
Tibbiyot xodimlariga malaka toifasi berish to‘liq raqamlashtirildi
Yangi tizim malaka baholash, imtihon va ustamalarni tayinlashda inson omilini keskin kamaytirishi aytilmoqda.

O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish jarayoni to‘liq raqamli formatga o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Endi malaka toifasi berilganini tasdiqlovchi qog‘oz sertifikatlar bekor qilinib, ularning o‘rnini elektron sertifikatlar egalladi. Bu yangilik sohada shaffoflikni oshirish va byurokratik to‘siqlarni qisqartirishga qaratilgan.
Prezidentning 2023 yil 20-iyundagi qarori asosida Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi tashkil etildi. Markaz faoliyati raqamli yechimlar orqali kadrlar salohiyatini xolis va zamonaviy mezonlar asosida baholashni maqsad qildi. Shu doirada hujjat topshirish, ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish jarayonlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi.
Yangi tartibga muvofiq, malaka toifasi uchun hujjatlar yig‘majild ko‘rinishida qabul qilinmaydi. Arizalar elektron tarzda topshiriladi va har bir bosqich onlayn kuzatib boriladi.
Imtihonlar esa onlayn translyatsiya, audio va video nazorat orqali o‘tkazilmoqda, bu esa natijalarning xolisligini ta’minlaydi.
«Tibbiy malaka axborot tizimi» orqali barcha mutaxassisliklar bo‘yicha test va amaliy sinov savollari shakllantirildi. Savollar o‘zbek va rus tillarida tayyorlangan bo‘lib, «Random» dasturi orqali tanlanadi va natijalar darhol e’lon qilinadi. Bu inson omili aralashuvini minimal darajaga tushirdi.
Raqamlashtirish natijasida hujjatlar soni 14 tadan 11 taga qisqardi, qolgan ma’lumotlar idoralararo axborot almashinuvi orqali avtomatik olinadi. Eng muhimi, tibbiyot xodimlarining poytaxtga borib kelish xarajatlari va vaqt sarfi butunlay bartaraf etildi.
2025 yilda tajriba-sinov tariqasida 15 ta tuman va shaharda sertifikat olgan tibbiyot xodimlarining oylik maoshiga 100 foizgacha ustama avtomatik qo‘shila boshladi. Elektron sertifikatlar bazasining UzASBO-2 tizimi bilan integratsiya qilinishi bu jarayonni to‘liq avtomatlashtirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq SSV «Elektron retsept» tizimi bo‘yicha muhim savollarga javob bergan edi.





