O‘zbekiston pasportining dunyo reytingidagi o‘rni ko‘tarildi
O‘zbekiston pasporti xalqaro reytingda 74-o‘ringa ko‘tarilib, fuqarolar uchun vizasiz sayohat qilish mumkin bo‘lgan davlatlar soni 59 taga yetdi.
© ru.pinterest.comHenley & Partners tomonidan 2026 yil aprel holatiga ko‘ra e’lon qilingan yangi hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston pasporti xalqaro reytingda o‘z pozitsiyasini bir pog‘ona yaxshilab, 74-o‘ringa ko‘tarildi.
Yil boshida mamlakat 75-pog‘onada edi. Yangilangan natijada O‘zbekiston bir pog‘ona yuqorilab, Qirg‘iziston va Mozambik bilan bir qatordan joy oldi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston fuqarolari dunyoning 59 ta davlatiga vizasiz yoki borish vaqtida soddalashtirilgan tartibda (aeroportda) viza olib kirish imkoniyatiga ega.
Mintaqadagi holat
Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchilik Qozog‘istonga tegishli bo‘lib, u 61-o‘rinni egallagan va uning fuqarolari 78 ta davlatga vizasiz kira oladi.
Shuningdek, Tojikiston 81-o‘rinda (54 ta davlat), Turkmaniston esa 87-o‘rinda (47 ta davlat) qayd etilgan.
Jahon yetakchilari
Reytingning yuqori qismida Singapur joylashgan bo‘lib, uning fuqarolari 192 ta yo‘nalishga vizasiz sayohat qila oladi.
Keyingi o‘rinlarda Yaponiya, Janubiy Koreya va BAA turibdi — ular fuqarolari 187 ta mamlakatga erkin kirish imkoniyatiga ega.
Reytingning eng quyi pog‘onasida esa Afg‘oniston joylashgan bo‘lib, uning fuqarolari faqat 24 ta davlatga vizasiz kirishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu indeks Xalqaro havo transporti assotssiatsiyasi bazasiga tayanadi va 199 ta pasportni 227 ta yo‘nalish bo‘yicha tahlil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekiston–2030» strategiyasi doirasida besh yil ichida vizasiz yo‘nalishlar soni yana 16 taga oshirilishi rejalashtirilgan. 2030 yilga borib, o‘zbekistonliklar 50 ta davlatga to‘liq vizasiz, yana 60 tasiga esa soddalashtirilgan tartibda sayohat qilishi kutilmoqda.



