«Tarixiy adolat tiklanmoqda». Prezident nohaq qatag‘on qilinganlar nomini oqlash ishlari davom ettirilishini aytdi
Shavkat Mirziyoyev 1983-1990-yillarda «paxta ishi», «o‘zbek ishi» degan soxta ayblovlar bilan siyosiy qatag‘onga uchragan vatandoshlar nomini oqlash va tarixiy adolatni tiklash borasidagi ezgu ishlar izchil davom ettirilishini ma’lum qildi.
© president.uz28-avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyobonida qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, nuroniylar hamda ziyolilar ishtirok etdi.
Marosimda Vatan ozodligi va istiqloli yo‘lida jon fido qilgan ajdodlar xotirasiga Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi.
Prezident mustaqillikning 35 yilligi arafasida qahramon ajdodlarni yod etish muqaddas burch ekanini ta’kidladi.
«Shu kunlarda el-yurtimiz bilan birgalikda mustaqilligimizning 35 yilligini katta xursandchilik bilan kutib olyapmiz, o‘ttiz besh yildan buyon hech kimga qaram bo‘lmasdan, mana shunday tinch va tiniq osmon ostida erkin va farovon yashayapmiz. Bu – katta baxt, bebaho boylik. Shunday ulug‘ kunlarda istiqlol va ozodlik yo‘lida halok bo‘lgan qahramon ajdodlarimizni eslash, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirish – muqaddas burchimiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning jasorati bugungi erkin hayot va milliy istiqlol qadrini yanada teran anglashga xizmat qiladi.
Shavkat Mirziyoyev keyingi yillarda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
«Barcha islohotlarimiz markazida turgan «Inson qadri uchun!» degan ezgu g‘oya jasur ota-bobolarimizning ruhlarini shod etish, orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlarimizni yanada kuchaytirishni talab etadi. Aziz insonlar xotirasi qancha e’zozlansa, bugungi tinch hayotimiz, milliy istiqlolimiz qadri shuncha oshadi», – dedi Prezident.
2021–2025-yillarda Oliy sud tomonidan qatag‘on qurboni bo‘lgan 1 200 dan ziyod yurtdosh oqlandi. Joriy yilda esa sobiq mustabid tuzum davrida nohaq ayblanib, qamalgan yoki o‘limga hukm etilgan yana 161 nafar vatandoshning nomi oqlandi.
Muloqotda asrning 80 yillarida ham minglab vatandoshlarimiz «paxta ishi», «o‘zbek ishi» degan soxta ayblovlar bilan siyosiy qatag‘onga uchragani qayd etildi.
1983-1990-yillarda 40 ming nafar o‘zbekistonlik tergov qilinib, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bugun bu borada ham tarixiy adolat tiklanmoqda. Bunday ezgu ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Prezident dunyoda qurolli mojarolar va siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayib borayotgan asrash, jipslik va hamjihatlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
«Bizning yo‘limiz – tinchlik, do‘stlik va hamkorlik yo‘li. O‘zbekiston ushbu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaydi», – dedi davlat rahbari.
Muloqotda yoshlarni bilimli, ma’rifatli va vatanparvar qilib tarbiyalash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Prezidentning ta’kidlashicha, bu borada milliy g‘urur muhim ma’naviy tayanch hisoblanadi.
Shu bois, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishiga katta e’tibor qaratilmoqda.
So‘nggi o‘n yilda oliygohlar soni 77 tadan 205 taga yetkazildi, qabul kvotalari muntazam oshirib borildi. Jahondagi TOP-100 talikka kiradigan oliygohlarda 3 ming 500 dan ziyod farzandimiz ta’lim olmoqda. Maktab va maktabgacha ta’lim tizimlarida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
«Yoshlarni milliy g‘urur asosida tarbiyalashga alohida ahamiyat berishimiz kerak. Milliy g‘urur – insonning qalbini, yuragini, butun vujudini kuch-g‘ayratga to‘ldiradigan qudratli kuch. Milliy g‘ururi bor odam hech qachon yengilmaydi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident ta’lim, ma’rifat va tarixiy merosga e’tibor Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim asoslaridan biri bo‘lib qolishini ta’kidladi.





