Logo

Toshkentda 5,1 mln dollarlik Xitoy texnikumi tashkil etilishi mumkin

Bugun 12:252 daqiqa

Toshkentda 5,1 mln dollar Xitoy investitsiyasi hisobiga xalqaro texnikum tashkil etish taklif qilindi. Unda BYD, Chery va JAC kabi yirik avtomobilsozlik kompaniyalari uchun kadrlar tayyorlanishi rejalashtirilmoqda.

Toshkentda 5,1 mln dollarlik Xitoy texnikumi tashkil etilishi mumkin © Ijtimoiy tarmoqlar

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Toshkent shahrida Xitoy xalqaro texnikumini tashkil etish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Loyihaga ko‘ra, yangi ta’lim muassasasi Bektemir tumanidagi Respublika televideniye va radio texnikumi negizida Xitoyning «China Oriental Education Holdings Limited» kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Xitoy kompaniyasi texnikum faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 5,1 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritishi rejalashtirilgan. Mablag‘lar bir yil davomida binolarni rekonstruksiya qilish, yangi ustaxonalar qurish va zamonaviy laboratoriyalarni jihozlashga sarflanadi.

Avtosanoat uchun kadrlar

Texnikum Xitoy standartlari va zamonaviy ta’lim dasturlari asosida mutaxassislar tayyorlaydi. O‘quv jarayoniga raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va xorijiy ta’lim tajribasini joriy etish ko‘zda tutilgan.

BYD, Chery va JAC kabi Xitoy avtomobilsozlik korxonalari buyurtmasi asosida o‘rta bo‘g‘in kadrlari tayyorlanadi. O‘quvchilar uchun mazkur kompaniyalar va sohadagi boshqa korxonalarda amaliyot o‘tash imkoniyati ham yaratilishi rejalashtirilgan.

Mahalliy pedagoglarning Xitoydagi yetakchi ta’lim muassasalari va korxonalarida malaka oshirishi ham loyihadan o‘rin olgan. Texnikumda xitoy va ingliz tillarini o‘qitish, shuningdek, ishsiz va band bo‘lmagan yoshlar uchun qisqa muddatli kasb kurslarini tashkil etish belgilangan.

Texnikum uchun bino ijaraga olinadi

Texnikum Respublika televideniye va radio texnikumining Rohat ko‘chasidagi bino va inshootlarida joylashadi. Ushbu obyektlar yoshlarni kasbga o‘qitish maqsadida 20 yil muddatga bepul foydalanishga beriladi.

Ta’lim muassasasi nodavlat kasbiy ta’lim tashkiloti sifatida, kunduzgi, kechki va dual shakllarda to‘lov-kontrakt asosida ishlaydi. Uning ta’sischilari «China Oriental Education Holdings Limited» va Kasbiy ta’lim agentligi bo‘ladi.

Bitiruvchilar O‘zbekistonda tan olinadigan kasbiy ta’lim diplomini oladi. Shu bilan birga, xorijda ham tan olinadigan sertifikatlarni berish tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Qaror loyihasi muhokamasi 1-sentabrga qadar davom etadi.

Teglar

Mavzuga oid