Toshkent va Andijon o‘rtasida sinov tarzida tezyurar poyezd harakati yo‘lga qo‘yildi
Toshkentdan Andijonga Xitoyda ishlab chiqarilgan tezyurar poyezd harakati sinov tariqasida amalga oshirilmoqda. Poyezd soatiga 160 kilometr tezlikda harakatlanib, Toshkentdan Andijongacha bo‘lgan masofani qariyb 3 soatda bosib o‘tadi.
© Videodan kadrAndijonga Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy tezyurar poyezd kirib keldi. Viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, hozirda poyezd qatnovi sinov tariqasida amalga oshirilmoqda.
Yangi poyezd soatiga 160 kilometr tezlikda harakatlanishi mumkin. U bir vaqtning o‘zida 415 nafar yo‘lovchini tashish imkoniyatiga ega.
Qatnov yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng Toshkentdan Andijongacha bo‘lgan masofani qariyb uch soatda bosib o‘tish ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, mazkur tezyurar poyezd qatnovining yo‘lga qo‘yilishi Toshkent va Andijon o‘rtasidagi transport aloqalarini yanada yaxshilash, yo‘lovchilar uchun qulay, tezkor va zamonaviy xizmatlarni ta’minlash yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.
Yangi qatnov hududlar o‘rtasidagi harakatchanlikni oshirish barobarida, aholi uchun safarlarni yanada qulay va samarali tashkil etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
