AQSHda qulay hayot kechirish uchun qancha mablag‘ kerak?
Nyu York va San Xose kabi shaharlarda qulay hayot keshirish uchun yillik daromad 150 ming dollardan oshishi kerak.
© Wikimedia CommonsAmerikaning yirik shaharlarida qulay yashash uchun qancha daromad topish kerak? Borgan sari bu savolga beriladigan javob – olti raqamli maosh bo‘lmoqda. «Visual Capitalist» infografikasi AQSHning 56 ta shahrida uy-joy, oziq-ovqat, transport, jamg‘arma va qo‘shimcha xarajatlarni hisobga olgan holda, qulay turmush tarzi uchun zarur bo‘lgan daromad miqdorini ko‘rsatadi.
Eng qimmat shaharlar
Nyu York ro‘yxatda 158,954 dollar ko‘rsatkichi bilan yetakchilik qilmoqda va 158,080 dollar talab etiladigan San-Xose ni biroz ortda qoldirmoqda. Kaliforniya shtatida umumiy xarajatlari yuqori bo‘lgan shaharlar juda ko‘p: Irvayn, San-Diyego, San-Fransisko, Oklend, Los-Anjeles va Sakramento yuqori pog‘onalarni egallagan.

Umuman olganda, reytingning yuqori qismi xarajatlar asosan bir nechta yirik megapolislarda, xususan, Kaliforniya va mamlakatning shimoli-sharqiy qismida to‘planganini ko‘rsatadi. Shuningdek, Boston, Gonolulu, Sietl va Jersi-Siti shaharlari ham ajralib turibdi. Bu esa yuqori maosh chegaralari faqat bir nechta sohilbo‘yi markazlari bilan cheklanib qolmaganidan dalolat beradi.
Olti raqamli maoshlar me’yorga aylanmoqda
Ma’lumotlardagi asosiy o‘zgarish shundan iboratki, olti raqamli daromadga bo‘lgan talab eng qimmat shaharlar chegarasidan tashqariga juda tez sur’atlarda tarqaldi.
Yuqori yashash xarajatlari bo‘yicha an’anaviy yetakchilardan tashqari, endilikda Denver, Atlanta, Nashvill, Sharlott va Boyse kabi shaharlarda ham qulay hayot kechirish uchun taxminan 100 ming dollar yoki undan ko‘proq mablag‘ talab etiladi. Ushbu siljish shuni ko‘rsatadiki, yuqori yashash narxlari endilikda faqat mamlakatning eng qimmat sohilbo‘yi bozorlari bilan cheklanib qolmayapti.
Xarajatlari nisbatan pastroq bo‘lgan shaharlar
Reytingning quyi qismida ham qulay hayot uchun zarur bo‘lgan maosh miqdori hali hamon sezilarli darajada yuqoriligicha qolmoqda:
San-Antonio — eng past chegaraga ega shahar: 83,069 dollar;
Memfis — 86,444 dollar;
Talsa — 87,690 dollar.
Hatto xaritadagi eng hamyonbop shaharlarda ham qulay turmush tarzi uchun zarur bo‘lgan daromad ko‘plab xonadonlar topadigan mablag‘dan ancha yuqoridir. Bu esa hatto eng «arzon» deb hisoblangan yirik shaharlar ham hozirda ilgari juda yuqori deb hisoblangan daromad darajasini talab qilayotganini ta’kidlaydi.





