add

Toshkentdagi 9 mingdan ziyod lift nosoz ekani rad etildi

Bugun 08:001062

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga ko‘ra, texnik ko‘rik jarayonida liftlarda aniqlanadigan kamchiliklar — bu lift nosoz degan xulosani bermaydi.

Toshkentdagi 9 mingdan ziyod lift nosoz ekani rad etildi

Avvalroq, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Toshkent shahrida joylashgan ko‘p qavatli uylarda o‘rnatilgan 9 mingdan ziyod lift tekshiruvdan o‘tkazilib, ularning deyarli barchasida turli darajadagi nosozliklar qayd etilgani haqida ma’lum qilgandi. Bugun, 11-noyabr kuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mazkur ma’lumot asossiz ekani haqida bayonot berdi.

«Texnik ko‘rik jarayonida liftlarda aniqlanadigan kamchiliklar — bu lift nosoz degan xulosani bermaydi. Aksincha, bu holat profilaktik tekshiruv va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida amalga oshiriladigan muntazam texnik nazorat jarayonidir», - deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, bugungi kunda respublika bo‘yicha 5 491 ta ko‘p kvartirali uyda 13 798 ta lift uskuna mavjud bo‘lib, shundan 12 987 tasi odam tashish, 811 tasi esa yuk tashish uchun mo‘ljallangan.

Toshkent shahrida 3 245 ta ko‘p kvartirali uyda jami 9 144 ta lift mavjud. Shulardan 1 835 tasining ekspluatatsiya muddati tugagan. Vazirlikka ko‘ra, ularni yangilash ishlari Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 17-fevraldagi 98-son qarori asosida 2025-2028 yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. 2025 yilda 452 ta liftni yangilash ishlari yakunlanmoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6-oktabrdagi 801-son qaroriga muvofiq mamlakatdagi barcha liftlar har yili majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Joriy yilning 1-mayidan boshlab vazirlik tomonidan “Xavfsiz lift” yagona idoralararo elektron platformasi ishga tushirildi.

Bayonotda mazkur platforma orqali ko‘p kvartirali uy-joylardagi barcha lift uskunalarini real vaqt rejimida monitoring qilish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, liftlardan foydalanuvchi aholi uchun lift uskunalari bo‘yicha doimiy ma’lumotlarni olish imkoniyati ta’minlanayotgani aytilgan.

Vazirlik ta’kidlashicha, aholi xavfsizligini ta’minlash va lift sohasidagi mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida doimiy monitoring va islohotlar davom ettiriladi.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkentdagi 9 mingdan ziyod lift nosoz ekani rad etildi | Vaqt.uz