add

Toza havo uchun 548 mlrd so‘m, Toshkent shahar hokimidan tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha taklif va davlat xaridida 11,2 mlrd so‘mlik qonunbuzarlik — 4-dekabr dayjesti

Kecha 21:582244 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Toza havo uchun 548 mlrd so‘m, Toshkent shahar hokimidan tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha taklif va davlat xaridida 11,2 mlrd so‘mlik qonunbuzarlik — 4-dekabr dayjesti

2026 yilda havo tozaligini ta’minlash uchun qancha mablag‘ ajratilishi ochiqlandi

Oliy Majlisda 2026-yilgi davlat byudjeti muhokamasi chog‘ida havo sifatini yaxshilashga yo‘naltiriladigan mablag‘lar ko‘rib chiqildi. Deputatlarning sanoat korxonalarini zamonaviy filtrlash inshootlari bilan jihozlash uchun ajratiladigan mablag‘lar yetarliligi haqidagi savollariga Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov javob berib, 2026 yilda jamg‘armaga 548 mlrd so‘m yo‘naltirilishi prognoz qilinayotganini bildirdi. U Toshkentdagi ekologik vaziyat bo‘yicha maxsus komissiya 24 soatlik rejimda ishlayotganini ham qayd etdi.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov 2025 yilda 900 mlrd so‘m Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat jamg‘armasiga o‘tkazib berilishi rejalashtirilganini ta’kidladi. Prezident qaroriga ko‘ra, jamg‘arma 2025–2026 yillarda jami 1,4 trln so‘m bilan to‘ldiriladi. Shuningdek, 2026 yildan boshlab uglerod birliklari savdosidan tushumlarning 20 foizi, atrof-muhitga zarar uchun jarimalar va import transport vositalari bo‘yicha utilizatsiya yig‘imining 10 foizi ham ushbu jamg‘armaga yo‘naltiriladi.

«Yo‘l harakati boshqaruvi markazini tashkil etish tirbandlikni 30-40 foizgacha kamaytiradi» — Toshkent shahar hokimi

Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqovning aytishicha, poytaxtda yagona yo‘l harakati boshqaruvi markazining tashkil etilishi tirbandlikni sezilarli kamaytiradi va ekologik yukni yengillashtiradi. Uning fikricha, bugungi kunda 400 ming avtomobil uchun mo‘ljallangan yo‘llarda 1 milliondan ortiq mashina harakatlanayotgani muammoni keskinlashtirmoqda. Hokimlik Seul, Singapur, Shenjen, Dubay va Moskva tajribalarini o‘rganib, tirbandlikni kamaytirishning asosiy yechimi markazlashgan boshqaruv ekanini aniqlagan.

Rejalashtirilayotgan Yagona yo‘l harakati boshqaruvi markazi barcha funksiyalarni bir qo‘lda jamlab, poytaxtning transport bosh rejasini ishlab chiqadi. Bu reja yo‘lovchilar, velosiped va elektrosamokat foydalanuvchilari, yuk va yengil avtomobillar haydovchilari ehtiyojlarini qamrab oladi. Harakatlanish yo‘nalishlarini tartibga solish, yuk mashinalari vaqt va yo‘nalishlarini belgilash, mikromobillik uchun sharoit yaratish kabi vazifalar aniq algoritmlar asosida bajariladi. Hokimning ta’kidlashicha, tizim raqamlashtirilgach, yo‘llarni boshqarish shaffof va tezkor bo‘ladi hamda tirbandlik kamida 30–40 foizgacha qisqaradi.

Davlat xaridlarida 11,2 mlrd so‘mlik qonunbuzilishlar aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi davlat xaridlari bo‘yicha o‘tkazgan monitoring va tekshiruvlar natijasida 11,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni qamrab olgan qonunbuzilishlar fosh etildi. Buxoro viloyatida maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi xaridlarida 500 mln so‘mdan ziyod, Farg‘ona viloyatida sog‘liqni saqlash boshqarmasining 6 ta xaridida esa qariyb 8 mlrd so‘mlik xatolar aniqlangan

Shu bilan birga, Jizzax viloyatida turli tashkilotlar kesimida 900 mln so‘mga yaqin, Navoiy viloyatida esa tibbiyot muassasalari bo‘yicha 1,8 mlrd so‘mlik qonunbuzilishlar qayd etildi. Mazkur holatlar «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 29-moddasi bilan bog‘liq bo‘lgani bildirilgan. Qo‘mita huzuridagi Maxsus komissiya buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ish qo‘zg‘atib, belgilangan tartibda ta’sir choralarini qo‘lladi.

Erkinjon Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi etib tasdiqlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga vazifasini bajarib kelayotgan Erkinjon Turdimovni tavsiya etdi. Xalq deputatlari kengashi sessiyasida uning nomzodi ma’qullanib, Turdimov rasman viloyat rahbari etib tasdiqlandi. U 2025 yil yanvaridan buyon hokim vazifasini bajarayotgan edi.

Sessiyada kelasi yil uchun hudud rivojiga oid vazifalar belgilab berildi: 3 mlrd dollar investitsiya jalb etish, eksport hajmini 500 mln dollarga yetkazish va 185 ming ish o‘rni yaratish. Prezident Turdimovdan bu rejalarni izchil amalga oshirish, aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan tezkor va samarali ishlarni talab qildi. Turdimovning Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridagi rahbarlik tajribasi Sirdaryo uchun muhim omil sifatida qayd etildi.

Markaziy bank voyaga yetmaganlar uchun kartadan foydalanish tartibini tushuntirdi

Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmaganlar bank kartalarini ochish va mobil ilovalarda biometrik identifikatsiyadan o‘tishda qiyinchiliklar bo‘layotgani haqidagi fikrlarga izoh berdi. Tashkilotga ko‘ra, Face-ID kabi biometrik talablar avvalo firibgarlik holatlarini cheklash uchun joriy etilgan. Amaldagi tartibga muvofiq, 14–18 yoshli fuqarolar banklarda hisobvaraqni mustaqil ochish huquqiga ega, biroq mobil ilovalarda xavfli operatsiyalar uchun qo‘shimcha identifikatsiya saqlanib qoladi.

Mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida Markaziy bank banklar va to‘lov tashkilotlariga voyaga yetmaganlar uchun mobil ilovalar orqali elektron to‘lov xizmatlarini to‘liq ishlatish imkonini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar yubordi. Tizimdagi texnik va xavfsizlik bo‘shliqlari qisqa vaqtda yopilishi belgilangan. Optimallashtirish ishlari yakunlangach, 14–18 yoshli fuqarolar o‘z kartalaridan mobil ilovalar orqali to‘liq foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid