O‘zbekistonda steyblkoinlar orqali to‘lovlar va xalqaro o‘tkazmalarga ruxsat berildi
O‘zbekistonda barqaror tokenlardan to‘lov vositasi va xalqaro o‘tkazmalarda foydalanishga ruxsat berilib, raqamli aktivlar bozorini tartibga solishning yangi qoidalari tasdiqlandi.

O‘zbekistonda steyblkoinlar aylanmasiga oid yangi huquqiy tartib joriy etildi. Ushbu hujjatga muvofiq, ta’minlangan raqamli aktivlardan to‘lovlar va xalqaro pul o‘tkazmalarida foydalanish imkoniyati yaratildi.
Mazkur qoidalar Markaziy bank hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, raqamli aktivlar bozorini kompleks tartibga solishga qaratilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, blokcheyn texnologiyasi asosida to‘lov tizimlarini yaratish, tokenlardan to‘lov vositasi sifatida foydalanish va xalqaro hisob-kitoblarda ularni qo‘llashga huquqiy asos yaratildi. Shu bilan birga, investitsiyalarni jalb qilish, raqobat muhitini rivojlantirish va innovatsion moliyaviy xizmatlarni kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Maxsus rejim doirasida milliy yoki xorijiy valutaga bog‘langan steyblkoinlarni chiqarishga ruxsat beriladi. Ularni mamlakat ichida to‘lov vositasi sifatida ishlatish va transchegaraviy pul o‘tkazmalarida qo‘llash mumkin.
Biroq ayrim cheklovlar ham mavjud.
Xususan, algoritmik, anonim yoki boshqa kriptoaktivlar bilan ta’minlangan tokenlarni chiqarish taqiqlanadi. Barcha steyblkoinlar faqat real pul mablag‘lari bilan to‘liq ta’minlangan bo‘lishi shart. Bu mablag‘lar Markaziy bankdagi alohida hisobvaraqlarda zaxira qilib saqlanadi.
Qoidalarga ko‘ra, bozor ishtirokchilari uchun yuqori darajadagi kiberxavfsizlik va axborot himoyasi talablari joriy etilgan. Kompaniyalar axborot xavfsizligi tizimlarini joriy qilishi, mas’ul mutaxassis tayinlashi va infratuzilmaning uzluksiz ishlashini ta’minlashi lozim.
Kompaniyalarni ro‘yxatga olish va ular faoliyati ustidan nazorat Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Moliyaviy barqarorlik va emissiya hajmiga oid masalalar esa Markaziy bank bilan kelishiladi.
Pilot loyihalar dastlab 12 oy davomida sinovdan o‘tkaziladi. Zarur hollarda ular uzaytirilishi mumkin, biroq umumiy muddat 3 yildan oshmasligi belgilangan.





