Logo

Tojikistonda qashshoqlik darajasi 83 foizdan 19 foizgacha qisqardi

Bugun 09:432 daqiqa

Mustaqillik davridan buyon milliy iqtisodiyot o‘rtacha hisobda yiliga 7,6 foizdan o‘sib borgan.

Tojikistonda qashshoqlik darajasi 83 foizdan 19 foizgacha qisqardi

Tojikistonda qashshoqlik darajasi 1990-yillarda 83 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib 19 foizgacha kamaydi. Bu haqda Tojikiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Hokim Holiqzoda 25-avgust kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan «Tojikiston va mustaqillikning 35 yili: tinchlikparvarlik tajribasi, ko‘p vektorli siyosat va barqaror rivojlanish» xalqaro konferensiyasida ma’lum qildi.

Hokim Holiqzodaning so‘zlariga ko‘ra, qashshoqlik darajasining kamayishi mustaqillik yillarida mamlakatning asosiy ijtimoiy yutuqlaridan biri bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, shu davr mobaynida Tojikiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish borasida katta yo‘lni bosib o‘tgan.

Mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 1991-yildagi 13,4 million somoniydan 2025-yilda 176,9 milliard somoniygacha oshgan. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM esa 2,5 somoniydan 14,7 ming somoniygacha ko‘paygan. Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari ma’lum qilishicha, milliy iqtisodiyot o‘rtacha hisobda yiliga 7,6 foizdan o‘sib borgan.

Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash maqsadida shu davr mobaynida barcha manbalardan 670 milliard somoniydan ortiq investitsiya jalb qilingan. Shundan 159 milliard somoniysi xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Hokim Holiqzodaning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkichlar biznes doiralarining mamlakatdagi barqaror investitsiya muhitiga va siyosiy barqarorlikka bo‘lgan ishonchini ko‘rsatadi. U, shuningdek, tinchlik va milliy birlikning ahamiyatini alohida ta’kidlagan. Uning aytishicha, aynan tinchlik va milliy birlik Tojikistonning ijtimoiy-iqtisodiy yutuqlari va barqarorligining asosini tashkil etgan.

O‘z nutqi davomida Hokim Holiqzoda Tojikistonning tinchlikparvarlik tashabbuslarining xalqaro ahamiyati haqida ham gapirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistonning oltin-valuta zaxiralari 6,8 mlrd dollarga yetgandi.

Teglar

Mavzuga oid