Markaziy Osiyo va Afg‘oniston Rossiya yoqilg‘isi uchun asosiy eksport bozoriga aylandi — Reuters
Yaqin Sharqdagi ta’minot uzilishi fonida mintaqa davlatlari Rossiyadan yoqilg‘i importini 50 foizga oshirdi.

Joriy yilning birinchi choragida Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston Rossiya hamda Belarusdan temir yo‘l orqali yoqilg‘i importini 50 foizdan ko‘proqqa oshirdi. Bu haqda «Reuters» agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, yanvar–mart oylarida jami yetkazib berish hajmi 3,347 mln tonnaga yetgan.
Bu o‘sish, asosan, energiya oqimlarining Yevropa bozoridan boshqa yo‘nalishlarga burilishi va Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat bilan bog‘liq. Xususan, Erondagi urush ta’minot zanjirlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, an’anaviy yoqilg‘i yetkazib berish hajmini cheklab qo‘ygan.
Yevropa embargosi ta’siri
2023 yil fevralda Yevropa Ittifoqi Rossiya neft mahsulotlariga embargo joriy etganidan so‘ng, Moskva eksport yo‘nalishlarini qayta shakllantirdi. Shu tariqa Markaziy Osiyo va Afg‘oniston Rossiya yoqilg‘isi uchun asosiy bozorlardan biriga aylangan.
Shu bilan birga, Rossiyada benzin eksportiga iyul oyi oxirigacha vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan bo‘lsa-da, hukumatlararo kelishuvlarga ega bo‘lgan ayrim davlatlar uchun ushbu taqiqlar amal qilmaydi.
Afg‘oniston yo‘nalishi
Ma’lum bo‘lishicha, Afg‘oniston Rossiyaning benzin eksportiga kiritgan taqiqidan istisno qilinmagan, biroq Belarus ushbu mamlakatga yoqilg‘i yetkazib berishni davom ettirishi mumkin.
«Tolibon» boshqaruvidagi Afg‘onistonning Rossiya va Belarusdan amalga oshirgan importi hajmi joriy yilning birinchi choragida 2025 yilning mos davriga nisbatan to‘rt barobarga oshib, 530 ming tonnaga yetgan. Mazkur ko‘rsatkichning 231 ming tonnasini benzin tashkil etadi.





