add

Tramp siyosati AQSH kompaniyalarni bankrot qilmoqda

Bugun 09:582 daqiqa

2025 yilda AQSHda korporativ kasodliklar soni Buyuk retsessiya davri darajasiga yetdi, sanoat va iste’mol bozorlaridagi bosim kompaniyalarni og‘ir ahvolga solmoqda.

Tramp siyosati AQSH kompaniyalarni bankrot qilmoqda

2025 yilda AQSHda korporativ bankrotliklar keskin ko‘payib, Buyuk retsessiya yillariga yaqinlashdi. The Washington Post nashrining ma’lum qilishicha, S&P Global Market Intelligence hisob-kitoblariga ko‘ra, dekabr oyiga qadar kamida 717 ta kompaniya bankrotlik haqida ariza bergan.

Bu ko‘rsatkich 2010 yildan beri eng yuqori daraja hisoblanadi. 2024 yilga nisbatan kasodga uchragan kompaniyalar soni 17 foizga ko‘p. Korxonalar moliyaviy qiyinchiliklarni inflatsiya, foiz stavkalarining yuqoriligi hamda AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining savdo siyosati bilan izohlamoqda. Ayniqsa, ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar va xarajatlarning oshishi biznesga jiddiy bosim qilgan.

Nashrga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida «mega-bankrotliklar» soni ham keskin oshgan. Aktivlari 1 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan kompaniyalar tomonidan yanvar–iyun oylarida 17 ta bankrotlik arizasi berilgan. Bu koronavirus pandemiyasi avjiga chiqqan 2020 yildan beri yarim yillik kesimda eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Avvalgi yillardan farqli o‘laroq, bankrotliklar o‘sishi eng avvalo sanoat tarmoqlarida namoyon bo‘lmoqda. Ishlab chiqarish, qurilish va transport bilan bog‘liq kompaniyalar eng ko‘p zarar ko‘rgan. Ikkinchi o‘rinda esa iste’molchilar uchun majburiy bo‘lmagan, ammo istaladigan mahsulot va xizmatlar — moda, uy jihozlari kabi segmentlar turibdi.

University of Michigan o‘tkazgan iste’molchilar kayfiyati so‘rovnomasiga ko‘ra, noyabr oyida bu ko‘rsatkich yillik hisobda qariyb 28 foizga pasaygan. Bu aholining ortiqcha xarajatlardan tiyilayotganini ko‘rsatadi.

KPMG iqtisodchisi Martin-Shyonbergerning fikricha, kasodlar sonining ortishi iqtisodiyotdagi noaniqlik belgisidir. Uning ta’kidlashicha, «iqtisodiyot qog‘ozda kuchli ko‘rinishi mumkin, ammo bu barcha tarmoqlarda birdek aks etmayapti».

Shu bilan birga, AQSH iqtisodiyoti 2025 yilning uchinchi choragida yillik hisobda 4,3 foizga o‘sgani ma’lum qilindi. Biroq ushbu o‘sish korporativ sektordagi qiyinchiliklarni to‘liq bartaraf etmagani ko‘rinib turibdi.

Teglar

Mavzuga oid