Logo

Toshkentda 600 mingdan ortiq kvartira qayta baholandi

Bugun 14:513 daqiqa

Ularning umumiy qiymati amaldagi kadastr bahosidan 7 baravardan ko‘proq oshib, 426,7 trln so‘mni tashkil etdi.

Toshkentda 600 mingdan ortiq kvartira qayta baholandi © vaqt.uz

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Toshkent shahrida ko‘chmas mulk obyektlarini ommaviy baholashning dastlabki natijalarini taqdim etdi. Bu haqda 14-avgust kuni vazirlikda jurnalistlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.

Ommaviy baholash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish davlat rahbarining 2025-yil 5-martdagi 43-sonli farmonida belgilangan. Tizimning birinchi bosqichi 2025–2026 yillarda tajriba tariqasida Toshkent shahrida amalga oshirilmoqda.

Kvartiralar qiymati 57,8 trln so‘mdan 426,7 trln so‘mga chiqdi

Dastlabki natijalarga ko‘ra, poytaxtda 600 mingdan ortiq kvartira baholangan.

Ularning amaldagi kadastr qiymati 57,8 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ommaviy baholash natijasida bu qiymat 426,7 trln so‘m deb belgilangan.

Shu tariqa, baholash natijasida kvartiralarning umumiy qiymati amaldagi kadastr qiymatiga nisbatan qariyb 7,4 baravar yuqori chiqqan.

Hovli-joylar qiymati 14 baravarga yaqin oshdi

Shuningdek, Toshkentda 213 mingdan ortiq hovli-joy qayta baholangan.

Ularning amaldagi kadastr qiymati 39,1 trln so‘m bo‘lgan. Ommaviy baholashdan keyin esa mazkur obyektlarning qiymati 548,4 trln so‘m deb belgilangan.

Bu amaldagi kadastr qiymatiga nisbatan qariyb 14 baravar ko‘p.

Kvartiraning bir kvadrat metri 35,8 mln so‘mgacha baholangan

Baholash natijalari poytaxt hududlari kesimida ko‘chmas mulk qiymati o‘rtasida sezilarli farq borligini ham ko‘rsatgan.

Jumladan, kvartiralarning 1 kvadrat metri qiymati 4,6 mln so‘mdan 35,8 mln so‘mgacha bo‘lgan.

Bir sotix yer uchastkasi qiymati esa hududga qarab 115 mln so‘mdan 890 mln so‘mgacha baholangan.

Mulkdorlar natijalarni qayta ko‘rib chiqishni so‘rashi mumkin

Ommaviy baholashning dastlabki natijalari 60 kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

Mulkdorlar baholash natijalari va hisob-kitoblarda foydalanilgan ma’lumotlar bilan tanishish, zarur tushuntirishlarni olish hamda natijalarni qayta ko‘rib chiqishni so‘rash huquqiga ega.

Shuningdek, mulkdorlar ommaviy baholashda aniqlangan qiymatni mustaqil baholatish uchun baholovchi tashkilotni jalb qilishi mumkin.

Yangi qiymat soliqlarga ham ta’sir qilishi mumkin

43-sonli farmonga ko‘ra, Toshkentdagi eksperimentning dastlabki natijalaridan kelib chiqib, ommaviy baholashdan o‘tkazilgan mol-mulk va yer uchastkalari uchun mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha soliq solinadigan bazani qayta belgilash, shuningdek, soliq stavkalarini pasaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Ya’ni ommaviy baholash natijasida aniqlangan yangi qiymatlar kelgusida soliq solish tartibiga ham ta’sir qilishi mumkin.

Nega ommaviy baholash joriy etilmoqda?

Farmonda tizimni joriy etishdan bir nechta maqsad belgilangan.

Jumladan, respublikadagi 8 mlndan ortiq turar va noturar joylar hamda qariyb 7 mln yer uchastkasining iqtisodiy aktiv sifatidagi qiymatini aniqlash ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, ko‘chmas mulk obyektining soliq solish, oldi-sotdi qilish, garovga qo‘yish, jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish va boshqa holatlarda aniqlanadigan qiymatlari o‘rtasida mutanosiblikni ta’minlash maqsad qilingan.

Bundan tashqari, ko‘chmas mulk bozoriga oid ishonchli, to‘liq va muntazam yangilanib boradigan axborot bazasini yaratish, soliq solishda adolatlilik tamoyilini yanada keng joriy etish rejalashtirilgan.

Tizim qachon boshqa hududlarga joriy etiladi?

Ommaviy baholash ishlari 2025–2026 yillarda eksperiment tariqasida Toshkent shahrida o‘tkazilmoqda.

2026–2027 yillarda tizimni Nukus shahri va viloyatlar markazlarida, 2027-yil va undan keyingi yillarda esa qolgan hududlarda joriy etish rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid