Moliyaviy jarimalarni bo‘lib to‘lash imkoni yaratildi
Yangi tartibga ko‘ra, tadbirkorlar moliyaviy jarimani 1 oy muddatda umumiy miqdorining 50 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lasa, qolgan qismidan ozod qilinadi.
© Zira.uzO‘zbekistonda moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini liberallashtirishga qaratilgan yangi qaror qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, 2026 yil 1-oktabrdan boshlab tadbirkorlarga jarimalarni ixtiyoriy ravishda yengil shartlarda to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Jarimani ikki xil usulda to‘lashi mumkin
Birinchi variantda qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini to‘lash orqali qolgan qismidan ozod etiladi.
Ikkinchi variant esa jarimani olti oy davomida teng qismlarga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkonini nazarda tutadi.
Shuningdek, agar vakolatli organ qarori sud tomonidan bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, undirilgan mablag‘lar 15 kun ichida tadbirkorga qaytarilishi shart. Qaytarish muddati buzilgan taqdirda esa har bir kechiktirilgan kun uchun Markaziy bank asosiy stavkasining 300dan biri miqdorida foiz to‘lanadi.
Elektron reyestrga kiritilmagan qarorlar haqiqiy emas deb hisoblanadi
Qaror bilan moliyaviy jarimalar jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish ham belgilangan. Xususan, 2027 yil 1-yanvardan «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida moliyaviy jarimalarning elektron reyestri ishga tushiriladi. Barcha qarorlar uch ish kuni ichida ushbu reyestrga kiritilishi va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanishi shart qilib belgilangan.
Elektron reyestrga kiritilmagan yoki tasdiqlanmagan qarorlar haqiqiy emas deb hisoblanadi va ular asosida jarima undirilmaydi. Shu bilan birga, tizim orqali huquqbuzarliklar takroriyligi kuzatib borilib, xavflarni tahlil qilish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, 2027 yil 1-aprelga qadar tadbirkorlar uchun sudga onlayn tarzda shikoyat berish imkoniyati joriy etiladi. Bu orqali ular vakolatli organ qarorlaridan norozi bo‘lgan hollarda masofadan turib murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.





