Urushdan keyingi hisob-kitob: Eron AQSHga keskin talab qo‘ydi

Tehron AQSH va Isroilning muhim infratuzilmalarga bergan zarbalari oqibatida yetkazilgan zararlar uchun kompensatsiya miqdorini e’lon qildi.

Urushdan keyingi hisob-kitob: Eron AQSHga keskin talab qo‘ydi

Eron rasmiylari AQSH va Isroil hujumlari oqibatida yetkazilgan vayronagarchiliklar uchun tovon puli to‘lanishini talab qildi. Mamlakat o‘z pozitsiyasida qat’iy qolmoqda, mintaqaviy kuchlar esa mojaroni to‘xtatish uchun vositachilik qilishda davom etmoqda.

Eronning BMTdagi doimiy vakili mintaqadagi beshta davlat Eronga hujum qilish uchun o‘z hududlaridan foydalanishga imkon berganini aytib, ulardan ham kompensatsiya talab qilinishi kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, Tehron zararni qoplashning yana bir yo‘li sifatida «Ho‘rmuz bo‘g‘ozi protokoli»ni ilgari surmoqda. Ushbu hujjatga ko‘ra, suv yo‘lidan o‘tadigan kemalardan alohida boj undirilishi ko‘zda tutilgan.

Eron hukumati matbuot kotibi Fotima Muhojironiy Rossiyaning «RIA Novosti» agentligiga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, 28-fevralda boshlangan AQSH–Isroil hujumi oqibatida Eron ko‘rgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita zarar miqdori dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 270 milliard dollarni tashkil etmoqda.

U zararlarning to‘liq tarkibi haqida batafsil ma’lumot bermadi, biroq tovon puli masalasi o‘tgan hafta Pokistonda Tehron va Vashington o‘rtasidagi muzokaralarda muhokama qilinganini va kelajakdagi ehtimoliy uchrashuvlarda ham asosiy mavzulardan biri bo‘lishini ta’kidladi.

Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning muhim infratuzilmasiga yetkazilgan keng ko‘lamli zararlarni baholash ishlari hali ham davom etmoqda. Harbiy majmualardan tashqari, quyidagi obyektlar tizimli ravishda nishonga olingan va ularni tiklash uchun yillar talab etiladi:

·         Neft va gaz inshootlari;

·         Neft-kimyo korxonalari;

·         Po‘lat va alyuminiy zavodlari;

·         Ko‘priklar, portlar va temir yo‘l tarmoqlari;

·         Universitetlar va ilmiy-tadqiqot markazlari;

·         Elektr stansiyalari va suvni chuchuklashtirish inshootlari.

Bundan tashqari, ko‘plab shifoxonalar, maktablar va aholi turar joylari vayron bo‘lgan yoki jiddiy shikastlangan.

«Iqtisodiy voqelik»

Hukumat matbuot kotibi Fotima Muhojironiy shu hafta boshida Eron davlat OAVlariga bergan intervyusida «mavjud iqtisodiy voqelik» tufayli hukumat AQSH–Isroil hujumlari natijasida uy-joyi vayron bo‘lgan yoki shikastlangan fuqarolarga yetkazilgan zararni qoplash uchun yetarli resurslarga ega emasligini tan oldi.

Shu bilan birga, Eron aviakompaniyalari assotsiatsiyasi kotibi Maqsud Asadi Samaniy mahalliy matbuotga 60 ta fuqarolik samolyoti ishdan chiqqanini, ulardan 20 tasi AQSH va Isroil zarbalari oqibatida butunlay yo‘q qilinganini ma’lum qildi.

Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Eronda bor-yo‘g‘i 160 ga yaqin yo‘lovchi samolyoti parvozlarni amalga oshirmoqda. Ularning aksariyati bir necha o‘n yil muqaddam ishlab chiqarilgan bo‘lib, AQSH sanksiyalari oqibatida yuzaga kelgan ehtiyot qismlar taqchilligi va texnik xizmat ko‘rsatishdagi muammolarga qaramay, katta qiyinchiliklar evaziga ishlatib kelinmoqda.

Samaniyning qo‘shimcha qilishicha, aviakompaniyalar mart oyi oxiridagi Navro‘z bayrami munosabati bilan kutilgan daromadning katta qismidan ham mahrum bo‘lgan. Urush davomida sohaning jami ko‘rgan zarari 300 trillion riyoldan (joriy kurs bo‘yicha taxminan 190 million dollar) oshib ketgan.

Mamlakatning bir qancha xalqaro aeroportlari, jumladan, Tehron, Tabriz, Urmiya va Xurramoboddagi havo bandargohlarining uchish-qo‘nish yo‘laklari, boshqaruv minoralari va angarlariga berilgan ko‘plab zarbalar oqibatida mazkur infratuzilma obyektlari jiddiy zarar ko‘rgan.

Vayronagarchiliklar ko‘lami va AQSH tomonidan boshlangan dengiz qamalining og‘ir ta’siriga qaramay, Eron rasmiylari Vashington bilan muzokaralarda, jumladan, uranni boyitish masalasida jiddiy yon berishlar qilish niyatida emasliklarini bildirmoqda.

Konservatorlar ustunlik qiladigan parlamentning Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi vakili Ibrohim Rizoiy ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida o‘tgan hafta e’lon qilingan ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirmaslik kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, bu tanaffus AQSH va Isroilga qurol-yarog‘ zaxiralarini to‘ldirish va hujum pozitsiyalarini mustahkamlash uchun imkoniyat beradi.

«Ular yo Eronning huquqlarini, jumladan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratimizni tan olishlari kerak, yoki urush davom etadi», — deb yozdi u.

Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) ma’lumotlariga ko‘ra, Eron 2024 yilda harbiy xarajatlar uchun qariyb 8 milliard dollar ajratgan. Shu yilning oktabr oyida Isroil bilan bo‘lgan raketa almashinuvidan so‘ng, rasmiylar ushbu budjetni uch barobarga oshirishga va’da bergan edi. Biroq, mamlakat hukumati yillar davomida mahalliy boshqaruvdagi xatolar, korrupsiya va AQSH sanksiyalari bilan bog‘liq surunkali budjet taqchilligi muammosiga ham duch kelmoqda.

Internetning o‘chirilishi Eron iqtisodiyotiga og‘ir zarba berdi

90 milliondan ortiq eronlikka nisbatan davlat tomonidan joriy etilgan internetning deyarli to‘liq bloklanishi yettinchi haftadirki mamlakat iqtisodiy muammolarini yanada chuqurlashtirib, fuqarolarni og‘ir ahvolga solib qo‘ymoqda. Raqamli qamal tufayli ish o‘rinlarining ommaviy qisqarishi va biznes imkoniyatlarining yo‘qolishi ortidan hukumat bu masalada o‘z vakolati yo‘qligini aytib, aybni Milliy xavfsizlik oliy kengashiga yuklamoqda.

Eron Savdo-sanoat palatasi komissiyasi rahbari Afshin Kolahi davlat va xususiy sektor rahbarlari bilan o‘tkazilgan videokonferensiyada internetning o‘chirilishi kuniga 80 million dollargacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita iqtisodiy zarar keltirayotganini ma’lum qildi.

«Biz har kuni to‘rtta B1 ko‘prigiga teng mablag‘ yo‘qotyapmiz. Har kuni ikkita o‘rta quvvatli elektr stansiyasidan mahrum bo‘lyapmiz va eng achinarlisi, buni o‘z qo‘llarimiz bilan qilyapmiz», — dedi u internet bloklanishining bahosini shu oy boshida AQSH va Isroil tomonidan Tehron yaqinidagi yirik ko‘prikning bombalanishiga qiyoslab.

Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari vazirligi ushbu chiqish videosini o‘z ijtimoiy tarmoqlariga joylashtirdi. Yanvar oyida, aksilhukumat namoyishlari paytida internet 20 kunga o‘chirilganida, vazirlik ko‘plab onlayn bizneslar internetsiz uch haftadan ortiq yashay olmasligini ta’kidlagan edi.

Hozirda tarmoqning to‘liq tiklanishidan darak yo‘q, shu sababli vazirlik ko‘p bosqichli internet tizimini yaratish rejasini ilgari surmoqda.

Bu hafta vazirlik bir necha biznes vakillari global internetga kirish huquqini olish uchun ro‘yxatdan o‘tganini e’lon qildi. Aholining qolgan qismi esa cheklangan mahalliy intranet tarmog‘iga bog‘lanib qolmoqda. Telekommunikatsiya kompaniyalari davlat tomonidan «loyiq» deb topilgan tanlangan mijozlarga «Internet Pro» deb nomlangan yangi xizmatni taklif qilmoqda. Uning narxi oddiy paketlardan qimmatroq bo‘lsa-da, filtrlar kamroq ekani aytilmoqda.

Hatto davlatga qarashli saytlarning sharhlar bo‘limida ham (eronliklar o‘z fikrini bildirishi mumkin bo‘lgan kam sonli maydonlardan biri) asosiy mavzu — internet bo‘lib qolmoqda. Islom inqilobi muhofizlari korpusiga (IIMK) aloqador bo‘lgan «Fars» axborot agentligi saytida asosiy heshteglar «internet erkinligini» talab qilmoqda.

13-aprel kuni xavfsizlik idoralari texnologiyalarga ixtisoslashgan mashhur «Digiato» nashriga internetsiz o‘tgan vaqtni ko‘rsatuvchi teskari sanoq soatini o‘z saytidan olib tashlashni buyurdi. Shu bilan birga, VPN xizmatlari va tashqi dunyo bilan bog‘lanishning boshqa usullarini taklif qiluvchi «qora bozor» gullab-yashnashda davom etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Urushdan keyingi hisob-kitob: Eron AQSHga keskin talab qo‘ydi | Vaqt.uz