Suv uchun kurash: O‘zbekiston global tashabbusga qo‘shildi

Bugun 21:192 daqiqa

O‘zbekiston «Water Forward» tashabbusiga qo‘shilib, 2030 yilgacha suv ta’minoti va infratuzilmani tubdan yaxshilashni maqsad qilmoqda.

Suv uchun kurash: O‘zbekiston global tashabbusga qo‘shildi © Foto: t.me/wbuzbekistan

O‘zbekiston Jahon banki guruhi tomonidan ilgari surilgan «Water Forward» tashabbusiga qo‘shilgan ilk davlatlar qatoridan joy oldi.

Mazkur tashabbus Jahon banki tomonidan 15-aprel kuni Vashingtonda o‘tkazilgan bahorgi uchrashuvlar doirasida e’lon qilindi.

Tadbirda Jahon banki prezidenti Ajay Banga, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va qator xalqaro moliya institutlari vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston nomidan bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov qatnashdi.

Suv sohasidagi islohotlar

Qayd etilishicha, «Water Forward» tashabbusi suv ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish, oziq-ovqat ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda qurg‘oqchilik va suv toshqinlariga chidamli infratuzilma yaratishga qaratilgan. Loyiha doirasida ishtirokchi davlatlar xalqaro moliya institutlari va xususiy sektor resurslarini jalb qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Jahon banki 2030 yilgacha 400 million kishini suv xavfsizligi bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda. Hamkor tashkilotlar ishtirokida ushbu ko‘rsatkichni 1 milliard aholiga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Xalqaro hamkorlik

Tashabbusda Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot banki kabi yirik moliyaviy institutlar ishtirok etmoqda.

Loyihaning ilk ishtirokchilari qatorida O‘zbekistondan tashqari Albaniya, Angola, Boliviya, Viyetnam, Kongo DR, Iordaniya, Kambodja, Kamerun, Keniya, Kot-d’Ivuar, Senegal, Serra-Leone va Yamayka kabi davlatlar bor.

Milliy maqsadlar

Jamshid Qo‘chqorov o‘z nutqida hukumat Jahon banki bilan birgalikda O‘zbekiston uchun suv paktini ishlab chiqqanini ta’kidladi.

«Pakt O‘zbekistonning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi maqsadlariga to‘liq mos keladi. Xususan, hujjatda sug‘oriladigan yerlarning 100 foizida (4,1 million gektar) suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sug‘orishdagi suv yo‘qotishlarini 25 foizga kamaytirish, aholining toza ichimlik suvi va sanitariya xizmatlaridan umumiy foydalanishini ta’minlash, shuningdek, suv resurslarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish ko‘zda tutilgan», – dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Mintaqaviy xavflar

Mutaxassislar prognoziga ko‘ra, 2040 yilga borib Markaziy Osiyo aholisi 96 million kishiga yetadi. Bu esa suv resurslariga bosimni yanada oshiradi.

Shu sababli, yangi tashabbus nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun strategik ahamiyatga ega hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid