Logo

Turkmanistonda prezidentning amakivachchasiga tegishli bo‘lgan tijoriy binolar buzib tashlandi

Bugun 10:403 daqiqa

Davlat rahbari shu paytgacha ko‘plab qarindoshlarining bizneslarini yopib, ularni ishdan bo‘shatgan. Masalan, barlardan birida mast holda janjal chiqargan amakivachchasi va korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan qarindoshini lavozimidan chetlatgan. Ammo bu galgi ijarachini prezidentning ammasi himoya qilib qolgan. Uning asosiy ijarachisi narkotik moddalar bilan ushlangandi.

Turkmanistonda prezidentning amakivachchasiga tegishli bo‘lgan tijoriy binolar buzib tashlandi © Turkmen News

Ashxobodning 30-mikrorayonida yaqinda bir qator binolarning buzib tashlanishi ortida prezident Serdar Berdimuhamedovning shaxsiy ko‘rsatmasi turgan bo‘lishi mumkin. «Turkmen.news» manbasining ma’lum qilishicha, ushbu hududdagi tijoriy binolar davlat rahbarining amakivachchasi — Botir Davletovga tegishli bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Davletovning asosiy ijarachilaridan biri narkotik moddalarni iste’mol qilish va tarqatishda gumon qilinib, qo‘lga olingan. Shundan so‘ng prezident Serdar Berdimuhamedov amakivachchasi ijaraga berib kelgan hududni tozalash, ya’ni u yerdagi binolarni buzish haqida ko‘rsatma bergani aytilmoqda.

Nashr manbasiga ko‘ra, Botir Davletov — Turkmanistonning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning singlisi Gulnabad Davletovaning o‘g‘li. Davletov ushbu hududdagi binolarni turli tadbirkorlarga ijaraga bergan. Ular orasida eng ko‘p obyektni Begli ismli tadbirkor egallagan. U bu yerda avtomoyka, avtomobil ta’mirlash ustaxonasi, avtoturargoh va bir nechta do‘konni boshqargan.

Manbaga ko‘ra, Begli Davletovning oddiy ijarachisigina emas, balki uning moliyaviy hamkori ham bo‘lgan. Aytishicha, Begli bir kunda 1000 dollargacha daromad qilgan. Bir muddat oldin Ichki ishlar vazirligi xodimlari tadbirkorni narkotik moddalarni iste’mol qilgani uchun ushlagan. Shuningdek, u taqiqlangan moddalar savdosi bilan ham shug‘ullangani iddao qilinmoqda.

Prezident bu voqeadan xabar topgach, qattiq g‘azablangan va qarindoshiga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulkni buzishga buyruq bergani aytilmoqda. Hududdagi do‘konlar va boshqa tijoriy obyektlar bilan bir qatorda, turarjoylar ham buzib tashlangan.

Turkmanistonda xavfsizlik va huquqni muhofaza qiluvchi organlar narkotik moddalar bilan bog‘liq ishlar figurantlariga nisbatan juda qattiq choralar ko‘rishi bilan ma’lum. Bu shaxs narkotik moddalarni iste’mol qilganmi yoki tarqatganmi, unga qo‘yilgan ayblovlar haqiqiymi yoki asossizmi — bundan qat’i nazar, oqibatlar og‘ir bo‘lishi mumkin.

Biroq Begli eng og‘ir jazo va hibsdan qutulib qolgani aytilmoqda. Manbaga ko‘ra, uni biznes hamkorining onasi — Gulnabad Davletova himoya qilib qolgan. Unga nisbatan tergov davom etyaptimi yoki yo‘qmi — noma’lum. Gulnabad Davletova avval Turkmaniston Milliy Qizil yarim oy jamiyatiga rahbarlik qilgan va mamlakatdagi eng nufuzli ayollardan biri bo‘lgan.

Biroq Serdar Berdimuhamedov hokimiyatga kelgach, uning otasi tomonidan bo‘lgan ammalari, ularning farzandlari va kuyovlarining mavqei ancha zaiflashgani haqida xabarlar tarqalgan. Manbalarga ko‘ra, amaldagi prezident oilasining jamoatchilik oldidagi obro‘siga juda katta e’tibor beradi va uning nomi yoki oilasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ygan qarindoshlariga nisbatan qattiq chora ko‘radi.

Masalan, Serdar Berdimuhamedov hali vitse-premer bo‘lib turgan paytda amakivachchasi Shomurod Rajabovga tegishli tungi do‘konlarni yoptirgan. Ammo bu cheklovlar keyinchalik bekor qilingan. Rajabov avval ham biznes manfaatlari yoki odob-axloq me’yorlariga zid xulq-atvori bilan bog‘liq turli janjallar markazida bo‘lgan. 2022-yilda esa yangi prezident Gulnabad Davletovani lavozimidan ketishga majbur qilgan. Shuningdek, uning kuyovi Ibabekir Bekdurdiyevga tegishli bo‘lgan ikki restoranni ham buzishga buyruq berilgan. Ularning Botanika bog‘i hududida qonunga xilof ravishda joylashtirilgani aytilgan.

2023-yilda prezidentning yana ikki qarindoshi lavozimidan ayrilgan. Prezidentning amakivachchasi Ahmed Geldimurodov «Turkmengaz» davlat konserni raisining o‘rinbosari lavozimidan ishdan bo‘shatilgan. Bunga uning barlardan birida mast holda janjal chiqargani sabab bo‘lgani aytilgan. Yana bir qarindoshi — Rahimberdi Eshonguliyev «Turkmaniston aviakompaniyasi» AJ bosh direktori o‘rinbosari lavozimidan chetlatilgan. Manbalar uning aviatsiya sohasidagi korrupsiya bilan bog‘liq holatlar sabab ishdan bo‘shatilganini bildirgan.

Shu bilan birga, 30-mikrorayondagi binolarning aynan Botir Davletov yoki uning hamkorlarining xatti-harakatlari sabab buzilganini tasdiqlovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalillar mavjud emas.

Teglar

Mavzuga oid