Logo

Tadbirkorlardan avval qaytarilgan QQSni yana undirish boshlandi

Bugun 18:553 daqiqa

Soliq qo‘mitasi avval o‘zi hisoblab qaytargan QQSning bir qismini tadbirkorlardan qaytarishni talab qilmoqda. Biznes vakillari esa qayta hisob-kitob qanday amalga oshirilgani va nima sababdan ortiqcha to‘lov yuzaga kelganini tushunish qiyinligini aytmoqda.

Tadbirkorlardan avval qaytarilgan QQSni yana undirish boshlandi

Soliq qo‘mitasi tadbirkorlarga avval qaytarilgan QQSning bir qismini qayta hisoblab, budjetga undirishni boshlagan. «Spot» nashri yozishicha, muammo ayrim yirik umumiy ovqatlanish va turizm kompaniyalariga ham ta’sir qilgan.

Gap 2024-yil 7-noyabrdagi hukumat qarori bilan joriy etilgan to‘langan QQSning bir qismini qaytarish mexanizmi haqida ketmoqda.

QQSni dastlab tizimning o‘zi hisoblagan

«Spot»ga Toshkentdagi umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlardan biri ma’lum qilishicha, qayta hisob-kitobdan so‘ng davlat tizimi avval avtomatik ravishda hisoblab, kompaniyalarga o‘tkazgan ayrim summalar ortiqcha qaytarilgan deb topilgan. Natijada ushbu mablag‘lar soliq qarzi sifatida undirilmoqda.

Mazkur mexanizmga ko‘ra, umumiy ovqatlanish korxonalariga to‘langan QQSning bir qismi qaytarilgan. Naqd pulsiz to‘lovlar ulushi 60 foiz va undan yuqori bo‘lsa, QQSning 40 foizi, undan past bo‘lsa 20 foizi qaytarilgan.

Qaytarish jarayonida summa avtomatik ravishda hisoblanib, tadbirkorga o‘tkazilgan. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda arizada korxonaning barqarorlik reytingini ko‘rsatish uchun alohida maydon ham bo‘lmagan.

Keyinchalik barqarorlik reytingi hisobga olingan

Muammo shundan keyin yuzaga kelgan. Keyinchalik soliq organlari tadbirkorlarning barqarorlik reytingini hisobga olib, avval amalga oshirilgan to‘lovlarni qayta hisoblay boshlagan. Ayrim kompaniyalarga olingan mablag‘larning bir qismini qaytarish zarurligi haqida xabarnomalar yuborilgan.

Prezidentning 2024-yil 24-maydagi qaroriga ko‘ra, subsidiyalar, soliq va bojxona imtiyozlari hamda boshqa qo‘llab-quvvatlash choralari biznesning barqarorlik reytingini hisobga olgan holda taqdim etiladi. Reytingga qarab qo‘llab-quvvatlash miqdori AAA uchun 100 foizdan V uchun 50 foizgacha belgilanadi.

Tadbirkorlar esa qayta hisob-kitobda aynan qaysi davrdagi reyting qo‘llanganini mustaqil tekshira olmayotganini aytmoqda. Sababi barqarorlik reytingi dinamik ko‘rsatkich bo‘lib, shaxsiy kabinetda faqat joriy toifa aks etadi.

Shu bois biznes vakillari dastlab qaytariladigan summani o‘zlari belgilamaganini, uni davlat axborot tizimi hisoblaganini va ular noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etmaganini ta’kidlamoqda.

Ayrim hollarda mablag‘lar majburan yechilgan

Tadbirkorning qayd etishicha, ayrim holatlarda kompaniyalar tomonidan rasmiy e’tiroz bildirilgan va nizo ko‘rib chiqilishi yakunlanmagan bo‘lsa-da, bahsli summalar hisobvaraqlardan majburan yechib olingan.

Iqtisodchi Yuliy Yusupov ham ushbu vaziyatga e’tibor qaratib, hukumatning QQSni qaytarish tartibini belgilagan qarorida dastlab barqarorlik reytingini hisobga olish talabi ko‘rsatilmaganini ta’kidlagan.

Yusupovning fikricha, keyinchalik soliq organlari QQSni qaytarishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chorasi sifatida talqin qilib, unga barqarorlik reytingiga bog‘liq normalarni qo‘llay boshlagan.

“QQS miqdorini kompaniya emas, Soliq qo‘mitasining o‘zi hisoblagan. Unda kompaniyaga e’tiroz nimadan iborat?” — deb yozgan iqtisodchi.

Soliq qo‘mitasi nima deydi?

Soliq qo‘mitasi avval Samarqand viloyatida QQSni qaytarish bilan bog‘liq shunga o‘xshash holatga izoh bergan. Idora amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda “QQS keshbeki” atamasi qo‘llanilmasligini bildirgan.

Qo‘mita talqiniga ko‘ra, to‘langan QQSning bir qismini qaytarish davlat tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘llab-quvvatlash chorasi hisoblanadi. Bunday choralar esa tadbirkorlik subyektining barqarorlik reytingini hisobga olgan holda taqdim etiladi.

Idora vaqtinchalik nizomning 16-bandiga ham ishora qilgan. Unga ko‘ra, qonunchilik talablari buzilgan holda yoki ortiqcha miqdorda qaytarilgan mablag‘lar budjetga qaytarilishi lozim.

Soliq qo‘mitasi qayta hisob-kitoblar o‘tkazilib, ortiqcha mablag‘ qaytarilgani aniqlangan tadbirkorlarga tegishli xabarnomalar yuborilganini ma’lum qilgan.

Ayni paytda biznes vakillari asosiy muammo — dastlabki hisob-kitobda qaysi barqarorlik reytingi qo‘llanganini va qaytarilishi talab qilinayotgan summa qanday hisoblanganini aniqlash imkoni yo‘qligida, deb hisoblamoqda.

Soliq qo‘mitasi hozircha ushbu holatga rasmiy izoh bermagan.

Teglar

Mavzuga oid

Tadbirkorlardan avval qaytarilgan QQSni yana undirish boshlandi | Vaqt.uz