Kripto-to‘lovlarga rasmiy ruxsat, XVJdan «layoqatsiz» banklar uchun ogohlantirish va O‘zbekiston pasportining kuchi — 16-aprel dayjesti

Kecha 22:423 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Kripto-to‘lovlarga rasmiy ruxsat, XVJdan «layoqatsiz» banklar uchun ogohlantirish va O‘zbekiston pasportining kuchi — 16-aprel dayjesti

O‘zbekistonda steyblkoinlar orqali to‘lovlar va xalqaro o‘tkazmalarga ruxsat berildi

O‘zbekistonda steyblkoinlar aylanmasiga oid yangi huquqiy tartib joriy qilinib, ulardan to‘lov vositasi va xalqaro pul o‘tkazmalarida foydalanishga ruxsat berildi. Qoidalar Markaziy bank va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, blokcheyn asosida to‘lov tizimlarini yaratish va tokenlardan hisob-kitoblarda foydalanish uchun huquqiy asos yaratildi.

Yangi tartibga ko‘ra, faqat real pul mablag‘lari bilan ta’minlangan steyblkoinlar chiqarilishi mumkin, algoritmik yoki anonim tokenlar taqiqlanadi. Ular Markaziy bankdagi alohida hisoblarda zaxiralanadi, bozor ishtirokchilari uchun kiberxavfsizlik talablari kuchaytiriladi. Kompaniyalar faoliyati milliy agentlik tomonidan nazorat qilinib, pilot loyihalar 12 oy davomida sinovdan o‘tkaziladi.

IIOning hibsdagi sobiq rahbarlari ozodlikka chiqarilgani aytildi

Ichki ishlar tizimida ishlagan 7 nafar sobiq mulozim, jumladan Bekmurod Abdullayev va Rustam Tursunov ozodlikka chiqarilgani ma’lum qilindi. Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, ular davlatga yetkazilgan zararni qoplagani munosabati bilan 15-aprel kuni ozod etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur shaxslar 186 mlrd so‘mdan ortiq budjet mablag‘ini o‘zlashtirish holatlari bo‘yicha jinoyat ishi doirasida qamoqqa olingan edi. Ularning ozod qilinishi boshqa ayblanuvchilar orasida norozilikka sabab bo‘layotgani aytilmoqda.

O‘zbekiston pasportining dunyo reytingidagi o‘rni ko‘tarildi

Henley & Partners reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston pasporti 2026 yil aprel holatida 74-o‘ringa ko‘tarilib, yil boshiga nisbatan bir pog‘ona yaxshilandi. Hozirda o‘zbekistonliklar 59 ta davlatga vizasiz yoki soddalashtirilgan tartibda kirish imkoniyatiga ega bo‘lib, mamlakat Qirg‘iziston va Mozambik bilan bir qatordan joy olgan.

Markaziy Osiyoda Qozog‘iston 61-o‘rin (78 ta davlat) bilan yetakchilik qilmoqda, Tojikiston 81-o‘rinda, Turkmaniston esa 87-o‘rinda qayd etilgan. Jahon miqyosida esa Singapur yetakchi bo‘lib, uning fuqarolari 192 ta davlatga vizasiz sayohat qila oladi, reytingning eng quyi pog‘onasida Afg‘oniston joylashgan.

Moliyaviy jarimalarni bo‘lib to‘lash imkoni yaratildi

O‘zbekistonda moliyaviy jarimalarni liberallashtirish doirasida tadbirkorlarga ularni yengil shartlarda to‘lash imkoniyati yaratildi. 2026 yil 1-oktabrdan boshlab, agar jarima qarori topshirilganidan keyin bir oy ichida uning 50 foizi ixtiyoriy to‘lansa, qolgan qismi bekor qilinadi. Shuningdek, jarimani 6 oy davomida teng qismlarga bo‘lib to‘lash imkoni ham berilmoqda.

Qarorga ko‘ra, sud tomonidan qaror bekor qilinsa, undirilgan mablag‘lar 15 kun ichida qaytariladi, kechiktirilganda foiz to‘lanadi. 2027 yildan moliyaviy jarimalar elektron reyestri ishga tushirilib, unga kiritilmagan qarorlar haqiqiy emas deb hisoblanadi. Shuningdek, tadbirkorlar uchun sudga onlayn shikoyat berish imkoniyati ham joriy etiladi.

Samarasiz davlat banklari qayta tuzilishi yoki tugatilishi kerak – XVJning O‘zbekistonga tavsiyasi

Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekistonda davlat banklarini isloh qilish va xususiylashtirishni tezlashtirishni tavsiya qildi. Hisobotda qayd etilishicha, bu moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va resurslar taqsimoti samaradorligini oshirish uchun muhim. Shu bilan birga, samarasiz va «hayotga layoqatsiz» banklarni qayta tuzish yoki tugatish zarurligi ta’kidlangan.

XVJ davlat banklarida aktivlar sifatini baholash, korporativ boshqaruv va risk-menejmentni kuchaytirish, muammoli kreditlarni xalqaro standartlar asosida tahlil qilishni taklif qildi. Shuningdek, imtiyozli kredit dasturlarini qisqartirish, Markaziy bank mustaqilligini ta’minlash, banklarni stress-test qilishni kuchaytirish va moliyaviy inklyuziyani bozor mexanizmlari asosida rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

Teglar

Mavzuga oid