bitim Isroil tomonidan xiyonat sifatida qabul qilinadi.
Yevropa hozircha karvondan ortda qolmoqda. Yevropa Ittifoqi sulhni og‘zaki olqishladi, ammo amalda ishtirokchi emas, shunchaki kuzatuvchi rolida qolib ketdi. Turkiya va Saudiya Arabistoni ko‘magida Pokiston asosiy vositachiga aylandi. Aynan Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif hal qiluvchi 6–7-aprel kunlari Vashington va Tehron o‘rtasida qatnab turdi. Garchi Yevropa Ittifoqi 2006 yildan beri Eron yadroviy diplomatiyasining asosiy me’mori sifatida maydonga chiqqan va bu jarayon 2015 yilda Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi doirasidagi bitim bilan o‘z cho‘qqisiga yetgan bo‘lsa-da, bu safar yevropaliklar bu zanjirda ko‘rinmadi.
Xo‘sh, Tehron oldida eng yuqori diplomatik obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan Yevropa qanday qilib butun boshli mintaqa taqdirini hal qiluvchi muzokaralardan chetda qolib ketdi?
Yevropa davlatlari Eronga qarshi harbiy amaliyotlarda qatnashishdan bosh tortdi va AQSHga zarbalar yo‘llash uchun o‘z harbiy bazalaridan foydalanishga ruxsat bermadi. Bu esa NATOni «qog‘ozdagi yo‘lbars»ga tenglashtirgan Trampning ochiq g‘azabini keltirdi. Ushbu pozitsiya strategik jihatdan mantiqli bo‘lsa-da, siyosiy maydonda qimmatga tushdi: Yevropa muzokaralar stolidagi o‘rnidan ayrildi. Yevropa AQSHda yo‘q bo‘lgan juda muhim ustunlikka — Tehronning diplomatik ishonchiga ega. Ammo u bundan muzokaralarda ta’sir o‘tkazish uchun emas, balki faqatgina o‘z tankerlarining xavfsiz o‘tishini ta’minlash yo‘lida foydalanmoqda.





