Logo

Tataristondagi dron hujumi oqibatida 7 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

Rossiyaning Nijnekamsk shahridagi dron hujumi oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi. Ular orasida 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi bor.

Tataristondagi dron hujumi oqibatida 7 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

10-avgust kuni Tataristonning Nijnekamsk shahridagi qator ishlab chiqarish va fuqarolik obyektlariga dronlar hujumi sodir etildi. Hodisa oqibatida O‘zbekistonning 7 nafar fuqarosi halok bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.

Tatariston rasmiylarining so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, hujum qurbonlari soni 13 nafarga yetgan. Halok bo‘lganlar orasida bir nafar bola ham bor. Dastlab 39 kishi jarohat olgani xabar qilingan, keyinroq 75 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgani ma’lum qilindi. Ularning 21 nafari shifoxonaga yotqizilgan.

Konsulxona halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Muassasa voqeani nazoratga olganini, mahalliy mas’ul idoralar va tergov organlari bilan zarur aloqalar o‘rnatilganini ma’lum qildi.

Konsulxona ma’lumotiga ko‘ra, halok bo‘lgan fuqarolarning jasadlarini sud-tibbiy ekspertiza va zarur rasmiy jarayonlar yakunlanganidan so‘ng O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.

10-avgust tongida Nijnekamskdagi bir nechta sanoat korxonalari hujumga uchragan.

Shuningdek, «Nijnekamskneftexim» neft-kimyo majmuasiga ham zarba berilgani haqida xabarlar tarqalgan.

Mazkur sanoat zonasida «Tatneft»ga tegishli «TANEKO» neftni qayta ishlash majmuasi va «TAIF-NK» neftni qayta ishlash kompleksi ham joylashgan. Rossiya rasmiylari dronlar Nijnekamskdagi sanoat va fuqarolik obyektlariga hujum qilganini bildirdi.

Hodisa yuzasidan Rossiya Tergov qo‘mitmasi terrorchilik akti moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Teglar

Mavzuga oid

Tataristondagi dron hujumi oqibatida 7 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi | Vaqt.uz