Logo

To‘rt oyda savdo xizmatlari hajmi 101 trln so‘mdan oshdi

Bugun 11:551 daqiqa

O‘zbekistonda savdo xizmatlari hajmi yilning dastlabki to‘rt oyida 101,8 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 13,9 foizga o‘sdi.

To‘rt oyda savdo xizmatlari hajmi 101 trln so‘mdan oshdi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekistonda savdo sohasi iqtisodiyotning eng faol yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–aprel oylarida mamlakat bo‘yicha savdo xizmatlari hajmi 101,8 trln so‘mni tashkil etgan.

Bu ko‘rsatkich 2025 yilning shu davriga nisbatan 13,9 foizga yuqori bo‘lib, ichki iste’mol va tadbirkorlik faolligi o‘sib borayotganini ko‘rsatadi. Savdo xizmatlarining kengayishi aholi daromadlari, chakana savdo tarmoqlari va elektron tijorat rivoji bilan ham bog‘liq hisoblanadi.

Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtda to‘rt oy davomida 39,3 trln so‘mlik savdo xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lib, bu mamlakat umumiy hajmining salmoqli qismini tashkil etadi.

Hududlar o‘rtasida

Toshkent viloyati 9 trln so‘mlik ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona va Samarqand viloyatlari qayd etildi. Har ikki hududda savdo xizmatlari hajmi 7,5 trln so‘mdan oshgan.

Namangan viloyatida mazkur ko‘rsatkich 5,9 trln so‘mni, Andijon viloyatida 5,3 trln so‘mni tashkil etdi. Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida esa bir xil — 4,7 trln so‘mlik hajm qayd qilingan.

Surxondaryo viloyatida 4,3 trln so‘mlik, Xorazm viloyatida 3,6 trln so‘mlik savdo xizmatlari amalga oshirilgan. Bu hududlarda ham savdo faolligi yuqori sur’atlarda saqlanmoqda.

Jizzax viloyatida savdo xizmatlari hajmi 3,2 trln so‘mni, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 trln so‘mni tashkil qildi. Navoiy viloyatida 2,5 trln so‘mlik, Sirdaryo viloyatida esa 1,4 trln so‘mlik ko‘rsatkich qayd etilgan.

Teglar

Mavzuga oid